Sport | 07:47 / 25.08.2022
15587
2 daqiqa o‘qiladi

Manba: Jaloliddin Masharipov Afrikaning eng kuchli klubi bilan kelishuvga erishdi

O‘zbekiston milliy jamoasi hujumkor yarimhimoyachisi Jaloliddin Masharipov faoliyatini Afrika qit’asida davom ettirishi kutilmoqda.

Foto: An-Nasr

Misrlik jurnalist Omar Yosinning tvitterdagi sahifasida ma’lum qilishicha, Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubi Jaloliddin Masharipovni keyingi yil 2 million dollarga sotish sharti bilan Misrning «Al Ahli» klubiga ijaraga berish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Qohira klubi futbolchining bir yillik ijarasi uchun Saudiya klubiga 600 ming dollar to‘lashi, Masharipovning o‘zi esa Misr jamoasida yillik 1,5 million dollar maosh olishi aytilgan. 

Saudiyalik jurnalist Abdulaziz Az-Zamil esa Masharipov «Al Ahli» bilan kelishuvga erishgani va bu haqda tez orada rasman e’lon qilinishini bildirgan. 

Kingfut.com nashrining qayd etishicha, «Al Ahli» bu yil Misr chempionatida chempionlikni asosiy raqobatchisi «Zamalek»ga boy bergach, Afrika Chempionlar ligasi finalida esa Marokashning «Vidad» klubiga mag‘lub bo‘lib, 1992 yildan buyon ilk marta katta sovrinsiz qolgach, Qohira klubi prezidenti Mahmud Al-Xatib tarkibni kuchaytirishga kirishgan va buni Masharipovning o‘tishi masalasini hal qilish bilan boshlagan.

Ma’lumot uchun, 2021 yil «Paxtakor»dan «An-Nasr»ga transfer qilingan 28 yoshli futbolchi yakunlangan mavsum Saudiya Arabistoni chempionatida 26ta o‘yinda 4 gol va 6ta assist mualliflik qilgan edi. 

«Al-Ahli» klubi Misr Premer-ligasida 31-turdan keyin 64 ochko bilan uchlikdan joy olgan. Klub chempionlikni «Zamalek»ga boy bergani oydinlashgan. Misrda chempionat 31 avgust kuni yakuniga yetadi.

Eslatib o‘tamiz, Misrning eng ko‘p karra chempioni «Al Ahli» Afrika Chempionlar ligasida ham eng ko‘p – 10 marta g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Klub so‘nggi marta 2020/21 yil qit’ada tengsiz bo‘lgan.

Mavzuga oid