Jahon | 14:38 / 17.08.2022
34275
8 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy nima uchun ukrainlarni Rossiya hujumi haqida ogohlantirmagandi? Washington Post surishtiruvi

Rossiya tanklari Ukraina chegarasini kesib o‘tib, Kiyev tomon harakatlana boshlashidan bir necha kun oldin prezident Volodimir Zelenskiy fuqarolarga xavotirlanmaslik va «may shashlikxo‘rligi»ga tayyorlanishni maslahat qilgandi. Ammo bu vaqtda G‘arb nashrlari yarim yil davomida Kremlning Ukrainaga bostirib kirish bo‘yicha «aqlga sig‘mas rejalari» haqida yozib kelayotgandi.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Amerikaning Washington Post nashri Ukraina hukumati Rossiyaning hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgani to‘g‘risida qanday ma’lumot olib turgani va bunga qanday munosabatda bo‘lganini tasvirlaydigan keng qamrovli surishtiruvni (obuna bo‘lish talab etiladi) e’lon qildi. Nashr jurnalistlari AQSh, Ukraina, Yevropa va NATOdagi yuqori martabali shaxslarni ham o‘z ichiga oladigan 30 dan ortiq manba bilan suhbatlashgan, ularning ayrimlari shaxsi sir qolishini so‘ragan.

Bundan tashqari, Washington Post prezident Zelenskiyning o‘zidan ham intervyu olgan, u so‘nggi lahzalargacha yaqinlashib kelayotgan keng ko‘lamli urush to‘g‘risida aholini ogohlantirmaslikka qaror qilganida qanday maqsadlarni ko‘zlaganini tushuntirishga uringan.

«Aqlli mamlakat bunday yo‘l tutishi mumkin emas»

Washington Post ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil oktyabrida Oq uyda Amerika prezidenti Jo Bayden razvedka xizmatlari, harbiy qo‘mondonlik va diplomatik sektor rahbarlari ishtirokida shoshilinch yig‘ilish o‘tkazgan. Bu yig‘ilish Rossiyaning Ukrainaga bosqinga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi razvedka ma’lumotlariga bag‘ishlanadi. Razvedka xizmatlari hisoboti o‘sha kunlarda olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, tutib qolingan xabarlar va manbalar bilan so‘zlashuvlarga asoslangandi.

O‘sha kuzda Bayden ma’muriyati qisqa vaqt ichida bir necha marta Ukraina masalasida yig‘ilish chaqiradi. Nashr suhbatdoshlari qayd etishicha, o‘shanda Oq uyda bo‘lganlarning ayrimlari Rossiya yetakchisining bu qadar ulkan ambitsiyalarini qabul qilishi qiyin bo‘lgan: ular «aqlli mamlakat bunday yo‘l tutishi mumkinligi»ga ishonishmagan.

AQSh prezidenti Ukrainaga bosqin kutilayotgani haqidagi ilk ma’lumotlarga 2021 yil oktyabridayoq ega bo‘lgandi.
Foto: EPA

Washington Post Amerika razvedkasi ma’lumotlariga asoslanib yozishicha, RF qo‘shinlari Ukrainaning katta qismini egallab olishni ko‘zlagandi. Xususan, ular Belarus tomondan harakatlanib, 3-4 kun ichida Kiyevni o‘rab olishni rejalashtirgan. Rossiya maxsus bo‘linmalari Zelenskiyni topib, uni hokimiyatdan chetlashtirishi va Ukrainada Kreml bilan do‘stona ishlaydigan qo‘g‘irchoq rejim o‘rnatilishi maqsad qilingandi.

Bunga parallel ravishda Rossiya qo‘shinlari sharqdan harakatlanib, Ukraina markazi orqali Dneprgacha yetib borishi, Qrimdan chiqqan qo‘shinlar esa janubiy-sharqiy sohillarni egallashi ko‘zda tutilgan. Bu harbiy harakatlar, Kremlning rejalariga ko‘ra, bir necha hafta davom etishi mumkin edi. Qayta guruhlanish va qayta qurollanish uchun tanaffus qilingach, rossiyalik harbiylar janubda Moldova, shimolda Belarus bilan tutashadigan shartli chiziqqa yetib borish uchun g‘arb tomon harakatlanishi kerak bo‘lgan.

Ukraina g‘arbidagi kichik hududgina Rossiya okkupatsiyasidan xoli qolishi kerak edi. Washington Post xabariga ko‘ra, u yerda, Putinning fikricha, «tuzalmas neonatsistl-rusofoblar» yashashda davom etishi mumkin edi.

AQSh razvedkasi bu ma’lumotlarni Ukraina rahbariyatiga yetkazgan, ammo, nashrda qayd etilishicha, Kiyevdagilar unga skeptik (ishonchsizlik bilan) yondashgan. Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba buni Ukraina batafsil ma’lumot berishni so‘ragani, ammo bunday ma’lumot taqdim etilmagani bilan izohlagan.

