Bayden va respublikachilar Trampning mafkurasi sabab bir-biriga malomat toshlari otishmoqda
AQSh prezidenti Jo Bayden Oq uyning sobiq rahbari Donald Trampning «Amerikani yana buyuk qilamiz» (ing. Make America Great Again - MAGA) harakati tarafdorlari demokratiya uchun tahdid ekani haqida bayonot berdi.
Payshanba kuni kechqurun Pensilvaniyadagi nutqi chog‘ida Bayden yana bir bor Tramp tarafdorlari va respublikachilarni qattiq qoraladi. Senat va Kongress oraliq saylovlariga ikki oy qoldi – ularning natijasi Vashingtondagi kuchlar mutanosibligini belgilab beradi. Hozir demokratlar Amerika parlamentining ikkala palatasida minimal ko‘pchilikni tashkil etadi, biroq noyabrdagi saylovdan so‘ng respublikachilar qo‘li baland kelishi mumkin. Bu esa Bayden siyosatini amalga oshirishni ancha murakkablashtiradi.
«MAGA kuchlari mamlakatimizni orqaga qaytarishga qat’iy qaror qildi», dedi Bayden.
Bunga javoban respublikachilar va Vakillar palatasida ozchilik yetakchisi Kevin Makkarti «Bayden Amerikaga chuqur ruhiy jarohat yetkazdi» dedi va undan kechirim so‘rashni talab qildi.
AQSh prezidenti ikki yil avval Donald Trampga ovoz bergan 74 million amerikalikni qoralamasligini aytdi.
«Har bir respublikachi, hatto respublikachilarning aksariyati ham MAGA-respublikachi (Tramp tarafdorlari) emas, dedi Bayden. - Biroq, shubhasiz, bugungi kunda Donald Tramp va MAGA-respublikachilar Respublikachilar partiyasiga katta ta’sir o‘tkazmoqda, uni boshqarmoqda va qo‘rqitmoqda. Bu mamlakatimiz uchun juda katta tahdid».
Baydenning qayd etishicha, Donald Tramp tarafdorlari o‘tgan yili AQSh Kongressi binosiga bostirib kirgan olomonni isyonchi emas, balki vatanparvar deb bilishadi. «Biz uzoq vaqt davomida Amerikada demokratiya kafolati bor deb o‘ylagan edik. Lekin unday emas. Biz uni himoya qilishimiz kerak. Uning uchun kurashishimiz kerak. Hamma va har birimiz», - deb qo‘shimcha qildi Jo Bayden.
So‘nggi paytlarda AQSh prezidenti Tramp tarafdorlariga qarshi ritorikasini kuchaytirdi: o‘tgan hafta u «radikal» respublikachilarni «yarim fashistlar»ga tenglashtirdi.
Respublikachilar qanday javob qaytarishdi?
Baydenning nutqiga javoban Kevin Makkarti «AQSh prezidenti o‘z vatandoshlarini ajratish, kamsitish va obro‘sizlantirishni boshlagani»ni aydi. «Nima uchun? Shunchaki ular prezident siyosatidan norozi ekani tufayli. Bu yetakchilik emas», deya ta’kidladi Makkarti.
Shuningdek, u Baydenni «fashistlar deb atagan o‘n millionlab amerikaliklarni haqorat qilgani» uchun kechirim so‘rashga chaqirdi.
Makkartining aytishicha, Bayden prezidentligi oqibatida Qo‘shma Shtatlarda inflatsiya keskin ko‘tarila boshlagan, mamlakatda chegaralar ochilgan, ammo koronavirus pandemiyasi tufayli maktablar yopilgan. U prezidentni Afg‘onistondan qo‘shinlarning muvaffaqiyatsiz olib chiqilishi va so‘nggi yigirma yildagi eng halokatli jinoyatchilik to‘lqinida aybladi.
«Oxirgi ikki yil ichida Jo Bayden Amerika ruhiyatiga, fuqarolariga, qonunlariga, eng muqaddas qadriyatlariga hujum qildi», - dedi Makkarti.
Tahlil: Bayden demokratlar muvaffaqiyatiga yordam berdimi?
So‘nggi bir yil ichida ilk marta prezident reytingi yana yuqoriga o‘rmalab borayotganga o‘xshayapti – juda dahshatlidan shunchaki yomonga qadar.
Baydenning shaxsiy siyosiy qiyinchiliklari Demokratik partiyani qo‘llab-quvvatlashda o‘z aksini topmayotganga o‘xshaydi. Demokratlar so‘nggi oylarda respublikachilar bilan shaxsiy duellarda bir necha bor g‘alaba qozonishgan.
Ammo bu muvaffaqiyatlarda Baydenning roli unchalik katta emas: prezident koronavirus bilan kasallandi, shuningdek, bu holatda prezident vakolatlari ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etmaydi. Biroq, siyosatchilar, odatda, har qanday yutuqlarni, hatto ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lmasa ham, o‘zlashtirib olish imkoniyatini qo‘ldan boy bermaydilar.
Baydenning payshanba kungi nutqi asosan xizmatlarini tan olish uchun sharoit yaratish haqida edi, agar yakunda hammasi yaxshi bo‘lsa albatta. Bundan tashqari, Bayden o‘z nutqi bilan Amerika demokratiyasiga tahdid bo‘layotganini ta’kidlab, oraliq saylov kampaniyasining yakuniy bosqichida bahs-munozaralar uchun mavzuni yuzaga keltirmoqchi bo‘ldi.
Agar yana biror narsa noto‘g‘ri ketadigan bo‘lsa, u siyosiy javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi.
Saylovchilar qanday fikrda?
Bayden nutq so‘zlagan joydan 190 kilometr uzoqlikdagi kichik Nyufaundlend shaharchasi aholisi «demokratiyaga tahdid solinayotgani»dan unchalik tashvishlanmayapti. Ular ko‘proq benzin narxidan xavotirga tushishgan. Bir necha saylovchilar Tramp prezidentligi davridagi va hozirgi iqtisodiy vaziyat o‘rtasidagi farq haqida gapirdi.
Biroq, o‘zini bir umr respublikachi deb hisoblagan yana bir amerikalik endi hech qachon Trampga yoki sobiq prezident yordamiga tayanadigan boshqa nomzodga ovoz bermasligini aytdi.
Noyabr oyidagi ovoz berish jarayonida Donald Trampning ismi byulletenlarning birortasida kiritilmaydi, biroq uning saylovdagi ishtirokini sezmaslikning iloji bo‘lmaydi.
Shu hafta oxirida u Pensilvaniya shtatining Skranton shahrida miting o‘tkazadi. Bu shtatdagi bir qancha respublikachi nomzodlar Trampning qo‘llab-quvvatlashi tufayli o‘z nomzodini qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.
Mavzuga oid
10:18
Reuters: Bayden Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini tayyorlamoqda
08:10
Tramp o‘zining Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakilini tanladi
17:32 / 27.11.2024
Kiyev va Moskva o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari: u qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkin?
10:33 / 27.11.2024