Jamiyat | 18:21 / 17.08.2022
15926
4 daqiqa o‘qiladi

“Qonun kuchga kirgach, O‘zbekistondagi barcha reklamalar davlat tilida bo‘lishi shart” - Ilhom Abdullayev

“Reklama to‘g‘risida”gi qonun 8 sentabrdan kuchga kirgach, O‘zbekistondagi barcha reklamalar davlat tilida taqdim etilishi shart, dedi parlament qo‘mitasi raisi Ilhom Abdullayev. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu norma reklamalarning tarjimalarini boshqa tillarda e’lon qilishga taqiq qo‘ymaydi, shu jumladan rus tiliga ham.

Foto: Kun.uz

Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi Ilhom Abdullayev reklamaning davlat tilida berilishi shartligi ko‘rsatilgan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri bo‘yicha fikr bildirdi.

“So‘nggi paytlarda reklama axborotining tili masalasida turli xil munozaralar paydo bo‘lmoqda. Shu sababli men ham ushbu masalada o‘z fikr va mulohazalarimni bildirishimga to‘g‘ri keldi.

Birinchi navbatda shahar axborot muhiti milliy axborot makonining ajralmas qismi ekanligini anglab olish lozim. Bir davlatdan ikkinchi davlatga sayohat qilayotgan har bir inson buni osongina anglashi mumkin. Yevropa shaharlari reklamasining landshafti Osiyo shaharlarinikidan tubdan farq qiladi. Ushbu farq har bir elementda aks etadi – reklama joyi konstruksiyalarida, texnik jihozlarida va albatta asosiy attribut hisoblanmish reklama axborotini yetkazishning tilida”, – deya yozgan deputat.

U o‘z maqolasida qonunning 6-moddasini keltirib o‘tgan:

6-modda. Reklamaning tili

O‘zbekiston hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatiladi.

Reklama mazmunining tarjimasi quyidagi talablarga rioya etgan holda boshqa tillarda takror berilishi mumkin:

  • reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi asosiy ma’nosini buzib ko‘rsatmasligi kerak;
  • tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining 40 foizidan oshmasligi kerak;
  • reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining o‘lchami O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matni harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi kerak;
  • tele- va radiokanallarda, shuningdek bosma nashrlarda tarqatiladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi har kungi umumiy reklama hajmining 20 foizidan oshmasligi kerak.

Ushbu modda birinchi va ikkinchi qismlarining amal qilishi:

  • faqat chet tillarda e’lon qilinadigan bosma nashrlarda va noshirlik mahsulotining boshqa turlarida joylashtiriladigan reklamaga;
  • ko‘rsatuvni (eshittirishni) chet tillarda amalga oshiruvchi ommaviy axborot vositalarining tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlarini namoyish etish (eshittirish) jarayonida joylashtiriladigan reklamaga;
  • internet jahon axborot tarmog‘idagi materiallarni faqat chet tillarda joylashtiradigan veb-saytlarning axborot resurslariga joylashtiriladigan reklamaga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari), bosma usulda terilgan bo‘g‘inli belgilar (logotiplar) asli qaysi tilda bo‘lsa, shu tilda keltirilishi mumkin.

Ilhom Abdullayev keltirgan misol

“O‘ylaymanki, mazkur moddada hamma narsa oddiy va tushunarli qilib yozilgan.

Qonunning qabul qilinishi bilan mamlakatimizdagi barcha reklamalar, shu jumladan tashqi reklama davlat tilida taqdim etilishi shart. Biroq, ushbu norma reklama beruvchilarga bunday reklama axborotlarining tarjimalarini va taqdimotlarini boshqa tillarda e’lon qilishlariga taqiq qo‘ymaydi. Shu jumladan rus tiliga ham”, – deydi Ilhom Abdullayev.

Qonun 8 sentabrdan e’tiboran kuchga kiradi.

Mavzuga oid