Jahon | 15:32 / 30.08.2022
13330
3 daqiqa o‘qiladi

Kremlni tanqid qilgan Yekaterinburg sobiq meri Royzmanga qarshi yangi jinoiy ish tayyorlanmoqda - OAV

Yekaterinburg sobiq meri terrorizmni omma oldida oqlaganlikda ayblanishi mumkin. Bu jinoyat besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Foto: 66.ru

Yekaterinburgning sobiq meri Yevgeniy Royzman yangi jinoiy ish bo‘yicha ayblanuvchiga aylanishi mumkin - Ichki ishlar vazirligi buning uchun zarur materiallarni allaqachon to‘plagan, deb xabar berdi 66.ru internet-nashri 30 avgust, seshanba kuni manbalarga tayanib. 

Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Royzman «terrorizmni oshkora oqlash»da ayblanishi mumkin (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 205-2-moddasi — besh yilgacha qamoq jazosi). Yangi ish bo‘yicha faktlarni Moskva tergovchilari siyosatchining Twitter’dagi postlari va YouTube'dagi bayonotlari asosida yig‘ishgan. 

Manbalardan biri - Sverdlovsk politsiya boshqarmasi xodimining aytishicha, mintaqaviy boshqarmada yangi ish qo‘zg‘atish uchun materiallar bor, biroq ular «ishga solinmayapti». Uning fikricha, Royzmanning ishi «jinoyatning haqiqiy tarkibi bilan birga, siyosiy hisoblanadi». Manbaning ta’kidlashicha, joriy yilda Royzmanni ikki marta «xorijiy agent» deb e’lon qilishga urinishgan, biroq ikkala urinish ham muvaffaqiyatsizlikka uchragan. 

Yekaterinburgning sobiq meri Yevgeniy Royzman 24 avgust kuni Rossiya armiyasini «obro‘sizlantirish»da ayblanib (Jinoyat kodeksining 280-3-moddasi 1-qismi — uch yilgacha qamoq jazosi) qo‘lga olindi. Ushbu moddaga ko‘ra, avvalroq armiyani «obro‘sizlantirish» bo‘yicha ma’muriy modda bo‘yicha aybdor deb topilgan shaxslar tergovga jalb etiladi. Royzman allaqachon ushbu modda bo‘yicha uch marta jami 150 000 rubl miqdorida jarimaga tortilgan. 

Jinoiy ish qo‘zg‘atilishiga Royzmanning Ukrainadagi urush haqida gapirgan YouTube videosi sabab bo‘lgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, siyosatchi «siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishni» va «salbiy kayfiyatni shakllantirishni istagan». 

25 avgust kuni sud Royzmanga nisbatan qamoqqa olmasdan, ayrim xatti-harakatlarini taqiqlash tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘lladi. Siyosatchiga jamoat joylariga borish va internetdan foydalanish taqiqlangan. 

Mavzuga oid