Jahon | 08:00 / 26.08.2022
9361
3 daqiqa o‘qiladi

«Dose»: Rosgvardiya direktori Seyshel orollarida yuz minglab yevroga dam olgan

Rosgvardiya direktori Seyshel orollarida idora uchun yagona yetkazib beruvchining egasi Boris Vaninskiy bilan birga dam olgan. 2018 yilda Navalniy ularning aloqalari bo‘yicha surishtiruv e’lon qilgandi.

Foto: TASS

Rosgvardiya direktori Viktor Zolotov uch yil ketma-ket Seyshel orollariga, Rosgvardiyaga mahsulotlarni monopol yetkazib beruvchi «Drujba narodov» kombinatining egasi Boris Vaninskiy hamrohligida uchib ketgan. Bu haqda «Dose» markazining 25 avgust, payshanba kuni chop etilgan surishtiruvida aytiladi.

«Dose» ma’lumotlariga ko‘ra, parvozlar 2017—2019 yillarda amalga oshirilgan. Zolotov va Vaninskiydan tashqari, Rosgvardiyaning ikki xodimi, general-leytenant Roman Gavrilov va general-mayor Ivan Shmelev, shuningdek, Viktor Zolotovning o‘g‘li Roman ham biznes samolyotida uchgan. Bundan tashqari, ularga to‘rt nafar yosh ayol, jumladan, nashr Roman Zolotovning hamrohi deb ataydigan Anastasiya Buyevich, shuningdek, Artlife loyihasi asoschisi Anastasiya Andreyeva hamrohlik qilgan. Artlife - bu Moskva shahar meriyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan onlayn rasm chizish kursi va san’at festivali. 2019 yilda festivalda ikki mingga yaqin rosgvardiyachilar qatnashdi.

Ayollarning Instagram-akkauntlaridagi postlarga ko‘ra, ular dekabr oyida ketma-ket uch yil Seyshel orollarida bo‘lgan. Har safar ular bir joyda - Four Seasons Resort Seychelles mehmonxonasida qolgan. Mehmonxonada 10 kun qolish xona sinfiga qarab 12-20 ming yevro turadi. Jurnalistlarning fikricha, 2017—2019 yillarda Falcon 7X klass biznes-jyetida Moskvadan Seyshel orollariga va orqa yo‘nalishga parvozlar narxi 160-170 ming yevro atrofida bo‘lgan. Ayni paytda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Viktor Zolotov o‘sha paytda yiliga 6,7 million rubldan 6,9 million rublgacha (100 ming yevro hisobida) ishlab topgan. 

«Dose» materialiga ko‘ra, Zolotov va Vaninskiyning Seyshel orollariga birinchi qo‘shma parvozi 2017 yil 3 dekabrda bo‘lib o‘tgan. Bu Rossiya hukumati «Drujba narodov» kombinatiga Rosgvardiyaga mahsulot yetkazib berish bo‘yicha monopol huquqni taqdim etuvchi qaror qabul qilganidan bir kun keyin sodir bo‘lgan.

2018 yilda Aleksey Navalniy surishtiruv e’lon qildi, unda Vaninskiy kombinati Rosgvardiyaga mahsulotlarning yagona yetkazib beruvchisiga aylanganidan so‘ng, xarid narxlari keskin ko‘tarilgani aytiladi. 

Shundan so‘ng, Viktor Zolotov videomurojaat yozib, unda Aleksey Navalniyni duelga chorladi hamda undan «yaxshi go‘sht» qilishga va’da berdi. Bunga javoban muxolifatchi Zolotovga teledebatlar shaklida duel taklif qildi, biroq Rosgvardiya rahbari ularda qatnashishdan bosh tortdi. Keyinchalik, Rosgvardiya o‘z yetkazib beruvchilari, pudratchilari va buyurtma ijrochilariga maxfiylik maqomi berish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqdi, ammo bu amalga oshmadi. 

Mavzuga oid