O‘zbekistonda onkologik kasalga chalingan bolalar uchun birinchi hospis ochildi
25 avgust kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanida 20 o‘ringa mo‘ljallangan birinchi bolalar hospisining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Hospis — tuzalmas dardlarga chalinganlar, asosan onkologik bemorlarga kasallikning so‘nggi bosqichida palliativ yordam ko‘rsatuvchi tibbiy-ijtimoiy tashkilot. Bu yerda xasta bolalar so‘nggi nafaslarigacha mehr, e’tibor, parvarish, ruhiy madad qurshovida yashashadi.
Muassasada bolalarga kompleks yondashuv asosida e’tibor qaratiladi. Ijtimoiy xodim, psixolog va shifokor hamkorligida ishlaydigan hospisda asosiy e’tibor turli muolajalarga emas, kasal bolaning hayotiga mazmun kiritishga qaratiladi. Bola ko‘rishni istaydigan insonlarni yordamga chaqirish, unga yoqadigan vaziyatlar hosil qilish ijtimoiy xodimning vazifasiga kiradi. Yillar davomida kasallik bilan kurashayotgan bolaning yaqinlari ham ruhiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lishi tabiiy hol. Bu yerda ota-onalar ham ijtimoiy yordam olishlari mumkin.
Hospisning asosiy vazifasi - tuzalmas dardga duchor bo‘lgan bolalarning hayotini yaxshilash, ularning qolgan umrlariga mazmun kiritishdan iborat. Bunday bolalar va ularning ota-onalari kasallik bilan kurashish mobaynida og‘ir ruhiy va moddiy holatni boshdan kechirishadi. Hospis ana shunday vaziyatda ularga madad markazi bo‘lib xizmat qiladi.
«Taskin» hospisi yurtimizdagi birinchi bolalar hospisi bo‘lib, prezident qaroriga binoan Sog‘liqni saqlash vazirligi, Adliya vazirligi hamda "Ezgu Amal» Jamoat fondi yordamida Zangiota ixtisoslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi negizida ochildi. Hospis 20 nafar bemorga mo‘ljallangan.
“Hospis – bu umid uyi. Bu maskan bemor bola va uning oila a’zolariga ijtimoiy-psixologik madadni amalga oshiradi. Shuningdek birinchi bolalar hospisi asosida aholiga hospis yordamini rivojlantirishga xizmat qiladigan palliativ ko‘makning va bemorlarni professional parvarishlashning zamonaviy modeli ishlab chiqiladi. Bu yerda nafaqat bemor bolalar uchun, balki ularning ota-onalari uchun ham ijtimoiy yordam ko‘rsatamiz. Bolaning oxirgi umrini maksimal darajada chiroyli va o‘zi istagancha o‘tkazishga yordam beramiz.
Bu respublika siyosiy maydonida yangi qadam, chunki hospisda barcha imkoniyatlar inson qadri uchun xizmat qiladi.
Dunyoning barcha rivojlangan mamlakatlarida hospislar mavjud. Yiliga dunyo bo‘yicha 180 ming bola hospis faoliyatiga muhtoj. Lekin bundan foydalanayotganlar soni 60 mingga ham yetmaydi. Shuning o‘zi ham hospislarga ehtiyoj kattaligini bildiradi. O‘zbekistonda onkologik xastaliklarga chalinganlar soni taxminan 45 ming nafarga yaqinni tashkil qiladi. Shundan taxminan 10 ming nafarga yaqin bemorda hospisga muhtojlik bor”, - deydi hospis ijtimoiy xodimi Ilyos Karimov.
Bu palliativ yordam ko‘rsatiladigan og‘ir bemor bolalarni parvarishlash bo‘yicha o‘ziga xos birinchi eksperimental maydondir. Bolalar xospisi xodimlar jamoasi Izroil elchixonasining MAShAV tashkiloti va "Ezgu Amal» Jamoat fondi tomonidan uyushtirilgan maxsus treningdan o‘tgan professional xodimlardan tuzilgan.
“Ezgu amal” fondi rahbari Munira Xo‘jaxonovaning ta’kidlashicha,
“Fondimiz faoliyati davomida onkologik kasal bolalar uchun hospislar kerakligiga ko‘p marta duch keldik. Chunki ularda o‘lim holatlari ko‘p bo‘lganligi sabab ularga kerakli psixologik-emotsional yordamni, muolajalarni hech qayerda olish imkoni yo‘q edi.
Davlat rahbariga va Sog‘liqni saqlash vazirligiga qilingan murojaatlar natijasida Zangiota ixtisoslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasidan 20 o‘rinli bitta blok ajratildi. Xodimlarni tayyorlashda Isroil elchixonasi bizga katta yordam berdi.
Yillab kasalxonada davolangan bolalar kasalxona muhitida charchashgan. Shuning sabab ular o‘zlarini uydagidek his qilishlari uchun muhit yaratdik”.
Hospis faoliyatining bardavom va samarali bo‘lishi unga yordam qo‘lini uzatuvchi homiylarga bog‘liq. Muassasadagi bemor bolalar hayotini uzaytirish, ularning hayotiga mazmun bag‘ishlashni istaganlar “Ezgu Amal” xayriya fondining rasmiy ezguamal.org veb-sayti orqali “Taskin” hospisi bo‘limiga yuborishlari mumkin.
Mavzuga oid
11:13 / 06.04.2024
Toshkentda og‘ir holatdagi bemorlar uchun hospis qurilishi 5 yilga kechikyapti – onkolog shahar hokimligiga murojaat bilan chiqdi
09:35 / 24.02.2024
O‘zbekistonning barcha hududlarida kamida bittadan hospis quriladi
11:42 / 12.02.2024
Qarshi shahrida 50 o‘rinli hospis quriladi
22:37 / 30.01.2024