O‘zbekiston | 21:13 / 23.08.2022
23480
3 daqiqa o‘qiladi

“Sayyohlar sonini 5 yilda hozirgi 2 milliondan 9 millionga yetkazamiz” - Prezident xalqaro turizm markazini ochib berdi

Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi xalqaro turizm markazi ochilishiga bag‘ishlangan bayramda so‘zga chiqib, kelgusida bunday majmua Buxoro shahrida ham qurilishini aytdi. “Bu kabi loyihalarni respublikamizning barcha hududlarida amalga oshirish bo‘yicha ham rejalarimiz bor”, dedi prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand tumanida qurilgan “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazining tantanali ochilishida ishtirok etdi.

“Xalqimizning aql-zakovati va fidokorona mehnati bilan bunyod etilgan ushbu majmua Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi yana bir salmoqli, zafarli natija bo‘ldi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Qadimiy va navqiron Samarqand bag‘rida qad rostlagan mana shunday zamonaviy, ulug‘vor me’moriy majmua barchamizga, butun xalqimizga muborak bo‘lsin, buyursin!” – dedi davlat rahbari.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p tarmoqli turizm markazi yiliga 2 million sayyohga xizmat ko‘rsatadi. Uning tarkibida “Boqiy shahar” majmuasi, Kongress holl, 8 ta zamonaviy mehmonxona, amfiteatr va ko‘plab boshqa obektlar bor.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Markaz loyihasini ishlab chiqishda tajribali me’mor va muhandislardan iborat xalqaro jamoa jalb etilgan. Qurilish jarayonida Turkiya, Buyuk Britaniya, Italiya kabi davlatlarning injyener va texnik mutaxassislari ishtirok etgan.

“Bundan 3-4 yil oldin Samarqandga tashrif buyuradigan mahalliy va xorijiy turistlar soni 500 ming nafardan oshmas edi. Hozirgi kunda turizmni rivojlantirish bo‘yicha islohotlarimiz, qulay investitsiyaviy muhit yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarimiz tufayli Samarqandga kelayotgan xorijiy turistlar soni 2 barobar ko‘paydi.

Bu marrani yanada yuqori olish uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Xususan, kelgusi yillarda Samarqandga keladigan xorijiy turistlar sonini 1,5 milliondan oshirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Kelgusida bunday zamonaviy majmua Buxoro shahrida ham barpo etiladi. Bu kabi loyihalarni respublikamizning barcha hududlarida amalga oshirish bo‘yicha ham rejalarimiz bor.

Umuman olganda, ana shunday ishlarimiz tufayli kelgusi 5 yilda mamlakatimizga keladigan sayyohlar sonini hozirgi 2 milliondan 9 millionga yetkazamiz”, dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev oldinda yirik siyosiy, madaniy va ma’rifiy tadbirlar turgani, O‘zbekiston mustaqilligining 31 yillik bayramiga oz qolganini eslab o‘tdi.

“Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlari uchrashuvi kabi nufuzli xalqaro tadbirlar ham yaqin oylarda aynan Samarqandda bo‘lib o‘tadi.

Kelgusi yilda esa qadimiy shahrimizda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruv Kengashining yillik yig‘ilishi va Jahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi ham o‘tkaziladi”, – dedi davlat rahbari.

Prezident so‘zining yakunida “Samarqand qiyofasini tubdan o‘zgartirib yuborgan” ushbu qurilishlarni amalga oshirishda mehnat qilgan barcha quruvchi va mutaxassislarga, tadbirkorlar va mutasaddi tashkilotlarga, chet ellik hamkorlarga, Samarqand ahliga, ko‘pmillatli butun xalqimizga minnatdorlik bildirdi.

Mavzuga oid