O‘zbekiston | 18:01 / 17.08.2022
13503
2 daqiqa o‘qiladi

Nega iste’molchilarga gazdan uzilishi mumkinligi haqida SMS yuborilmoqda?

“Hududgazta’minot” matbuot xizmati Kun.uz'ning shu haqdagi savoliga javoban ma’lum qilishicha, tizimda yangi dasturiy ta’minot ishga tushgan. Uning yordamida iste’molchilarning gaz uskunalari holati nazorat qilinadi. Nostandart vositalar (masalan, eski “gorelka”lar)dan foydalanayotgan va gaz uskunalarini vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazmagan xonadonlar ta’minotdan uziladi.

“Hududgazta’minot” AJ iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatilishi mumkinligi haqida SMS-xabarnoma jo‘natmoqda. Kun.uz ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida “Hududgazta’minot” AJ matbuot xizmati bilan bog‘landi.

Ma’lum qilinishicha, “Hududgaz raqamlashtirish” tashkiloti tomonidan gaz uskunalarining holati to‘g‘risida ma’lumotlarni masofadan yig‘ish hamda har bir abonent bo‘yicha tabiiy va suyultirilgan gazdan foydalanishni nazorat qilishga imkon beruvchi “HGT Service” dasturiy ta’minoti ishlab chiqilgan.

Yangi dasturiy ta’minotga abonentning shaxsiy ma’lumotlari, xonadon geolokatsiyasi, telefon raqami, iste’molchida maishiy gaz uskunalarining mavjudligi va ularning texnik holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritilgan.

“HGT Service” dasturi gaz yetkazib beruvchi va iste’molchi o‘rtasida gaz uskunalariga profilaktik va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblarni tartibga solish va ularni naqd pulsiz amalga oshirishga imkon beradi. Ko‘rsatilgan servis xizmatlar uchun to‘lov (invoys) SMS orqali onlayn rejimida taqdim etish yo‘li bilan amalga oshiriladi va bu to‘g‘risidagi xabar xizmat tugagandan so‘ng darhol iste’molchining telefoniga yuboriladi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, O‘zbekistonda hovli uylarda gaz jihozlariga texnik xizmat ko‘rsatish davriyligi yiliga kamida bir marta, ko‘p qavatli uylarda – ikki yilda bir marta etib belgilangan”, – deyiladi Kun.uz'ga taqdim etilgan rasmiy axborotda.

Mavzuga oid