Jahon | 09:14 / 08.09.2022
3373
2 daqiqa o‘qiladi

Trass va Shols ishonchli energiya ta’minoti muhimligini ta’kidladi

Germaniya kansleri bilan suhbatda Liz Trass Rossiyaning iqtisodiy shantajidan aziyat chekayotgan davlatlarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi. Shols Britaniya yangi bosh vazirini Berlinga tashrif buyurishga taklif qildi. 

Foto: Reuters

Britaniya hukumatining yangi rahbari Liz Trass Germaniya kansleri Olaf Shols bilan telefon orqali energiya inqirozini muhokama qildi. «Ikkala siyosatchi ham ishonchli va barqaror energiya ta’minoti muhimligini ta’kidladi», dedi Britaniya hukumati vakili 7 sentabr, chorshanba kuni kechqurun. Uning so‘zlariga ko‘ra, Trass Yevropada demokratiya va erkinlikni himoya qilish hamda Rossiyaning iqtisodiy shantajidan aziyat chekayotgan mamlakatlarga yordam ko‘rsatish muhimligini ta’kidlagan. Britaniya hukumati rahbari, shuningdek, Germaniyani mudofaa sohasida yaqinroq hamkorlik qilishga chaqirdi. Trass, shuningdek, Shimoliy Irlandiya bo‘yicha protokolda tez orada yechim topilishiga umid bildirdi. Buyuk Britaniya va Yevropa ittifoqi Brekzitdan keyin Yevropa ittifoqiga a’zo davlat Irlandiya va Britaniyaning Shimoliy Irlandiya provinsiyasi o‘rtasida bojxona va chegara nazorati qanday tashkil etilishi kerakligi bo‘yicha kelishmovchilikda. 

O‘z navbatida, Shols Trassni bosh vazir lavozimiga tayinlangani bilan tabrikladi va uni tez orada Berlinga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi, deb xabar berdi federal hukumat vakili Shteffen Xebeshtrayt. 

Bir kun oldin Liz Trass Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali gaplashgan edi. Bu uning bosh vazir etib tayinlanganidan keyin xorijiy davlat rahbari bilan birinchi muloqoti bo‘ldi. Trassga ko‘ra, Ukrainani «to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi». Kiyev uzoq muddatli istiqbolda Londonning yordamiga ishonishi mumkin, deb xabar berdi Britaniya bosh vaziri ofisi. 

Rahbarlar, shuningdek, «global xavfsizlikni mustahkamlash zarurati va Putin urush mashinasini moliyalashtirishni to‘xtatish uchun zarur bo‘lgan choralarni» muhokama qilishdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid