Jahon | 21:48 / 22.08.2022
40595
10 daqiqa o‘qiladi

Darya Duginaning o‘ldirilishi: G‘arb nashrlari uning otasini «Putinning miyasi» deb ta’riflagan

20 avgust kuni rossiyalik ideolog Aleksandr Duginning qizi Darya Dugina ketayotgan avtomobil Moskva yaqinida portlab ketdi. Duginni urush boshlangandan keyin keng qo‘llanayotgan «rus dunyosi» iborasining g‘oyaviy asoschisi deb aytishadi. Dugina portlash vaqtida halok bo‘lgan, mashina esa to‘liq yonib ketgan. Guvohlarning aytishicha, Dugina bo‘lgan mashinada uning otasi ham o‘tirishi kerak bo‘lgan, ammo so‘nggi lahzada boshqa mashinaga o‘tirgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlardan

Portlash Moskva yaqinidagi Mojaysk shossesida sodir bo‘lgan. Bu yo‘l Moskva halqa yo‘lidan 25 km uzoqlikda joylashgan. 29 yoshli Darya Dugina bo‘lgan Land Cruiser Prado ketayotganda portlab, yo‘l chetiga chiqib qolgan va yonib ketgan. Qiz voqea joyida halok bo‘lgan, mashina parchalari yo‘l bo‘ylab sochilib ketgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi qotillik buyurtma qilingani ehtimoli yuqori ekanini ma’lum qildi. Qo‘mita ma’lumotida aytilishicha, portlovchi modda mashinaning haydovchi o‘tiradigan o‘rindiq pastiga o‘rnatilgan.

Bugun, 22 avgust kuni Rossiya Federal xavfsizlik ximati (FXX) ushbu qotillikni amalga oshirishda 1979 yilda tug‘ilgan Ukraina fuqarosi Natalya Vovk gumonlanayotganini ma’lum qilgan. FXX xabarida aytilishicha, bu ayol 2010 yilda tug‘ilgan qizi bilan 23 iyul kuni Rossiyaga borgan. Keyin Dugina yashaydigan uydan ijaraga kvartira olib yashab, uni kuzatgan.

FXXga ko‘ra, Natalya Vovk «Mishi Kuper» mashinasida Duginani kuzatgan. Mashinada uch marta raqamini o‘zgartirgan: «DXR», Qozog‘iston va Ukraina raqamlariga. Xabarda aytilishicha, ayol Dugina o‘tirgan mashinani portlatgach, Pskov viloyati orqali Estoniyaga chiqib ketgan. Eslatib o‘tamiz, bu –Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining versiyasi.

Tergov qo‘mitasi holat bo‘yicha jinoiy ish ochgan.

Foto: Izvestiya / Andrey Ershtrem

Ijtimoiy tarmoqlarda qotillikning asosiy nishoni Aleksandr Dugin bo‘lgani aytilmoqda. Ota-bola portlashdan bir necha soat avval Moskva yaqinidagi «An’ana» nomli festivalda faxriy mehmon sifatida ishtirok etgan, Dugin ma’ruza ham qilgan. «112» Telegram-kanalining yozishicha, aynan festival o‘tgan joyning avtoturargohida Duginaning mashinasiga qo‘lbola bomba o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin.

Guvohlarning aytishicha, Dugin Moskvaga qizi bilan birga qaytishni rejalashtirgan, ammo oxirgi daqiqalarda boshqa mashinaga o‘tirishga qaror qilgan. Ota-bola festivalda birga suratga ham tushgan. Rossiyadagi Telegram-kanallarda tarqalgan videolarda Dugin qizining yonayotgan mashinasiga boshini changallagancha qarab turgani ko‘ringan. U orqadagi mashinada ketayotgan bo‘lgan.

Yozuvchi Zaxar Prilepinning aytishicha, festival o‘tkazilgan bog‘ning turargohida ko‘plab yozuvchilar, shuningdek, o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» va «LXR» jangchilari, zaxiradagi harbiylar bo‘lgan.

