O‘zbekiston | 19:18 / 23.08.2022
48970
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston fuqarolari O‘zbekiston chegarasini buzib o‘tgani bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berildi

Hodisada 2 kishi halok bo‘lgan, 6 kishi yaralangan. Voqea yuzasidan O‘zbekiston va Afg‘onistonning vakolatli vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokarada, O‘zbekiston TIV xabariga ko‘ra, “har ikki tomondan ham mazkur hududda taranglikni yuzaga keltirgan ayrim qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani” ta’kidlangan.

Foto: Kun.uz

21 avgust kuni bir guruh Afg‘oniston fuqarolari O‘zbekiston davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tib, qayiqda Surxondaryo viloyati hududiga kiruvchi Payg‘ambar oroli tomon harakatlangan, ular hududga yetib borgan O‘zbekiston chegara qo‘shinlari harbiylariga qarshilik ko‘rsatgan edi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, voqeada 2 kishi halok bo‘lgan, 6 kishi yaralangan.

Hodisa yuzasidan O‘zbekiston va Afg‘oniston maxsus xizmatlarining vakolatli vakillari o‘rtasida muzokara o‘tkazilgan. Unda O‘zbekiston Respublikasi qurbonlarning oilalariga ta’ziya bildirgan.

“Yaralanganlarga barcha zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, ushlangan shaxslarni o‘z vataniga qaytarishga tayyorlash jarayonlari yakunlanmoqda”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, uchrashuv davomida “har ikki tomondan ham mazkur hududda taranglikni yuzaga keltirgan ayrim qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani” qayd etilgan. Hozirgi paytda hodisa yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.

“Har ikki tomon tinchlik tarafdori ekanini, barcha masalalar o‘zaro manfaatlarni hisobga olish va bir-biriga hurmat asosida hal etilishini tasdiqladilar”, – deyiladi TIV axborotida.

Avvalroq DXX Chegara qo‘shinlari O‘zbekiston chegarasini buzganlarning barchasi – 24 kishi qo‘lga olinganini xabar qilgandi.

Ular O‘zbekistonning chegara hududida ko‘p miqdorda o‘sadigan qizilmiya o‘simligi ildizini noqonuniy ravishda olib ketishni maqsad qilgani aytilgandi.

Mavzuga oid