O‘zbekiston | 07:38 / 20.08.2022
2723
2 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hokim yordamchisi faoliyati samaradorligi oshiriladi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimlari yordamchilari faoliyati samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha namunaviy konsepsiya tasdiqlandi.

Konsepsiya asosiy vazifalari:

  • mahallalar “o‘sish nuqtalari”ni (ixtisoslashuv yo‘nalishlarini) aniqlash;
  • yangi tadbirkorlikni, “drayver” loyihalarni amalga oshirishda tashabbuskorlarga ko‘maklashish va shu orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlash;
  • mahalla ixtisoslashuvidan kelib chiqib, aholi kambag‘al qatlami daromadini, kambag‘al aholi bilan manzilli ishlash yo‘llari samaradorligini oshirish;
  • har bir mahalla infratuzilmasini shakllantirish ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash, davlat tasarrufidagi infratuzilma obektlari, yer uchastkalari, bo‘sh turgan obektlardan DXSh asosida samarali foydalanish;
  • “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar muammolarini o‘rganish va hal qilish;
  • kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, tadbirkorlikka va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatiga jalb etish bo‘yicha manzilli ko‘maklashish.

Konsepsiya har yili yanvar oyida, joriy yilda, istisno tariqasida, sentabr oyida hokim yordamchisi tomonidan ishlab chiqiladi, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarida har tomonlama muhokama qilinadi hamda tasdiqlash uchun tuman (shahar) hokimiga kiritiladi.

Hokim yordamchilari tasdiqlangan konsepsiya ijrosi yuzasidan har oyda - fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari yig‘inlarida, har chorakda - tegishli tuman (shahar) hokimiga hamda yil yakuni bo‘yicha - xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga hisobot taqdim etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid