Jahon | 15:30 / 20.08.2022
32490
12 daqiqa o‘qiladi

Turk harbiy texnikasi bayroqdori – «Bayraktar» dronlari haqida nimalar ma’lum?

2014 yilda Turkiyaning «Baykar Makina» kompaniyasi «Bayraktar TB2» nomi bilan harbiy dronlarni ishlab chiqara boshladi. «Bayraktar TB2» uchuvchisiz boshqariladigan qurilmalar orasida tom ma’noda inqilob qila oldi. Bugun bu dronga talab katta bo‘lib, unga ko‘plab davlatlar buyurtma bermoqda.

Dunyo rivojlangan sari yangidan yangi texnikalar kashf etilmoqda. Shu jumladan harbiy sanoatda ham. Ana shunday texnikalardan biri – bu Turkiyada ishlab chiqarilayotgan Bayraktar uchuvchisiz boshqariladigan qurilmalari hisoblanadi.

Dvigatelining ot kuchi avtomobil dvigateliga teng bo‘lgan Bayraktar dronlarining yoqilg‘i sarfi ham uncha ko‘p emas. Ular soatiga o‘rtacha 10 litrdan sal ko‘proq yoqilg‘i sarflaydi.

Bundan tashqari, ularni eski rusumdagi havo hujumidan mudofaa tizimlari umuman payqamaydi. Bayraktar’ning ana shunday xususiyatlari xaridorlarni o‘ziga jalb qilmoqda.

Foto: yeniakit

Bayraktar tarixi

Garchi Turkiya NATOga a’zo bo‘lsa ham, kurdlar masalasi tufayli AQSh ancha yillar avval bu davlatga o‘zining uchuvchisiz boshqariladigan qurilmalarini sotishni taqiqlab qo‘ygandi. Shu sababli turkiyalik harbiy muhandislar o‘z dronlarini yaratish ustida ish boshlashdi va bu borada juda katta muvaffaqiyatga erishishdi.

Bayraktar dronlarini «Baykar Makina» ishlab chiqaradi va kompaniyaning tarixi o‘tgan asrning 80-yillariga borib taqaladi.

1986 yilda O‘zdemir Bayraktar avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Baykar Makina» kompaniyasini tashkil etadi.

«Baykar Makina» kompaniyasi asoschisi O‘zdemir Bayraktar / Foto: Anadolu Agency

Kompaniya uzoq yillar davomida o‘z ixtisosi bo‘yicha mahsulot ishlab chiqaradi va Turkiyadagi taniqli kompaniyalardan biriga aylanadi. Shuningdek, o‘tgan yillar mobaynida kompaniyaning aylanma mablag‘i ham ancha oshadi.

2000 yildan boshlab «Baykar Makina» kompaniyasi aviatsiya sanoatiga kirib keladi va uchuvchisiz boshqariladigan qurilmalar loyihasi bo‘yicha ishlarni boshlab yuboradi.

Foto: ekonomi.haber7

Bu orada oilaning o‘rtancha o‘g‘li Saljuq Bayraktar AQShdagi nufuzli Massachuset texnologiya institutida tahsil oladi. U 2005 yilda o‘zining ilk droni Bayraktar Mini’ni yasab chiqadi.

Saljuqning ushbu droni turk harbiylarini qiziqtirib qoladi. Ular buyurtma berib Bayraktar Mini’dan 19 dona sotib olishadi.

2007 yilda Seljuk Bayraktar dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgach Turkiyaga qaytib keladi uchuvchisiz qurilmalar loyihalariga jiddiy kirishadi.

Saljuq Bayraktar

2009 yilda u jamoasi bilan «Bayraktar TB1» dronini yasab chiqadi. O‘shanda mazkur drondan faqat ikkita nusxada yasalgan edi. Shundan so‘ng Saljuq «Bayraktar TB1» uchuvchisiz qurilmasini mukammallashtirish ustida ishlay boshlaydi.

Nihoyat 2014 yilda «Baykar Makina» kompaniyasi «Bayraktar TB2» dronini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazadi va uni seriyali ishlab chiqara boshlaydi.

O‘sha yili avgust oyida «Bayraktar TB2» droni uchuvchisiz qurilmalar orasida eng uzoq parvoz bo‘yicha rekord o‘rnatadi. U bir uchishda 8 ming metr balandlikda 24 soat 34 minut davomida to‘xtovsiz parvoz qiladi.

Saljuq Bayraktar 2016 yilda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning qizi Sumayya Erdo‘g‘anga uylangan.

Saljuq Bayraktar rafiqasi va farzandi bilan / Foto: medium.com

«Bayraktar TB2»ning konstruksiyasi

«Bayraktar TB2»ning ko‘rinishi kichik samolyotni eslatadi. Uni kichik shinalar o‘rnatilgan uchta oyog‘i ushlab turadi. Yaqingacha, «Bayraktar TB2» Kanadaning Bombardier Recreational Producs kompaniyasi tomonidan tayyorlangan 100 ot kuchiga ega bo‘lgan Rotax 912 ichki yonuv dvigateli bilan jihozlanardi.

2020 yilning kuzida Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘ uchun bo‘lib o‘tgan urushda ozarlar «Bayraktar TB2»dan foydalangani uchun Kanada kompaniyasi «Baykar Makina» kompaniyasiga dvigatel yetkazib berishni to‘xtatdi. Shundan so‘ng «Bayraktar TB2»ga Ukrainada tayyorlangan dvigatellar o‘rnatila boshlandi.

«Bayraktar TB2» quyidagi jihozlar bilan jihozlanadi:

  • Modulli elektron-optik va infraqizil kameralar;
  • Lazerli masofa o‘lchagich;
  • Lazerli nishonni aniq ko‘rsatuvchi qurilma;
  • Ko‘pfunksiyali, faol fazaga ega antennali radar;
  • Eski rusumdagi havo hujumidan mudofaa tizimlarini zararsizlantiruvchi qurilma;
  • Radioelektron qurilmalarga qarshi tizim.

Avtonom navigatsiya tizimi, yuqori sifatli optik-elektron modul bilan jihozlangan «Bayraktar TB2»ni eski turdagi havo hujumidan mudofaa qurilmalari nishonga ololmaydi. Bu unga dengiz sathidan 7 ming metrdan yuqorida turib nishonlarni aniq mo‘ljalga olish imkonini beradi.

Bayraktar TB2 / Foto: yenisafak

2020 yilning kuzida Kanada kompaniyasi CMX-15D Wescam optik-elektron modulini yetkazib berishni ham to‘xtatgach, dronga Turkiyaning o‘zida tayyorlangan «Aselsan CATS» optik-elektron moduli o‘rnatila boshlandi.

«Bayraktar TB2»ga tanklarga qarshi qo‘llanuvchi, 500 metrdan 8 ming metrgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan UMTAS lazerli raketalar o‘rnatiladi.

Bundan tashqari, to‘rtta 8 ming metr masofadagi obektlarga zarba berish uchun mo‘ljallangan Bozok, Roketsan MAM-C, MAM-L aviabombalari bilan jihozlanadi.

«Bayraktar TB2» ning texnik tavsiflari

  • Uzunligi: 6,5 metr;
  • Qanotlarining uzunligi: 12 metr;
  • Yuk bilan og‘irligi: 650 kilogramm;
  • Yoqilg‘i bak sig‘imi: 300 litr;
  • Dvigatel quvvati: 100 ot kuchi;
  • Maksimal tezligi: soatiga 222 kilometr;
  • Boshqaruv markazidan boshqarish radiusi: 150 kilometr;
  • Maksimal balandlik: 8200 metrgacha ko‘tarila oladi;
  • To‘xtovsiz ucha olish vaqti: 27 soat;
  • Yuk ko‘tarish quvvati: 150 kilogramm;

Kimda qancha «Bayraktar TB2» bor?

2011 yilda Turk kuch ishlatar tizimlari 107 ta «Bayraktar TB2» uchuvchisiz qurilmasini olgan.

2017 yilda Qatarga 6 ta dron va ularni boshqarish uchun uchta ko‘chma stansiya sotilgan.

2018 yilda Ukraina 6 ta dron va ularni boshqarish uchun 3 ta ko‘chma stansiya olish uchun shartnoma tuzgan. Dronlar 2019 yilda yetkazib berilgan.

2021 yil sentabr oyida Ukraina yana 48 ta dron sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Shuningdek, Ukraina va Turkiya «Bayraktar TB2»ni hamkorlikda ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

2022 yil 24 fevral kuni Rossiya bostirib kirganidan keyin Ukrainaga bir qancha dronlar yetkazib berildi. Ularning aniq soni haqida ma’lumotlar yo‘q.

Iroq 8 ta dron sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Ozarboyjon 2020 yilda turk dronlaridan sotib olgan va ularning aniq soni ma’lum emas. 2020 yil kuzda Tog‘li Qorabog‘ uchun kechgan urushda ozarlar «Bayraktar TB2»dan janglarda muvaffaqiyatli foydalandi va dronlar Aramaniston ustidan qozonilgan g‘alabada asosiy rolni bajardi.

2021 yilda Turkmaniston, 2022 yilda Qirg‘iziston hamda Efiopiya ham bir nechta dron sotib olganini ma’lum qildi.

Ayni damda Liviya, Marokash, Niger, Pokiston bir nechtadan «Bayraktar TB2»ga buyurtma bergan.

«Bayraktar TB2»dan eng ko‘p Turkiyaning o‘zi foydalanmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra bugungi kunda Turkiya armiyasining quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondonligi ixtiyorida 33 ta, Harbiy-dengiz kuchlarida 4 ta, turk jandarmeriyasida 18 ta «Bayraktar TB2» bor.

