O‘zbekiston | 12:04 / 03.09.2022
16825
6 daqiqa o‘qiladi

Sudyalarning qo‘ltig‘iga suv purkayotgan kim? Yoxud kassatsiya instansiyasi “vakolatlariga ega” Oliy sud axborot xizmati

Sudning qonuniy kuchga kirmagan hukmi haqida maqola yozgan jurnalistni tanqid qilgan Oliy sud Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi, o‘sha kuchga kirmagan hukmni to‘g‘ri va asosli deya xulosa qilgan. Sudyalarga gard yuqtirmaslikka harakat qiladigan bu boshqarmani isloh qilmay turib, sud tizimida o‘zgarish qilish amrimahol.

Foto: Oliy sud

Tergov va sudlarda shunday ishlar bo‘ladiki, uni ko‘rgan har qanday shaxs qonunlarni buzish va adolatsizlik bo‘lganini hech bir qiyinchiliksiz tushunib oladi. Buning uchun albatta sudya bo‘lish shart emas.

Kun.uz sayti Toshkent tuman IIB xodimlari va jinoyat sudi sudyalarining ana shunday “buyurtma” ishlari haqida maqola e’lon qilgandi.

Oliy sud Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi (boshlig‘i Aziz Obidov) ushbu maqolaga munosabat bildirar ekan, jurnalistni noxolislik va malakasizlikda ayblaydi.

Bu ham yetmaganday, tanqid qilingan ish bo‘yicha hukm to‘g‘ri ekanini ta’kidlab(?!), beixtiyor uni chiqargan sudyalarga dalda bo‘ldi.

“Sudlanuvchining aybi uning aybiga qisman iqrorlik bildirib bergan ko‘rsatuvlaridan tashqari, sud majlisida so‘roq qilingan guvohlar, qo‘shimcha guvohlarning tushuntirishlari, jinoyat ishi yuzasidan to‘plangan hujjatlar hamda boshqa obektiv dalillar yig‘indisi bilan to‘liq tasdig‘ini topgan”, deb yozadi Aziz Obidov rahbarlik qiladigan boshqarma.

Jurnalist shaxsga berilgan jazo haqida fikr bildirar ekan, bunga jamoatchilik vakili sifatida haqqi bor. Ammo qonuniyligiga faqat yuqori instansiya sudidagina baho berilishi mumkin bo‘lgan hujjatni “qonuniy” deyishga Aziz Obidovda qanday huquq bor? Oliy sudning (A.Obidov timsolida) hali apellyatsiya instansiyasida ko‘rilayotgan ishlarni hozirdanoq “qonuniyligi” haqida bong urishi ushbu bosqich sudyalariga qo‘shimcha dalda bo‘lmaydimi? Oliy sudning o‘zidan dalda bo‘lib turar ekan, quyi sud sudyalari o‘zlarini yig‘ishtirib olarmidi?

Albatta, jurnalist – birinchi navbatda ijodkor. U – sudya emas, sovuq ohang ufurib turgan matnlarga hissiz, ammo yurakni o‘yib tashlaydigan so‘zlarni ketma-ket tirkamaydi. Jurnalist matnlarida emotsiya biroz bo‘rtishi tabiiy, ayniqsa, bir inson taqdiri “plan” ortidan quvadigan mas’uliyatsiz tergovchilar-u ularning yo‘rig‘idan chiqmayotgan ayrim sudyalarning panja(ra) ortidagi nigohlari bilan azoblar va adolatsizliklarga mahkum etilayotgan bo‘lsa.

Obidov qalamkash noxolislik va hissiyotlarga berilgan holda “xolis va adolatli sudyalarga tashlanayotgani”ni iddao qilgan. Agar sud tizimimiz, sudyalarimiz u himoya va iddao qilayotganidek xolis va adolatli bo‘lganida prezident Mirziyoyev 2026 yilgacha amalga oshirilishi shart, deya sanagan bosh islohotlar ro‘yxatining ikkinchi pog‘onasida turmagan bo‘lar edi.

Oliy sud munosabatining bir o‘rnida sud to‘g‘ri hukm chiqarganini ta’kidlay turib, sudlanuvchining o‘z aybiga iqrorligini birinchi bo‘lib sanagan va bosh argument sifatida keltirgan. Mustabid tizimning qatag‘on (1937-38) yillarida SSSR bosh prokurori, millionlab insonlarni «vyshka»ga jo‘natgan Vyshenskiyning “Iqror – dalillarning qirolichasi” degan oltin iborasi bo‘lgan. Bugungi kunda ham ayrim tergov, prokuratura va hattoki sud tizimi vakillari o‘sha mash’um metin qoidaga hamon sodiq ekani juda og‘riqli...

Shundan bo‘lsa kerak, quyi sudlarning ko‘p sudyalarini g‘ayriqonuniy qaror qabul qilib qo‘yishi ortidan ommaviy axborot vositalari yoki ijtimoiy tarmoqda tanqidga uchrashi mumkinligi tashvishlantirmay qo‘ygan. Boisi tanqidlarga nisbatan Oliy sud matbuot xizmati qanday munosabat bildirayotganini jamoatchilik ko‘rib turibdi: goh tanqidda ko‘tarilgan mavzuni shundoq takrorlagan holda “munosabat” bildirsa, goh hali qonuniy kuchga kirmagan hukmni “qonuniy” ekanini da’vo qilib, jurnalistni malakasizlikda ayblaydi. Bundan tashqari, chop etilayotgan tanqidlarni “sud ishiga aralashish” yoki “sudyaga ta’sir o‘tkazish” deb baholaydi.

Oliy sud matbuot xizmatining ommaviy axborot vositalarida muntazam chop etilayotgan tanqidlarga o‘ta-o‘ta yuzaki munosabat bildirishini yoki o‘xshasa-o‘xshamasa “raddiya” berishini hali birorta jurnalist “so‘z erkinligini bo‘g‘ish” deb talqin qilayotgani yo‘q. Ammo unutmaslik kerakki, uning (Aziz Obidov) bu harakatlari aynan so‘z erkinligini bo‘g‘ishdir.

Masalan, Oliy sud fuqaroning bahosi 500 mln so‘m turadigan uyini tortib olib, evaziga 58 mln so‘m to‘lab bermoqchi bo‘lganini qonuniy degan ham aynan Aziz Obidov edi.

Xullas, Aziz Obidov boshchiligidagi Oliy sud Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasining o‘z ishiga yondashuvi o‘zgarmas ekan, g‘ayriqonuniy hukm va qarorlar qabul qilishdan qaytmaydigan sudyalar “ko‘zini ochishi”ga ishonib bo‘lmaydi. Oliy mahkamaning mavqeyi ham ko‘tarilishi qiyin. Chunki aynan shu boshqarma nafaqat Oliy sudning, balki butun sud tizimining yuzi hisoblanadi. Ommaviy axborot vositalari esa oyna. Bashara qiyshiq bo‘lsa, oynadan o‘pkalanmaydi.

Yana mavzu avvaliga qaytsak. Aziz Obidov “qonuniy va asosli” deya himoya qilayotgan har ikkala ish ham tez kunlarda apellyatsiyada ko‘riladi. O‘sha ishlarni ko‘rishda Kun.uz vakillari ham albatta qatnashadi. Unda adolat nuqtayi nazaridan Aziz Obidov ham ishtirok etishini so‘rab qolamiz.

Mavzuga oid