O‘zbekiston | 12:08 / 03.09.2022
53740
12 daqiqa o‘qiladi

60 yoshli fuqaro IIB xodimlarining qo‘lida jon berdi. Shubhalar va savollar ko‘p

Fuqaroning IIB xodimlari qo‘lida o‘lim topishi bilan bog‘liq navbatdagi holat Quvasoyda ro‘y berdi. Marhum o‘limidan biroz oldin uyida osh damlab, pomidor olib kelish uchun do‘konga chiqqan. Qanday qilib uchastkavoy qo‘liga tushib qolgani-yu, nega mastlik holatini tekshirish kerak bo‘lib qolgani hozircha noma’lum. Yaqinlari bu tabiiy o‘lim ekaniga ishonmayapti. Kun.uz muxbiri aniqlaganlari bu shubhalarni yanada ko‘paytirmoqda.

Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida 60 yoshli fuqaro IIB xodimlari tomonidan mastlik holatini tekshirish uchun tibbiyot birlashmasiga olib ketilayotganda sog‘ligi yomonlashib, vafot etdi.

Marhumning yaqinlari erkak uchastka nozirlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida vafot etganini aytmoqda. Kun.uz muxbiri holat yuzasidan surishtiruv olib bordi.

Marhum Haydarali Toshpo‘latov onasi bilan

Sudga oid tibbiy ekspertiza dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhum Haydarali Toshpo‘latovga “Yurak ishemik kasalligi, yurak toj qon tomirlari o‘tkir yetishmovchiligi, o‘ng tomonlama pnevmoniya, surunkali plevrit, oshqozon osti beziga qon quyilishi, alkogoldan zaharlanish” tashxisi qo‘yilgan.

Marhumning “uchastkavoy”lar bilan tortishib qolishiga nima sabab bo‘lgan?

Ma’lum bo‘lishicha, Quvasoy shahri Yuqori Mo‘yan mahallasining Soybo‘yi ko‘chasi 74-uyda yashovchi Haydarali Toshpo‘latov “Quvasoysement” AJda ma’lum muddat ishlab, pensiyaga chiqqan.

Farg‘ona shahridagi qurilish tashkilotlaridan biriga qorovullik qilayotgan marhum 2 kun ishlab, 2 kun dam olgan. U ish paytidaligida ikki nevarasi qo‘shni xonadonga kirib, televizor ehtiyot qismlarini buzib qo‘yishgan. Hammasi shundan boshlangan.

Marhumning kelini Gulmira Toshpo‘latovaga ko‘ra, qaynotasi ehtiyot qism sababli kelib chiqqan mojaro ortidan noma’lum sabablarga ko‘ra vafot etgan:

Gulmira Toshpo‘latova, marhumning kelini

Ishdan kelsam, farzandlarim uyda yo‘q ekan. Har doimgidek ko‘chada o‘ynayotgan bo‘lishsa kerak, deb o‘yladim. Birozdan keyin qo‘ng‘iroq qilishib, o‘g‘illarimni uchastkavoylar mashinaga solib olib ketayotgani haqida aytishdi. Xo‘jayinimga qo‘ng‘iroq qilib, bo‘lgan voqeani aytdim.

Bu yil katta o‘g‘lim 5, kichigi 3-sinfga o‘tdi. O‘g‘illarim odatda sinfdoshining uyiga o‘ynagani kirardi. O‘sha kuni ham ular o‘sha xonadonga kirib, DVD va tyunerlarni pachoqlab, ichidagi magnitini olishgan ekan. Xonadon sohiblari holatdan jahli chiqib, mahalla raisiga bu haqda shikoyat qilishgan, tez orada uchastkavoy va mahalla raisi o‘sha yerga yetib kelishgan ekan.

Uchastkavoylarning o‘g‘illarimni mashinaga solib olib ketayotganini ko‘rgan xo‘jayinim yosh bolalarni nozir xonasiga olib borish noto‘g‘ri ekanini aytganida, ular xo‘jayinimning qo‘lini qayirib mashinaga chiq, sen bilan o‘sha yerda gaplashamiz deb, uni ham mashinaga tiqishdi. Men ham ularning ortidan mashinaga chiqib oldim.

Uchastkavoy turmush o‘rtog‘imni xonasiga olib kirib ketdi. Birozdan keyin yana bir formali xodim va fuqaro kiyimidagi shaxs kelib, o‘sha xonaga kirdi. Men tashqarida turgandim, birdaniga to‘polon bo‘lib ketdi. Mahalla raisiga erimni urishyapti shekilli desam, erkaklarning ishiga aralashmang, erkakchasiga hal qilishyapti dedi. Uchastkavoy xonasiga kirsam, xo‘jayinim yerda dumalab yotgan ekan. Holatni telefonimga s’yomka qilaman desam, qarshilik qilishdi. Shundan keyin turmush o‘rtog‘imni shahar IIBga olib ketishdi.

Urayotgan holatni videoga olgan, deb gumon qilishdi chog‘i mendan telefonimni berishimni so‘rashdi. Bermadim.

Bu voqealar bo‘layotgan paytda qaynotam ishda bo‘lgan. Oradan ikki kun o‘tib, uyga kelganida o‘g‘lini uchastkavoylar urgani haqida tanishlaridan eshitgan ekan. 27 avgust kuni turmushga chiqqan qaynisinglim uyga keladigan bo‘ldi. Qaynotam oshni damlab qo‘yib do‘kondan pomidor olib chiqish uchun chiqib ketdi. O‘g‘lini urganidan jahli chiqqan ota uchastka nozirlari bilan gap talashib qolganmi, shu bilan uyga qaytib kelmadi.

Shu xonadonga kelin bo‘lib tushganimga 13 yil bo‘ldi. Qaynotam shu paytgacha sog‘ligidan shikoyat qilmagan. Pensiyaga chiqib ham ishlab yurgan sog‘lom odam edi”.

Marhumning o‘g‘li Elyor Toshpo‘latov otasi uchastkavoylar kaltaklashi ortidan vafot etgan, deb hisoblaydi.

Elyor Toshpo‘latov, marhumning o‘g‘li

24 avgust kuni soat 17:00-18:00lar atrofida bog‘da ishlayotgan paytimda ayolim qo‘ng‘iroq qilib, ikki o‘g‘limni uchastkavoylar mashinasiga qamab qo‘ygani haqida aytdi. Voqea joyiga borsam, mahalla raisi, uchastkavoy va xonadon sohibi ko‘chada turishgan ekan. Uchastkavoy mashinaga o‘tirishimni aytdi. Men esa bo‘lgan voqea yuzasidan avval o‘g‘illarim bilan gaplashib olishim kerakligi, undan keyingina mashinaga o‘tirishimni aytdim. Uchastkavoy bilan tortishib ketdik.

Mashinaga o‘tirib, uchastkavoy xonasiga keldik. Shunda nozir bolalarimni tashqariga chiqarib turishimni so‘radi. Ularni tashqariga chiqarishim bilan xonaga yana bir formali xodim kirib keldi. Bosh kiyimini yechgan xodim, sen hali melisaga baqir-chaqir qiladigan bo‘lib qoldingmi, deb urib ketdi. Ikki uchastkavoy meni do‘pposlashga tushishdi. Yerga yotqizishib rosa tepishdi. Mahalla raisi polda dumalab yotganimni ko‘rib ham mening tarafimni olmadi.

Oradan biroz vaqt o‘tib, o‘rnimdan turg‘izdi va kasalxonaga olib ketishdi. Shifoxonada tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi. Men shifokorga ikki nozir do‘pposlagani haqida aytdim. Shu payt Shukur ismli IIB xodimi meni tashqariga olib chiqib ketdi.

O‘sha kuni Quvasoy shahar IIBga olib borishib, 15 sutkaga qamashlari haqida aytishdi. Lekin qamashmadi, 23:30lar chamasida IIBdan chiqarib yuborishdi.

Oradan ikki kun o‘tib, rahmatli otam ishdan keldi. Bo‘lgan holat haqida so‘raganida hammasi joyida ekanini aytdim. 27 avgust kuni soat 17:30lar atrofida opam qo‘ng‘iroq qilib, dadamni uchastkavoylar olib ketganini aytdi. Ukam bilan IIBga bordik, u yerda otam yo‘q edi. Shifoxonaga borsak, IIB xodimlari ko‘p ekan. Shifokor dadam shifoxonaga olib kelingani, lekin u kelgunicha yo‘ldayoq joni uzilib bo‘lganini bildirdi.

Guvohlarning aytishicha, o‘sha kuni somsaxonada o‘tirgan paytda Lashkar mahallasida ishlaydigan uchastkavoy bilan bizning uchastka noziri Sherzod Mamadaliyev otamning qo‘llariga kishan taqib olib ketgan ekan.

Dadamni biror joyga olib borib kaltaklashgan deb o‘ylayman. Chunki somsaxona bilan shifoxonaning orasi 5 daqiqalik yo‘l. Shifoxonaga yetgunicha o‘z-o‘zidan otamning joni uzilganiga ishonmayman. Vrachning aytishicha, shifoxonaga yetib kelmasidanoq otamning joni uzilib bo‘lgan, nozirlar o‘lib bo‘lgan bemorni apparatga ulab, yuragiga massaj berishni so‘rashgan”, – deydi Elyor Toshpo‘latov.