6ta dron va ularni boshqarish uchun ikkita ko‘chma markaz, 200 dona o‘q-dori va boshqa qo‘shimcha uskunalari bilan «Bayraktar TB2» 70 million dollar turadi.

«Bayraktar TB2» harbiy harakatlarda

«Bayraktar TB2»dan shu paytgacha:

  • 2016 va 2018 yillarda Turkiya Suriya shimolidagi kurd ayirmachilari bazalariga zarba berishda;
  • 2019 yilda Turkiya Liviyada genaral Xaftar armiyasiga qarshi janglarda;
  • 2020 yilning kuzida Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘ uchun kechgan janglarda;
  • 2021 yilda Ukraina Donbass ayirmachilariga qarshi o‘tkazilgan harbiy amaliyotlar chog‘ida;
  • 2022 yil 24 fevraldan keyin Ukraina o‘z hududiga bostirib kirgan Rossiya armiyasiga qarshi foydalangan.
Foto: focus.ua

Boshqa loyihalar

Baykar Makina kompaniyasi so‘nggi yillarda yana bir qator loyihalar ustida ish olib borgan. Jumladan, turli rusumlardagi Bayraktar Akıncı, Bayraktar MIUS, Bayraktar Mini UAV, Vestel Karayel va Bayraktar TB3 dronlari ham ishlab chiqarilgan.

Bayraktar Akıncı

Bayraktar Akıncı dronining fotosuratlari OAVda ilk bor 2018 yilda paydo bo‘ladi. Ana shunda omma turkiyalik muhandislar «Bayraktar TB2»dan ancha yirik va mukammal bo‘lgan uchuvchisiz boshqariladigan qurilma yasab chiqishgani haqida xabar topishdi.

Bayraktar Akıncı’ning texnik tavsiflari:

  • Uzunligi: 12,2 metr («Bayraktar TB2»dan bir barobar uzun);
  • Qanotlarining uzunligi: 20 metr («Bayraktar TB2»dan 8 metr uzun);
  • Balandligi: 4,1 metr;
  • Yuk bilan og‘irligi: 5500 kilogramm («Bayraktar TB2»da 650 kilogramm);
  • Yuk ko‘tarish quvvati: 900 kilogramm («Bayraktar TB2»da 150 kilogramm);
  • Bayraktar Akıncı’ga Ukrainada tayyorlangan 450 ot kuchiga ega ikkita turbovintli dvigatel o‘rnatilgan.
Bayraktar Akıncı / Foto: onedio

Bayraktar TB3

Bayraktar TB3 dronlari endi ishlab chiqarilmoqda va ilk parvozi joriy yilda amalga oshirishi belgilangan. Mazkur dronning sinov parvozi 2021 yilda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.

Kelajakda Bayraktar TB3 dronlarini Turkiya harbiy-dengiz kuchlariga qarashli kemalarga ham joylashtirish reja qilinmoqda.

Bayraktar TB3 ning texnik tavsiflari:

  • Uzunligi: 8,35 metr (Bayraktar TB2da 6,5 metr);
  • Balandligi: 2,6 metr;
  • Qanotlarning umumiy uzunligi: 14 metr (Bayraktar TB2da 12 metr);
  • Yuk bilan og‘irligi: 1450 kilogramm (Bayraktar TB2da 650 kilogramm);
  • Yuk ko‘tarish quvvati: 280 kilogramm (Bayraktar TB2da 150 kilogramm);
  • Maksimal tezligi: Soatiga 300 kilometr (Bayraktar TB2da soatiga 222 kilometr);

Bayraktar TB3 ham bir qator raketalar va snaryadlar bilan jihozlanadi. Jumladan, tanklarga qarshi qo‘llanuvchi L-UMTAS raketa kompleksi, nishonlarga aniq uruvchi MAM-C, MAM-L va MAM-T o‘qlari, Roketsan Cirit raketa tizimi, TUBITAK-SAGE BOZOK lazerli mo‘ljalga ega raketalari, TUBITAK-SAGE TOGAN minomyotli snaryad va TUBITAK-SAGE KUZGUN o‘qlari bilan qurollanadi.

Texnik imkoniyatlaridan ko‘rish mumkin, «Bayraktar TB3» dronlari «Bayraktar TB2»ga qaraganda mukammalroq qilib yasalgan. Shuningdek, ular avvalgi dronlarga qaraganda ko‘proq raketa va snaryadlar bilan jihozlanadi.

Bayraktar TB3 / Foto: thedrive

Juda ko‘pchilik soha mutaxassislari «Bayraktar TB2 va «Bayraktar TB3»ni uchuvchisiz boshqariladigan qurilmalar orasida eng mukammal deb bilishadi. Turk muhandislarini esa dron ishlab chiqarish sanoatida haqiqiy inqilob qilgan deb hisoblashadi.

Bu gaplarda jon bor. Turkiya aynan shu dronlar tufayli o‘zining harbiy qudratini oshirdi va Yevropa, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika mintaqasida kuchli harbiy salohiyatga ega davlatga aylandi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid