Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Donorning o‘limi juda kamdan kam kuzatiladi” - shifokor Samarqanddagi muvaffaqiyatsiz jigar transplantatsiyasi haqida
O‘zbekistonda ichki a’zolar transplantatsiyasi yo‘lga qo‘yilayotgani – katta yutuq, deydi Kuvaytdagi o‘zbek shifokori Jahongir Jo‘rayev. U Samarqanddagi muvaffaqiyatsiz operatsiya haqida gapirarkan, jahon miqyosida jigar ko‘chirilgan bemorlarning 2-16 foizi vafot etishi, biroq donorlikka tanlangan odamning o‘limi kamdan kam holatlardagina kuzatilishini aytdi.
Shu yil 9 avgust kuni Samarqandda ilk bor jigar ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti o‘tkazilgandi. Jigar sirrozining og‘ir shakli bilan og‘riyotgan 57 yoshli bemorga 35 yoshli qizi donorlik qilgan. Biroq ko‘p o‘tmay bemor ham, donor ham shifoxonadan chiqmay vafot etgan.
Biz Kuvaytdagi Sabah shifoxonasida anesteziolog-reanimatolog sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘zbekistonlik shifokor Jahongir Jo‘rayevga shu mavzudagi savollar bilan murojaat qildik.
— Jahongir aka, renimatolog sifatida og‘ir kasalliklarga chalingan bemorlarga tez-tez duch kelsangiz kerak. Shaxsiy tajribangiz, kuzatishlaringizdan kelib chiqib ayting-chi, inson organlarini ko‘chirib o‘tkazish amaliyotlarida bemorning ham, donorning ham vafot etishi qanchalik tez-tez kuzatiladi?
— Siz aytayotgan hodisa bo‘yicha internet orqali tanishib chiqdik. Afsuski, bemor ham, donor ham vafot etibdi. Bu masala bo‘yicha gapirishdan oldin ayrim mulohazalarimni aytib o‘tsam.
Bilamizki, O‘zbekistonda shu paytgacha transplantatsiya amaliyotlariga ruxsat etilmagan va bu amaliyotlar qo‘llanilmagan. Hozir davlatimiz tomonidan ruxsat berildi. Ilk qadamlar qo‘yilib, shu operatsiyalarni bajarishni boshlashdi. Tan olish kerak, bu – katta yutuq. Bu jarayonlarda xohlaysizmi, xohlamaysizmi bemorlardan ba’zi birlari nobud bo‘lishi holatlari ham uchrashi mumkin. Buni hech kim inkor qila olmaydi. Sababi jahon ko‘rsatkichlarida ham barcha bemorlar yuz foiz yashab ketadi degan qoida yo‘q.
O‘zbekistonda nafaqat jigar ko‘chirib o‘tkazish, balki boshqa a’zolar transplantatsiyasi ham keng yo‘lga qo‘yilmoqda. Buni tahsinga sazovor deb bilaman. Avvallari bemorlar ba’zi turdagi bo‘g‘im, yurak kabi organlarda o‘tkaziladigan jarrohlik amaliyotlarini ham chet elda o‘tkazib kelishar edi. Endilikda esa xususiy klinikalar tashkil etilib, O‘zbekistonning o‘zida bu operatsiyalar amalga oshirilmoqda. Buni katta yutuq deb bilaman.
Mazkur hodisa borasida shaxsiy fikrimni bildira olmayman. Sababi, jarayonda shaxsan qatnashmaganman. Qo‘limda hech qanday tibbiy ma’lumotnomalar yo‘q.
— Ya’ni bemorning kasallik tarixidan xabardor emassiz.
— Albatta, shuning uchun ham bu kasalliklarda kuzatilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy nazariyalarni aytib o‘tyapman. Buni neytral holatdagi shifokor fikri deb qarashingizni so‘ragan bo‘lar edim. Bu boshqa bir hamkasblarimga qarama-qarshi fikr emas.
Har bir amaliyotda kuzatilishi mumkin bo‘lgan asoratlar adabiyotlarda keltirib o‘tiladi. Agar shifokor tomonidan bemorda biror bir muolaja o‘tkazilsa va bu qandaydir asorat ko‘rsatsa, ilmiy jihatdan bu asoratlar kuzatilishi belgilangan bo‘lsa, uni to‘g‘ri qabul qilish kerak bo‘ladi.
Samarqanddagi voqeada ikki bemordagi o‘lim holatini, masalan, donor holatidan olib qaraydigan bo‘lsak, statistik ma’lumotlarda operatsiyadan so‘ng 2-16 foiz bemorda o‘lim kuzatilishi mumkin.
Bilamizki, jigar ko‘chirish operatsiyasi bemor kasallikning so‘nggi bosqichini boshdan kechirayotgan vaqtida amalga oshiriladi. Bu juda ham qiyin jarrohlik amaliyoti hisoblanadi. Hatto 10 soatdan ziyod vaqt davomida amalga oshiriladi va texnik tomondan ham juda murakkab operatsiyadir.
Tasavvur qiling, jigardagi mayda tomir, o‘t yo‘llari va venalarning har birini bir-biriga bog‘lab, tikib chiqishadi. Bu juda qiyin jarayon. Bu operatsiyalarning texnik qiyinchiligi hisoblanadi. Bundan tashqari, boshqa murakkab jihatlar ham bor.
Ammo donorning o‘lim holati bo‘yicha biror bir ma’lumotga duch kelmadim. Nima uchun? Bunga sabab, bemor sifatida tanlab olingan donor sog‘lom bo‘lishi va jarrohlik amaliyotidan so‘ng bemorda hech qanday salbiy asoratlar kuzatilmasligi kerak.
Lekin tibbiyotda ham har doim qat’iy qoida yo‘q. Bu yerda insoniy omillar, mutaxassislar tajribasi ishtirok etadi, dori-darmonlar e’tiborga olinadi. Juda ko‘p omillar sababli donorni ham yo‘qotib qo‘yish mumkin.
Xorijiy tajribalarga ko‘ra o‘z fikrimni aytaman, donorlikka 99,9 foiz holatda himoyalangan holda kirib boriladi. Bu holatda nima uchun o‘lim sodir bo‘ldi degan savolga, to‘g‘risini aytsa, javob topolmadim. Internetda o‘qiganim bo‘yicha, arteriya trombozi deya gumon qilindi, deyilgan.
— Bu taxminni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bayonotida ham o‘qishimiz mumkin. Bayonotda keltiriladiki, transplantatsiyadan so‘ng donorda buyrak yetishmovchiligi, ikki tomonlama zotiljam asoratlari kuzatilib, standart bo‘yicha intensiv davo choralari qo‘llanilgan. Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, donorda o‘pka tomirlarining tromboemboliyasi kuzatilgani gumon qilingan, ya’ni bu hali fakt emas.
— Men ham bu bayonotni o‘qidim. Bu xulosa patologik, anatomik tekshiruvdan keyin berilganmi yoki hali bu tekshiruvlar qilinmasdan avval berilganmi? Shu savolga e’tibor qaratish kerak. Agar o‘pka arteriyasining tromboemboliyasi gumon qilinsa, bu hali tasdiqlanmagan. Patologik, anatomik tekshiruvda buni juda osonlik bilan aniqlash mumkin. O‘pka tomirlarini kesib, ochib ko‘rilganda, ichidan tromb chiqadi. Shu bilan aniq xulosa berish mumkin bo‘ladi.
Yoki zotiljam tashxisini olaylik. Bu operatsiyadan oldin o‘pka pnevmoniyasi bo‘lib turib, operatsiya qilindi degani emas. Bu bemor operatsiyadan so‘ng 7 kun yashagan. 7 kun davomida bemor sun’iy nafas olish apparatiga ulangan bo‘lishi kerak edi. Keyinchalik bemor nobud bo‘lgandan so‘ng, patologik, anatomik tekshiruvda pnevmoniya belgisi aniqlanishi mumkin. Bu bemorning o‘limiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladi degani emas.
Ammo o‘pka tromboemboliyasini haqiqatda jiddiy asorat deb bilaman. O‘pka tomiriga tromb tiqilishi bu istalgan operatsiyadan keyin kuzatilishi mumkin bo‘lgan asoratdir. Bu shunday og‘ir asoratki, bemorni qisqa fursatda o‘limga yetaklashi mumkin. Shuning uchun jarrohlik amaliyotidan so‘ng bemorlarda bu kabi holatlar kuzatilmasligi uchun maxsus muolaja va dori-darmonlar bor. Shu dori-darmonlardan dunyo standartlariga mos ravishda foydalanilsa, kuzatilishi mumkin bo‘lgan asorat juda kamayadi.
Ammo bu aniq tashxis sifatida emas, balki gumon deb aytilayotgani menda qator savollarni tug‘dirdi. Bu patologik, anatomik tekshiruvdan keyingi xulosami yoki undan oldin taxmin qilingan xulosami? Odatda ommaviy axborot vositalariga ana shu tekshiruv o‘tkazilgandan so‘ng aniq ma’lumot beriladi.
— Nima deb o‘ylaysiz, balki bemorlarning yaqinlari ularning jasadlarini yorib ko‘rishga ruxsat berishmagandir. O‘zbekchilikda bunday voqealar ko‘p uchraydi. Ko‘pchilik xohlamaydi. Balki ularning gumon qilishiga, patologik, anatomik tekshiruvlar o‘tkazilmagani sababdir. Yoki bemor o‘limi bilan tugagan vaziyatlarda bu tekshiruv majburiy o‘tkaziladimi?
— Bilasizmi, siz aytayotgan ehtimollar ham bo‘lishi mumkin. Lekin buni davlat qonunlari bilan amalga oshirish kerak bo‘ladi. Yuridik jihatdan aniq ayta olmayman, ammo O‘zbekistondagi faoliyatimdan kelib chiqib aytishim mumkinki, misol uchun yosh bemor vafot etsa, o‘lim sababini bilish uchun albatta bu tekshiruvlar o‘tkazilardi.
Hatto tez tibbiy yordamni uyga chaqirilganda va ular borgunga qadar bemor vafot etgan bo‘lsa, bemor yosh bo‘lsa va uning nima sababdan o‘lgani aniq bo‘lmasa, jinoyat natijasi bo‘lishi mumkinligini inobatga olgan holda hamda tibbiyot xodimining buni aniqlash imkoniyati yo‘qligi uchun ichki ishlar organlariga xabar berilar edi. Kerak bo‘lsa, sud-tibbiy ekspertizasi ham tayinlanar edi.
Agar shifoxonalarda yosh bemor vafot etsa ham, bu tekshiruvlar o‘tkazilar edi. Bu esa bizga bemor nima sababdan vafot etgani yoki qayerda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yganimizni aniqlab berar edi.
Hozirda Kuvayt arab davlatida ishlayapman. Bu yerdagi mutaxassislar juda kuchli. Bu mamlakatda patologik, anatomik tekshiruvlar yo‘q, sababi ular islomiy davlat hisoblanadi va kasallik sabab vafot etgan bemorda bu tekshiruv o‘tkazilmaydi. Qachonki, o‘limga jinoyat oqibati deb qaralsa, uni sud tibbiy ekspertizasi aniqlab beradi.
Bu yerda shifokor tomonidan e’tibordan chetga chiqib qolgan holatlar qanday aniqlanadi degan savol tug‘ilishi mumkin. Kuzatuvlarim shuni ko‘rsatdiki, har bitta kuzatilayotgan asoratni bu tekshiruvsiz ham aniqlash imkoniyatlari bor. Misol uchun, biz ko‘rib chiqqan o‘pka arteriyasi tromboemboliyasini olaylik. Qon tahlillari yordamida ham shu asorat borligini taxmin qilish mumkin.
Yana bir tekshiruv usuli borki, agar bemorning holati buni ko‘tarsa, o‘pkani kompyuter tomografiya apparatiga joylab tomiridan kontrast yuboramiz. Bu orqali o‘pka tomirlarida tromb bor-yo‘qligi, bo‘lsa qayerdaligini aniqlash mumkin. Bu tekshiruv usullari patologik, anatomik tekshiruvga qadar ham bemorni tashxislash imkonini beradi. Shunga qarab erta davolash va erta yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.
— Bemor va donorning o‘limi shifokorlarning xatosi tufayli ro‘y bergani ehtimoli qanchalik yuqori?
— Bu savolga aniq javob berishim qiyin. Agar hech bo‘lmaganda shu voqeadan keyin tekshiruvda borib qatnashganimda yoki tibbiy tekshiruv qog‘ozlari bilan tanishganimda, qo‘limda yetarli ma’lumotlar bo‘lganida shularga asoslanib xulosa bersam to‘g‘riroq bo‘ladi, deb bilaman.
Lekin yuqorida aytganimday donorlikka tanlangan odam sog‘lom bo‘ladi va unda o‘lim kuzatilibdimi, demak, qayerdadir nimadir nazoratdan chiqib ketgan bo‘lishi kerak degan fikrdaman.
— Agar bemorlarning kasallik tarixlari, operatsiyagacha va undan keyin qo‘llanilgan muolajalarga oid ma’lumotlar taqdim etilsa, o‘limga nima sabab bo‘lganini aniqlashning imkoni bormi?
— Bu – juda qiziq savol. Bu haqda o‘zim ko‘pdan buyon o‘ylab yurardim. O‘zbekistondagi muammolarni bilganim uchun, ayni paytda xorijda ishlab boshqa davlatlarning tajribasi bilan solishtirish imkoniyatiga ega bo‘lganim uchun o‘zimga o‘zim savol berardim: nima uchun bemorda o‘lim holati kuzatilsa, faqatgina bemorning kasalxonadagi patalogo-anotomik tekshiruvlar natijasiga qarab turib yakuniy xulosa beriladi?
Chunki bu yerda ham tanish-bilish, hamma narsani bitta qo‘ng‘iroq bilan hal qilish imkoniyatlari juda yuqori, shuni hisobga olib neytral, davlatga qarashli bo‘lmagan kompaniya bo‘lsa-da, ularning mutaxassislariga mustaqil tekshiruv o‘tkazsa bo‘lmaydimi? Nima uchun bu narsa mumkin emas bizda, deb ko‘p o‘ylardim. Agar shu masala ko‘tarilsa, O‘zbekistondagi shifokorlarning xatolarini hech kim inkor qilolmaydi, bu narsa bor, buni inkor qilish imkonsiz.
Lekin bunga shifokorlar aybdor emas. Hech qachon shifokorlarni jazolash tarafdori bo‘lmayman. Bunga tibbiyot tizimimizning zamonaviy tendensiyalardan juda orqada qolib ketgani, tibbiyot xodimlari malakasini yetarlicha oshira olmasligi, tibbiyot institutlarida o‘qitish darajasining pastligi, Rossiya tibbiyoti ortidan quvib ketish kabi juda ko‘p omillar sabab bo‘lmoqda.
To‘liq suhbatni Kun.uz’ning YouTube kanalida ko‘rishingiz mumkin.
Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
16:25 / 20.03.2025
Milliy tibbiyot markazida komadagi bemorga jigar ko‘chirib o‘tkazildi
11:30 / 24.02.2025
Milliy tibbiyot markazida bir vaqtda 3 ta jigar transplantatsiyasi o‘tkazildi
18:38 / 19.12.2024
Milliy tibbiyot markazida noyob laparoskopik WHIPPLE amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi
15:56 / 08.10.2024