Haydarali Toshto‘latovning ukasi Tavakkal Toshpo‘latov haqiqat yuzaga chiqib, aybdorlar javobgarlikka tortilishini xohlaydi:

Tavakkal Toshpo‘latov, marhumning ukasi

Pomidor olishga chiqib ketgan akamni uchastkavoylar nima sababdan qo‘liga kishan taqib olib ketishib, shifoxonaga o‘lik holatda olib borishganiga tushunmayapman. 84 yoshga kirgan onam akamning vafot etganini hali bilmaydi. Akam menga ota o‘rnida ota edi. Agar u yomon inson bo‘lganida mahallaga oqsoqol qilib saylashmagan bo‘lardi. Haqiqat yuzaga chiqishi, uchastkavoylar javob berishi kerak. Kasalligi yo‘q edi. Uchastkavoylarning qo‘liga tushib o‘ldi”.

Quvasoy shahar Tibbiyot birlashmasi reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i Qahramon Azimovga ko‘ra, marhum Haydarali Toshpo‘latov bo‘limga olib kelinganida jonsiz holatda bo‘lgan. Tanasida esa jarohat izlari bo‘lmagan.

Qahramon Azimov, Reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i

27 avgust kuni 17:50lar chamasida noma’lum shaxs uchastka noziri yordamida reanimatsiya bo‘limiga olib kelindi. Nozirning gapi bo‘yicha, olib kelingan shaxs o‘zini bilmay hushini yo‘qotgan. Ko‘rikdan o‘tkazilganida hayotiy belgilar yo‘q edi. Yurak urishi, nafas olishi, qon bosimi aniqlanmadi. Shunga qaramay reanimatsion muolajalar ko‘rsatildi. Lekin yurak faoliyati tiklanmadi. Holat bo‘yicha IIBga xabar berdik. O‘lim sababini aniqlash uchun sud-med ekspertizaga yuborildi. Tana qismida jarohat izlari aniqlanmadi”, – deydi shifokor.

Deputat mahalla raisining intervyu berishiga nega qarshi?

Marhumni mashinasiga mindirib olib ketgan uchastka noziri Sherzod Mamadaliyevdan izoh olish uchun uning xizmat xonasiga bordik. Afsuski, u ish joyida yo‘q edi. Marhumning yaqinlariga ko‘ra, uchastka noziri mash’um voqeadan keyin ko‘rinish bermagan.

O‘sha kuni voqea guvohi bo‘lgan “Yuqori Mo‘yan” MFY raisi Dilshod Sulaymonovdan intervyu olmoqchi bo‘lib turganimizda kutilmaganda qiziq holat ro‘y berdi. Rais xonasiga to‘satdan xalq deputatlari Quvasoy shahar kengashi deputati Oybek Xudoyberdiyev kirib keldi. Deputat faoliyatimizga to‘sqinlik qilib: “Garchi to‘rtinchi hokimiyat bo‘lsangiz ham, sizlarga holat bo‘yicha izoh berishga majbur emasmiz, xohlasak ma’lumot beramiz, xohlamasak yo‘q”, deya endigina intervyu berishga hozirlik ko‘rayotgan mahalla raisini xonadan olib chiqib ketdi. Rais esa o‘zining erkin fikri yo‘qligidanmi, uning ortidan ergashib xonasini tark etdi.

Holat o‘z-o‘zidan shubhalar ortishiga sabab bo‘ldi. Aslida bo‘lib o‘tgan holat bo‘yicha izoh berishga deputatning o‘zi tashabbus ko‘rsatishi kerak emasmidi?

Mahalladagi kamera joyi o‘zgartirib qo‘yilgan

Mahallada yashovchilarning aytishicha, mahalla idorasi va uchastka noziri binosiga qaratilgan, chinor daraxtiga o‘rnatilgan kuzatuv kamerasi o‘sha hodisa sodir bo‘lgan kuniyoq yechib olinib, boshqa joyga ko‘chirilgan.

Marhumning yaqinlariga ko‘ra, bu IIB xodimlari kamera yozib olgan kadrlarni o‘chirishga urinishlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Kuzatuv kamerasining avvalgi o‘rni
Yangi ko‘chirilgan joy

Marhum Haydarali Toshpo‘latovning sirli o‘limi bilan bog‘liq vaziyatga izoh olish uchun Quvasoy shahar IIBga borganimizda, kutilganidek, barcha mas’ul rahbarlar yig‘ilishda ekani aytilib, ichkariga kirishga ruxsat berilmadi.

Xullas vaziyat juda shubhali, savollar esa bisyor.

Uyidan o‘z oyog‘i bilan yurib do‘konga chiqib ketgan odam qanday qilib IIB xodimlariga ro‘baro‘ kelib qoldi? Qachondan beri uchastkavoylar piyoda yurgan odamni mastlik holatini tekshirish uchun tibbiyot birlashmasiga olib boradigan bo‘lib qolishdi? Marhumga xodimlar zo‘ravonlik qilmaganiga, o‘lim shunchaki tabiiy sodir bo‘lganiga jamoatchilikni qanday ishontirishmoqchi?

Aftidan bu yerda ham Kattaqo‘rg‘onda soliqchining YPX xodimlari tomonidan o‘ldirilgani holatiga o‘xshash voqeaning isi kelmoqda.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid