Jahon | 19:54 / 19.08.2022
23619
2 daqiqa o‘qiladi

WSJ: Jinping Samarqandda o‘tadigan ShHT sammitida Putin bilan uchrashmoqchi

Wall Street Journal manbalariga ko‘ra, Xitoy rahbarining Rossiya prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazish qaroriga AQSh vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga tashrifi sabab bo‘lgan.

Foto: TASS

XXR raisi Si Jinping sentabrda bo‘lib o‘tadigan ShHT sammitida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Wall Street Journal gazetasi.

"Xitoy rahbari Si Jinpingning sentabrda bo‘lib o‘tadigan mintaqaviy sammitda Vladimir Putin va boshqa rahbarlar bilan uchrashuv o‘tkazishi uchun safar tayyorgarligi ko‘rilmoqda", - deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, Si Jinpingning Putin bilan uchrashuv o‘tkazish qaroriga AQSh vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga tashrifi sabab bo‘lgan.

"Samarqandga tashrif Sining G‘arbning Xitoyni tiyib turish uchun qilayotgan sa’y-harakatlariga qarshi turish uchun AQSh ittifoqchilari bo‘lmagan mamlakatlar bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi maqsadini tasdiqlaydi", - deb yozadi gazeta o‘z manbalariga tayanib.

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Si Jinping shuningdek, Pokiston, Hindiston va Turkiya rahbarlari bilan ham uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Bu Si Jinpingning koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon qariyb uch yil ichidagi birinchi xorijiy safari bo‘ladi.

ShHT sammiti 15-16 sentabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid