OAV: Kiyevni yashin tezligida egallash rejasi noto‘g‘ri taxminlarga asoslangandi
Urush boshlanishidan oldin Rossiya maxsus xizmati Kremlga Ukraina jamiyatidagi kayfiyat haqida buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni taqdim etgan va Kiyevni yashin tezligida bosib olish rejasini ilgari surgan, deb yozadi The Washington Post.
Amerikaning The Washington Post gazetasi Ukrainada urush boshlanishi haqidagi ikkinchi maqolasida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX)ning Kiyevda hukumatni yashin tezligida ag‘darish bo‘yicha noreal rejani ishlab chiqishdagi roli va Moskvaning qo‘g‘irchoq hukumatni o‘rnatish rejalari haqida ma’lumot berdi. Surishtiruv 19 avgust, juma kuni e’lon qilindi.
«FXX tahlilchilari Ukrainadagi qarshilik imkoniyatlarini yo noto‘g‘ri baholagan yoki to‘g‘ri baholagan, lekin Vladimir Putinga bu bahoni yetkaza olmagan yoki buni xohlamagan», deb yozadi WP Ukraina va g‘arb razvedka xizmatlaridagi ko‘plab suhbatdoshlarga tayanib. Gazetaning suhbatdoshlaridan biri Rossiya razvedka xizmatining xatolarini «fundamental va strategik» deb atadi.
«FXX xodimlari yaqinda Kiyevda hokimiyat tutqichlarini nazorat qilishlariga shunchalik ishonchlari komil ediki, ular urushdan oldingi so‘nggi kunlarda ma’lumot beruvchilar xonadonlarida va boshqa joylarda xodimlarning rejalashtirilgan oqimi uchun boshpana joylashtirishni boshladi», deb yozadi WP.
Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, aynan FXX «noto‘g‘ri taxminlarga sodiq qolgan holda, Kiyevga yashin tezligidagi hujum va hukumatni bir necha kun ichida ag‘darish g‘oyasiga asoslangan urush rejasini ilgari surgan». Bosqin boshlanishidan oldin FXX hatto Kiyevdagi o‘z ma’lumot beruvchilariga poytaxtni tark etishni, lekin uylarining kalitlarini qoldirishni aytgan.
«Rossiya razvedkasining Ukrainadagi muvaffaqiyatsizliklari tizimliroq bo‘lib ko‘rinyapti, ular ishonchsiz manbalar va Kremlga haqiqatni aytishga xohish yo‘qligi bilan bog‘liq», deb yozadi WP. Maxfiy xizmat Kremlni xursand qilish uchun tuzilgan baholar yordamida Putinning Ukrainaga nisbatan kalondimog‘ munosabatini mustahkamlab qo‘ydi, deydi nashr suhbatdoshlari.
G‘arb razvedkasidagi WP suhbatdoshlari FXX nima uchun Ukrainadagi rossiyaparast kayfiyatga ishonganini tushuntirib bera olmadi. Bildirilishicha, ularning qo‘llarida bu yolg‘onni rad etuvchi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan.
2021 yil aprel oyida FXXga yaqin bo‘lgan Research & Branding ijtimoiy xizmati tomonidan o‘tkazilgan so‘rov shuni ko‘rsatdiki, ukrainaliklarning 84 foizi Rossiya qo‘shinlarining har qanday ko‘rinishdagi kirishini «bosqinchilik» deb bilgan, aholining atigi 2 foizi bunday ssenariyni «ozodlik» deb atagan.
Mamlakat fuqarolarining deyarli yarmi – 48 foizi Ukrainani tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda himoya qilishga tayyor bo‘lgan. Ushbu ma’lumotlarga qaramay, FXX «Kremlni soxta baholar bilan oziqlantirishda davom etdi», deydi WP suhbatdoshlari. «Ularni go‘yoki gullar bilan kutib olishlari haqidagi his FXX tufayli paydo bo‘lgan», dedi manbalardan biri. Bu so‘rovlar natijalari RF prezidentiga topshirilganmi yoki yo‘qmi, bunisi noma’lum, deya qayd etgan jurnalistlar.
«Ular 24 fevralda boshlaganida Kiyevni egallash vazifasi qo‘yilgan edi. Ular bu butun mamlakat bo‘ylab tarqaladigan domino effektiga olib kelishini kutgandi. Avval markaziy hukumatni qo‘lga olinishi, keyin esa mintaqalarda o‘z ishtirokini kuchaytirish rejalashtirilgandi», dedi ukrainalik harbiy manba WP’ga.
Bu reja doirasida FXX rossiyaparast qo‘g‘irchoq hukumatlar uchun ikkita variantni taklif qilgan, deydi nashrning Ukraina rasmiylari orasidagi suhbatdoshlari. Birinchi «hukumat» Belarusda joylashib, sobiq prezident Viktor Yanukovich atrofida tuzilgan bo‘lardi. Yanukovich hukumatining sobiq a’zolaridan iborat ikkinchi guruh Ukraina janubi-sharqida shakllantirilgan. Uning tarkibiga Mintaqalar partiyasi sobiq a’zosi Oleg Tsarev kirgan.
WP ma’lumotlariga ko‘ra, Putinni «Zelenskiy zaif ekani, uning hukumati qulashi va Ukraina xalqi Rossiya kuchlarini kutib olishi»ga ishontiruvchi asosiy «ovoz» «Muxolifat platformasi – Hayot uchun» rahbari va Rossiya prezidentining yaqin odami ekani aytiladigan Viktor Medvedchuk tomonidan bo‘lgan, u Putin bilan bevosita aloqada bo‘lgan. WP suhbatdoshlariga ko‘ra, bu reja, jumladan Zelenskiy Kiyevni tark etishdan bosh tortgani tufayli ham ish bermadi.
Sergey Beseda boshchiligidagi Operativ axborot va xalqaro aloqalar xizmati FXXda Ukraina yo‘nalishi uchun javobgardir. 2021 yilning yoziga kelib, FXXning Ukrainaga ixtisoslashgan bo‘linmasi xodimlari soni 30 kishidan 160 kishigacha oshdi. Maxsus xizmat boshqa bo‘linmalaridan xodimlarni jalb qilish uchun ularga bonuslar va Moskvaning Michurinskiy shohko‘chasidagi FXX akademiyasiga tutash binolarda bepul turar joy taklif qilingan, deb yozadi WP Ukraina razvedkasiga tayanib.
Ukrainada maxsus xizmatlar muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin Beseda ishdan bo‘shatilgani yoki hatto hibsga olingani haqidagi ma’lumotlarga qaramay, g‘arb razvedkasidagi WP suhbatdoshlari bunga shubha bilan qarayapti. Gazeta suhbatdoshlariga ko‘ra, ular Rossiya razvedkasi rahbarlaridan birortasi bunday oqibatlarga duch kelganini ko‘rsatadigan hech qanday ma’lumotni uchratmagan.
Amerikalik yuqori martabali rasmiy Beseda haqida shunday degan: «Uning hali ham ishda ekanligiga ishonish uchun bizda yetarli dalillar bor». Bundan tashqari, rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, FXX rahbari Aleksandr Bortnikov o‘z idorasining muvaffaqiyatsizligi uchun javobgarlikka tortilgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.
Mavzuga oid
15:31
Shartnoma bo‘yicha harbiylar 65 yoshga to‘lmaguncha Rossiya armiyasidan bo‘shatilmaydi
14:17
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
13:32
Duma 2025 yilgi budjetni urushga rekord xarajatlar bilan qabul qildi
11:53