Yelizaveta II qaysi klubga muxlislik qilgan? Britaniya buni aniqlashga 70 yil urindi
Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II 96 yoshida vafot etdi. Uning siymosi atrofidagi ko‘plab sir-asrorlar orasida futbolga bog‘liq joyi ham bor edi. Angliya uning bu sportga qanchalik qiziqishini va qaysi klubga muxlislik qilishini bilish uchun juda ko‘p vaqt va kuch sarfladi.
Yosh qirolicha hukmronligini stadionga borishdan boshladi, bu unga juda katta yordam berdi
1952 yil 6 fevralda qirol Jorj VI trombozdan vafot etdi. Ikki kundan keyin uning 25 yoshli qizi taxtga o‘tirdi va Yelizaveta II nomini oldi.
Oddiy xalqqa yosh qirolicha unchalik yoqmas edi: u omma oldida juda kam ko‘rinish berardi (garchi otasi davrida ko‘plab tadbirlarda uning o‘rnida ishtirok etgan bo‘lsa-da), o‘ta rasmiyatchi edi va o‘z so‘zlariga ko‘ra, odamlardan ko‘ra otlarni ko‘proq yoqtirardi.
Otasi Buyuk Britaniyaning Ikkinchi jahon urushidagi kurashi ramziga aylangan edi. Yelizaveta esa bu borada unga har tomonlama yutqazardi. Bunday imijni o‘zgartirish zarur edi.
Bunga toj kiydirish sanasi yordam berdi. U taxtga rasman o‘tirganidan keyin deyarli bir yarim yil o‘tgach, 1953 yil 2 iyun kuniga tayinlandi. Eski an’analar shuni talab qilardi: avvalgi hukmdor vafotidan keyin ma’lum vaqt davomida motam qilish va jarayonga puxta tayyorgarlik ko‘rish uchun.
Bu vaqt davomida qirolicha va uning atrofidagilar yangi monarx siymosi ustida ishladilar. Asosiy vazifa o‘zgarishsiz qoldi: Yelizavetani xalqqa yaqinlashtirish kerak edi.
Bunga toj kiydirish marosimidan roppa-rosa bir oy oldin o‘tkazilgan Angliya Kubogi finali yordam berdi. «Blekpul» va «Bolton Uonderers» klublari Uemblida uchrashishdi – 100 ming tomoshabin orasida qirolicha va uning eri Filipp ham bor edi.
Mamlakatning bosh stadionidagi olomondan tashqari, finalni ilk bor TV orqali minglab britaniyaliklar ham tomosha qilishdi. Gap shundaki, toj kiydirish marosimidan oldin odamlar ommaviy tarzda TV sotib olishni yoki ijaraga olishni boshlab yuborishgandi. Shu sababli futbol o‘yinini ham TV orqali namoyish etishga qaror qilishdi.
«Blekpul» 4:3 hisobida g‘alaba qozondi. G‘oliblarga Kubok va faxriy nishonlarni Yelizavetaning o‘zi topshirdi. Guvohlarning qayd etishicha, qirolicha xushmuomala va do‘stona bo‘ldi, futbolchilar bilan fikr almashdi, qo‘l berib ko‘rishdi va tabassum qildi.
G‘oya g‘ayrioddiy emas, Angliya shunga o‘xshash ssenariyni 16 yil oldin ham ko‘rgan edi. 1937 yil 1 mayda Jorj VI va uning rafiqasi Yelizaveta (bu qirolichaning onasi) Uemblida bo‘lib o‘tgan Angliya Kubogi finalida ishtirok etib, mukofotlarni topshirgan, tabassum qilgan va «ijobiy imij ustida ishlagan» edi. Bu o‘yin ham monarxga toj kiydirish marosimidan oldin bo‘lib o‘tgandi.
Yelizaveta II futbolga navbatdagi shov-shuvli tashrifini faqat 13 yildan keyin amalga oshirdi. 1966 yilda Angliya jahon chempionatiga mezbonlik qildi. Ushbu turnir mamlakat uchun asrning asosiy voqeasi va milliy jamoaning eng yaxshi muvaffaqiyati bo‘ldi. Qirolicha buni o‘tkazib yubora olmasdi. U ikkita o‘yinda qatnashdi: Urugvayga qarshi ochilish o‘yini va Angliya – GFR (4:2) o‘rtasidagi finalda. Ssenariy bir xil: tribunada qirollik juftligi, tabassum, sovrinlar.
