O‘zbekiston | 19:00 / 24.08.2022
8389
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy ta’lim muasasasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti va Nortgempton (Northampton) universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar va talabalarning akademik almashinuv dasturlarini birgalikda ishlab chiqish va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, charm-poyabzal sohasida yetuk mutaxassislarni tayyerlash uchun yetarlicha keng hamkorlikni nazarda tutadi.

Foto: O‘zcharmsanoat

Nortgempton universiteti Buyuk Britaniyadagi eng nufuzli universitetlardan biri sifatida tanilgan. U ijtimoiy ta’sir orqali “jamoatchilik qadriyati”ni oshirish bo‘yicha yetakchilar qatoriga kiradi. Talabalar va bitiruvchilarning dunyoda o‘z izlarini qoldirishi uchun imkoniyat yaratish universitet uchun asosiysi tamoyil sanaladi. 98 yillik tarixga ega ushbu ta’lim muassasasi 2005 yilda o‘z talabalariga 400 dan ortiq bakalavriat yo‘nalishi va 50 dan ortiq magistratura mutaxassisligini taklif etuvchi universitet maqomini oldi. Har yili dunyoning 100 dan ortiq davlatidan 1 000 dan ziyod chet ellik talabalar universitetga o‘qishga qabul qilinadi. 

Endilikda O‘zbekiston talabalari uchun “Moda va poyabzal” yo‘nalishi yanada yaqinlashmoqda!

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi iyul oyida bo‘lib o‘tgan Yevropadagi eng yirik moda va dizayn ko‘rgazmalaridan biri – “Pure London” ko‘rgazmasi davomida Nortgempton universiteti bilan aloqa o‘rnatdi. Albatta, hamkorlikdan maqsadlar safida davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan hujjatlarda o‘z ifodasini topgan, mamlakatimiz charm-poyabzal sanoati salohiyatini yanada oshirish va soha davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganligi to‘g‘risida moda sanoati mutaxassislari e’tiboriga yetkazish ham mavjud.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Charm-poyabzal va mo‘yna sanoatida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida xalqaro universitetlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilab berilganligi sohadagi inqilobiy qadamlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Bugungi kunda sohada yuzlab yangi investitsiya loyihalari ishga tushirildi. Sir emaski, sohada mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish va qayta jihozlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgan bugungi kunda kadrlar tayyorlash masalasi o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Ushbu yo‘lda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari salohiyatini oshirish borasida ham katta ishlar amalga oshirilayotganligi bejiz emas. Shu maqsadda dunyoning yetakchi ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribalari o‘zlashtirilmoqda.

Quvonarlisi, joriy yilning iyun oyida Turkiyaning Ege universiteti bilan ham mana shunday memorandum imzolangan edi. Hozir Turkiya universiteti bilan hamkorlikda o‘quv dasturini tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Ta’lim jarayonining bir qismi Turkiyadagi universitetda va korxonalarda, qolgan qismi O‘zbekistonda bo‘lishi taxmin qilinmoqda. O‘quv jarayonlarining barcha bosqichlari tez orada ishlab chiqiladi. Ege universiteti prorektori shu yilning oktabr oyida bo‘lib o‘tadigan 13-xalqaro “UzCharmExpo 2022” ko‘rgazma-yarmarkasida ishtirok etadi. Kelgusi yildan boshlab ikki davlatning charm-poyabzal sanoati uchun talabalarni tayyorlash boshlanadi. 

Shuningdek, dunyoning boshqa oliy o‘quv yurtlari bilan ham aloqalar faol yo‘lga qo‘yilmoqda.

Mavzuga oid