12 yanvar kuni Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Byorns Kiyevda prezident Zelenskiy bilan uchrashadi va unga razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Ukraina poytaxtiga yashin tezligida zarba berish hamda markaziy hokimiyatni boshsiz qoldirishni niyat qilgani haqida aytadi. Shuningdek, AQSh tomoni Rossiya avvaliga Kiyev atrofidagi Gostomel aerodromiga desant tushirish va shu yerdan Kiyevni shturm qilishni boshlashga urinib ko‘rishi mumkinligini taxmin qilgan.

(Bu prognozlar to‘liq amalga oshdi: Ukrainaga hujum qilgan Rossiya qo‘shinlarining ilk amaliyoti Gostomeldagi aerodromni qo‘lga olishga urinish bo‘ldi, bu hududdagi janglar vaqtida dunyodag eng yirik samolyot - ukrainlarning An-225 «Mriya»si ham yo‘q qilindi)

Washington Post’ning yozishicha, Oq uydagi maxfiy uchrashuvda Bayden Rossiya prezidenti Vladimir Putinni yoki tiyib qo‘yish, yoki unga qarshi turish kerakligi - va AQSh bunda mustaqil harakat qilmasligi kerakligi haqida qarorga kelgan.

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeykob Sallivanning so‘zlariga ko‘ra, Jo Bayden Putinni Ukrainaga hujum oqibatlaridan ogohlantirish uchun Moskvaga elchi jo‘natishga qaror qilgan.

Amerika prezidenti shuningdek razvedka ma’lumotlarini ittifoqchilar bilan bo‘lishish va ularni RFga qarshi turish hamdja Ukrainaga birgalikda yordam ko‘rsatish zarurligiga ishontirishga buyruq bergan.

«Mamlakatda xaos yuzaga kelgan bo‘lardi»

Washington Post nashriga berilgan intervyuda prezident Zelenskiy AQShdan Rossiya tahdidi haqida ma’lumot kelganini tan olgan. U shuningdek yanvar oyidagi MRB rahbari Byorns bilan uchrashuvini ham eslaydi.

Zelenskiy urushdan oldingi siyosati to‘g‘ri bo‘lganiga ishonchi komil. Fotoda - Mariupolda Rossiya hujumidan keyingi vayrongarchiliklar.

Ammo Zelenskiy G‘arbdagi hamkorlar hujum ehtimoli to‘g‘risida batafsil ma’lumot bermagani, balki bu haqda «umumiy so‘zlar» bilan gapirishganini aytadi.

«Men o‘shanda Byorns aytgan hamma gapni aytishga tayyor emasman, ammo uning asosiy signali mening hayotimga tahdid haqida edi. Va bu birinchi signallar emasdi - bunday gaplar hamma tomondan kelardi, bizning maxsus xizmatlarimizdan, xorijlik hamkasblarimizdan va boshqalardan ham», degan ukrainlar prezidenti Amerika gazetasiga.

U mamlakat fuqarolariga bu tahdid haqida aytmaganini xaos va iqtisodiy muammolar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurati bilan izohlagan. Zelenskiy shunday raqamlarni keltiradi: hozirda Ukraina urush tufayli oyiga 5-7 mlrd dollar yo‘qotmoqda. Uning ishonch bilan aytishicha, qishda, isitish tizimi ishlashi kerak bo‘lgan davrda mamlakat bunday yuklamaga dosh berolmagan bo‘lardi.

«Siz menga shunchaki bunday deya olmaysiz: «Eshit, sen odamlarni tayyorlashing va hozir ular pul hamda oziq-ovqat g‘amlashni boshlashi kerakligini aytishing kerak». Agar biz buni aytganimizda - buni esa men ismlarini keltirishni istamagan ayrim odamlar xohlashgandi - u holda o‘tgan yil oktyabridan boshlab oyiga 7 mlrd dollar yo‘qotardik. Rossiyaliklar hujum boshlaganida esa ular bizni uch kun ichida bosib olishardi. Agar biz bosqindan oldin odamlarni xaos ichiga tashlab qo‘ysak, rossiyaliklar bizni yeb tashlardi», degan Zelenskiy.

U o‘z qarorini to‘g‘ri va hujumga yaxshiroq tayyorlanishga yordam bergan deb hisoblaydi. «Bosqin boshlanganida shunday bo‘ldi - biz imkon qadar kuchli edik», deb hisoblaydi Ukraina prezidenti.

Davlat rahbari yordam uchun AQShga minnatdorchilik bildirgan. Shu bilan birga, Ukrainaga Rossiya bosqinini qaytarish uchun ittifoqchilardan ko‘proq hajmda qurollar kerakligini ta’kidlagan.

«Kimdir menga ular qandaydir signallar yuborganini iddao qila boshlasa, men shunday deyman: «Bizga qurol yuboring». Men mutlaqo haq edim va bugun ham bunga aminman», degan Zelenskiy intervyuda.

Mavzuga oid