Apple taqdimoti: Yangi qurilmalar, o‘zgarishlar va narxlar
7 sentabr kuni Apple kompaniyasi iPhone 14 liniyasidagi yangi qurilmalari taqdimotini o‘tkazdi. Taqdimot qanchalik kutilganini uni jonli efirda 3 millionga yaqin foydalanuvchi tomosha qilib o‘tirganidanoq sezish mumkin.
Bu safar kompaniya iPhone’larning mini modelidan voz kechdi hamda iPhone 14, iPhone 14 Plus, iPhone 14 Pro va iPhone 14 Pro Max modellarini taqdim qildi.
Dastlab iPhone 14 va 14 Plus haqida
Bu qurilmalarning ikkalasi ham A15 Bionic protsessori bilan jihozlangan. Bu protsessor iPhone 13’dagi A15 protsessoridan 25 foizga kuchliroq. Videotasvirga olish stabilizatsiyasi uchun Action Mode funksiyasi qo‘shilgan. Orqa – asosiy kameralar kam yorug‘lik sharoitida ham 49 foizga ranglarni yorqinroq ko‘rsatadi, old – selfi kamera esa 38 foizga yorqinroq. Shuningdek, selfi kamerada ilk bor avtofokus funksiyasi paydo bo‘lgan.
Bu qurilmalar AQSh uchun jismoniy sim-kartasiz chiqadi, ya’ni e-sim karta yordamida ishlaydi. Shuningdek, AQSh va Kanadada noyabr oyidan boshlab qurilma egasi favqulodda holatlarga tushganda va aviahalokatlar sodir bo‘lganda sputnik orqali xabar qoldirish funksiyasi ishga tushishi kutilmoqda.
iPhone 14 bozorlarda 16 centyabrdan paydo bo‘ladi va uning AQShdagi narxi 799 dollar. iPhone 14 Plus esa 899 dollardan boshlanadi va 7 oktyabrdan bozorlarga chiqishi aytilmoqda.
Asosiy kutilgan flagmanlar iPhone 14 Pro va Pro Max qurilmalarida o‘zgarishlar qatorida esa — Always-on Display funksiyasi, ekranning yuqori qismidagi o‘zgarish hamda yaxshilangan kameralarni sanash mumkin.
Asosiy o‘zgarish ekran tepasidagi kichik tirqishda, Apple uni dinamik orol, deya atagan. Ya’ni endilikda u bildirishnomalar turiga qarab eniga va bo‘yiga o‘z shaklini o‘zgartiradi. Tirqish ichidagi kameralar 30 foizga kichraygani tufayli, u endi kamroq xalaqit beradi.
14 Pro va Pro Max’ning ekran yorug‘ligi 13 Pro’ga nisbatan 2 barobar oshirilgan – 2000 nit.
iPhone’larga ilk bor qo‘shilgan Always-on Display funksiyasi yoqilsa, ekran – zaryad tugaguniga qadar yoniq turishi ta’minlanadi.
14 Pro va Pro Max’ga yangi 6 yadroli A16 Bionic protsessor qo‘yilgan. Ishlab chiqaruvchilar u bir sekundda rasmlar bilan 4 trillion operatsiyani bajara olishini, shu bilan birga 40 foizga tezroq va 20 foiz ko‘proq energiya samaradorligini aytmoqda.
Eng asosiy o‘zgarishlar bu – kameralarda bo‘ldi. Apple tarixida ilk marta 65 foizga kattaroq bo‘lgan 48 MP’lik kameralar paydo bo‘ldi. Bunga qadar Apple qurilmalari maksimum 12 MP’lik kameralar bilan jihozlanar edi.
Bundan tashqari boshqa barcha kameralar ham 2-3 barobarga yaxshilangan. Kinoeffekt rejimida ham 4K yordamida tasvirga olish funksiyasi qo‘shilgan.
Smartfonlar qora, oq, siyohrang hamda oltin ranglarda chiqarilgan, 128 gbdan 1 tbgacha xotiraga ega.
AQShda iPhone 14 Pro 999 dollardan, iPhone 14 Pro Max 1 099 dollardan boshlanadi. Ular 16 sentabrdan bozorlarga chiqishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, taqdimotda Apple Watch’lar biryo‘la 3 xil yangi ko‘rinishi namoyish qilindi: Apple Watch 8, Apple Watch SE va Apple Watch Ultra.
Apple taqdimotda Air Pods Pro 2-avlod simsiz quloqchinlarini ham namoyish qildi.
Mavzuga oid
11:28 / 10.11.2024
Dunyo bo‘ylab eng ko‘p sotilayotgan smartfonlar nomi ma’lum qilindi
21:56 / 08.11.2024
iPhoneʼning yangi funksiyasi politsiyachilarning zarariga ishlamoqda - OAV
22:30 / 02.11.2024
Apple Globalstar sun’iy yo‘ldosh kompaniyasiga 1,5 mlrd dollar investitsiya kiritadi
00:17 / 31.10.2024