O‘zbekiston | 09:01 / 06.09.2022
9547
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida 4,5 gektar yerni 240 ming dollarga sotishni rejalashtirgan shaxslar ushlandi

Toshkent viloyati Zangiota tumanida yerni noqonuniy sotish holati aniqlandi.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

2022 yil 29 avgust kuni IIVga ayol ariza bilan murojaat qilib, o‘z arizasida yer olish maqsadida e’lonlar sayti orqali notanish makler bilan tanishib qolganini bildirgan.

IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xabariga ko‘ra, ayol ushbu makler Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumanidagi MChJ rahbari o‘g‘li bilan uni tanishtirganini, hozirda MChJ rahbari o‘g‘li jamiyatga ajratilgan 4,5 gektar bo‘sh yer maydonini 240 000 AQSh dollariga sotishini va kadastrda ishlovchi tanishi orqali yer maydoniga hech qanday qurilma qurmasdan kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishini, buning uchun unga 1000 AQSh dollari va yer maydoni uchun bo‘nak sifatida 12 000 AQSh dollarini berishi kerakligini aytganini bildirgan.

Shu kuni IIV JQBB va IJQKB Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘limi, Bosh prokuratura hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Zangiota tuman bo‘limi xodimlari bilan hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Uning davomida, Toshkent viloyati Zangiota tumani MAN avtosaloni avtoturargohida gumonlanuvchi makler ariza muallifidan talab qilgan pullardan 13 000 AQSh dollarini bo‘nak (avans) sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Holat yuzasidan 2022 yil 30 avgust kuni IJQK departamenti Zangiota tumani bo‘limi tomonidan gumonlanuvchi va boshqalarga nisbatan JK tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqarolar JPK 221-moddasi tartibida ushlangan.

Olib borilgan tergovoldi tekshiruv ishlari davomida gumonlanuvchi kadastr hujjatlarini kim orqali rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgani aniqlanib, hozirda ushbu shaxs jinoyatga aloqadorligi tekshirilmoqda.

Mavzuga oid