Aleksandr Dugin kim?

Aleksandr Dugin o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» va «LXR»ni qo‘llab-quvvatlab o‘tkazilgan «Donbass uchun jang» mitingida. Moskva, 2014 yil 18 oktyabr / Foto: Moscow News Agency / Reuters / Scanpix / LETA 

Dugin Rossiyada mashhur faylasuf, konservativ publitsist va urush vaqtida qo‘llanishi ommalashgan «rus olami» ideologiyasining asosiy targ‘ibotchilaridan biridir. Uning asosiy faoliyati esa «neoyevroosiyochilik»ka qaratilgan. Bu – Rossiya qo‘shnilari ustidan dominantlik qilishi, AQSh va NATOga qarshi chiqishi, Rossiyaning ta’siri butun Yevroosiyo materigiga tarqalishi g‘oyasidir.

Dugin uzoq yil davomida Moskva jahon hamjamiyatida agressivroq harakatlar bilan o‘zini ko‘rsatib qo‘yishi kerakligini targ‘ib qilib kelardi. G‘arb matbuoti Duginni zamonaviy Rossiyaning asosiy ideologi deb hisoblar, unga hatto Putin va Kremldagi mulozimlar ham quloq solishini ta’kidlab kelishadi. AQSh nashrlarida Duginga «Putinning miyasi» deb ham ta’rif berishadi.

Dugin 2014 yilda Ukraina haqida keskin chiqishlar qila boshlaydi. Ayniqsa Odessa voqealariga qanday munosabat bildirasiz, degan savolga: «O‘ldirish, o‘ldirish va yana o‘ldirish kerak» degani bilan mashhur bo‘lgan. Dugin Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishni faol qo‘llab, rus elitasi bu borada aniq tomonni tanlashi shartligini iddao qilgandi ham.

«Menimcha, yuqori lavozimli mansabdorlar yoki Rossiyaning «maxsus harbiy amaliyoti» (Rossiyada urushni shunday atashadi – tahr.) haqida aniq fikrini aytishi yoki ishdan ketishi kerak. Ularning ayrimlari shubhali sukut saqlashmoqda. Oqibatda biz ularning jimligini o‘zimizcha talqin qilishga majbur bo‘lyapmiz. Bizni gumonga qo‘ymang, hech bo‘lmasa «Z» harfini (Rossiyada urush ramzi) baland ovozda ayting. Yoki bo‘lmasa ko‘zimizdan daf bo‘ling», deb yozgandi Dugin urush haqidagi juda ko‘p postlaridan birida.

Dugin 2014 yildayoq Yevropa Ittifoqining sanksiyasiga tushgan. Rossiyaning Qrimni bosib olishida aloqador deb topib AQSh va Kanada ham Duginni 2015 yilda «qora ro‘yxat»ga kiritadi.

Otasining o‘ng qo‘li

Foto: Telegram'dagi "Platonova | Z" kanali

Darya Dugina otasining «rus olami» va «neoyevroosiyochilik» g‘oyalarini to‘liq qo‘llab-quvvatlagan, u otasning o‘ng qo‘li bo‘lgan va urush targ‘ibotida faol qatnashib kelayotgandi. Darya otasi tomonidan tashkil etilgan «Xalqaro yevroosiyochilik harakati»da siyosiy tahlilchi bo‘lib ishlagan, Rossiyadagi Russia Today va «Tsarigrad» targ‘ibotchi nashrlari uchun Darya Platonova taxallusi bilan maqolalar yozgan.

AQSh va Britaniya Darya Duginani dezinformatsiya tarqatishda ayblab, sanksiya ro‘yxatiga kiritgan. Hatto Britaniya e’lon qilgan sanksiya ro‘yxatida Duginaning ismi birinchi qayd etilgan. YouTube'dagi strimlardan birida bu haqdagi savolga javob bergan Dugina ro‘yxatda birinchi o‘rinda qayd etilganidan faxrlanishini aytgan. Darya Dugina Ukrainadagi urushni «tamaddunlar va g‘oyalar to‘qnashuvi» deb atagan.

Ukraina rad etdi

FXX qotillikni Ukraina fuqarosi bo‘lgan ayol ushbu mamlakatning maxsus kuchlari bilan hamrohlikda amalga oshirganini ma’lum qilishidan avval Ukraina tomoni Duginaning o‘ldirilishiga aloqador emasligini bildirdi. «Ukrainaning bu ishga aloqasi yo‘q. Biz Rossiyadan farqli o‘laroq jinoyatchi va terrorchi davlat emasmiz», dedi Ukraina prezidenti ofisi rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak.

Podolyak qotillikni hukumat uchun kurashayotgan Rossiya ichidagi guruhlar to‘qnashuvi deb atadi. Uning fikricha, Rossiya hukumati bu qotillikdan ham g‘oyaviy maydonda foydadanadi.

Darya Dugina nomi yozilgan raketalar

Foto: Ijtimoiy tarmoqlardan

Rossiyada ideolog Duginaning o‘limini og‘riqli qabul qilishdi. RT nashri bosh muharriri, Rossiyaning asosiy propagandachilaridan bo‘lgan Margarita Simonyan qizning o‘limi haqida gapirar ekan, bunday qarorlar chiqariladigan markazlarga zarba berish kerakligi, Duginaning o‘limini troll qilayotgan, kulgiga olayotgan hamma qo‘lga olinishi zarurligini aytdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Darya Duginaning o‘limi munosabati bilan uning oilasiga hamdardlik bildirdi. «U vatanga sodiq xizmat qildi va harakatlari bilan Rossiyaning patrioti bo‘lish nima ekanini ko‘rsatdi», deyiladi Kreml e’lon qilgan hamdardlik matnida.

Internetda o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» harbiylari ekani aytilgan askarlar ikkita snaryadga «Dasha Dugina uchun” deb yozgani tasvirlangan video tarqaldi.

Mustaqil internet nashrlari Duginaning qotili 2 kunda topilganiga e’tibor bergan. Ular Boris Nemsovning qotili 2733 kundan buyon, Natalya Estemirovaning qotili 4798 kundan buyon, Anna Politkovskayaning qotili 5798 kundan buyon topilmayotganiga urg‘u bergan.

«Qizim uchun g‘alaba qozoning»

Darya Dugina o‘limidan bir necha soat avval otasi va do‘stlari bilan / Foto:  Akim Apachev Telegram-kanali

«Tsargrad» nashri asoschisi Konstantin Malofeyev o‘zining Telegram-kanalida Duginning qizi vafotidan keyingi ilk bayonotini e’lon qildi. Duginning aytishicha, qiziga suiqasdni Ukraina rejimi amalga oshirgan.

«Qizim haqiqiy provaslav, patriot edi. U hech qachon urushga, zo‘ravonlikka chorlamagan. Uni Rossiyaning dushmanlari o‘ldirishdi. Ammo bizni bu bilan sindirib bo‘lmaydi. Uni qahramon qilib tarbiyalashga harakat qildik, endi u vatanimiz o‘g‘lonlarini ruhlantirishiga umid qilaman. Bizga faqat g‘alaba kerak, iltimos g‘alaba qozoning», degan Dugin.

FXX ideolog Duginaning qotili ekanini iddao qilgan ukrainalik ayolning Rossiyaga kelishi, Dugina yashagan ko‘p qavatli uyga kirishi va Rossiyadan chiqib ketayotgani tasvirlangan video e’lon qildi. Unda noma’lum ayol yosh qizi bilan yurgani ko‘ringan.

Keyinchalik ruscha kanallarda Natalya Vovk ukrainalik harbiy ekani haqida xabarlar tarqatilib, uning guvohnomasi ekani aytilgan hujjatning surati e’lon qilindi.

FSB Natalya Vovk Duginani o‘ldirib Estoniyaga qochganini xabar qilgandi. Estoniya hukumati esa bu borada izoh berishni rad etdi.

Mavzuga oid