Keyingi o‘ttiz yil odatdagidek o‘tdi: futbolga borish uchun hech qanday jiddiy sabablar yo‘q edi. 1996 yilda Angliya Yevropa chempionatiga mezbonlik qildi. Biroq milliy jamoa finalga chiqolmadi, qirolicha esa bu safar bosh sovrinni Germaniya futbolchilariga topshirdi.
Keyingi yillarda Yelizaveta muhim futbolchilar yoki murabbiylarga ritsarlik unvonini berish tadbirlari orqali futbol yangiliklarida chiqib turdi. Ammo stadionlarda ko‘rinish bermasa ham qirolicha futbol olamidagi alohida mavzuga aylandi.
Aytishlaricha, Yelizaveta II yashirincha «Milluoll»ga muxlislik qilgan. Yoki «Vest Hem»gami?
Ko‘p yillar davomida jurnalistlar tinchlanmadi: axir futbol mamlakatida qirolicha futbolni yaxshi ko‘rishi kerak emasmi? Saroydagi manbalar esa sirli izohlar bilan cheklanishdi: ha, qirolicha qaysidir klubga muxlislik qiladi, lekin buni ochiq ayta olmaydi. Axir, har qanday muxlislik ochiq aytilsa, yon bosishlik sifatida salbiy qabul qilinishi mumkin.
Shu sababli Yelizaveta sukut saqlashni va turli mish-mishlarga izoh bermaslikni afzal ko‘rdi. Ba’zida gap-so‘zlar juda hayratlanarli edi. The Sun xabariga ko‘ra, qirolicha Londonning «Milluoll» klubi o‘yinlariga yashirincha borib turgan. U o‘ta janjalkash muxlislarga egaligi va Teddi Sheringemning birinchi jamoasi sifatida mashhur.
Nashrning ta’kidlashicha, qirollik mashinasining orqa oynasida «Hech kim bizni yaxshi ko‘rmaydi, lekin bu bizni qiziqtirmaydi» degan stiker yopishtirilgan. Bu ibora «Milluoll» fanatlarining shiori hisoblanadi.
Keyinchalik Daily Mirror bu ma’lumotni rad etib, hamkasb jurnalistlar hamma narsani chalkashtirib yuborishganini, noto‘g‘ri talqin etishganini qayd qildi.
Nashrning yozishicha, «Milluol»ga saroy xodimlaridan biri muxlislik qiladi, qirolicha esa ularning ashaddiy raqibi «Vest Hem»ga. Yelizaveta «Vest Hem» bilan Angliya Kubogi va UYeFA Kubok egalari kubogini qo‘lga kiritgan buyuk murabbiy Ron Grinvudga hurmati baland. U Ron bilan bir necha bor uchrashgan va o‘ta o‘qimishli ekanidan hayratda qolgan.
Keyinchalik, Yelizaveta va «Vest Hem» o‘rtasida aloqa borligiga shahzoda Harri xatti-harakatlari ham dalil sifatida ko‘rsatildi. U tug‘ilgan kunida qo‘lida «Vest Hem» futbolkasi bilan suratga tushdi. Harri «Apton Park» stadioniga tashrif buyurgani, futbolkani esa unga klub xodimlari bergani haqidagi tafsilotlar matbuotda negadir tushirib qoldirildi.
«Milluol» ham, «Vest Hem» ham Londonning eng notinch Ist End hududida joylashgan. Urushdan oldin bu yerda fashistlar va anarxistlar yashagan, keyin esa Osiyo va Afrikadan kelgan minglab muhojirlar, shuningdek, mahalliy fabrikalarning ishchilari qo‘nalg‘a topgan. Bu yerda Gay Richi «Kartalar, pullar va ikkita qurol» bilan «Katta o‘lja» filmlarini suratga olgan. Hudud aholisining so‘zlariga ko‘ra, filmdagi zo‘ravonlik bilan bog‘liq voqealar bu yerda muntazam sodir bo‘lib turadi. Bularning barchasi qirolichaning sevimli klubi ushbu hududdan emasligiga asosiy dalildir.
Balki «Arsenal»dir?
Yelizavetaning qaysidir klubga muxlislik qilishi haqidagi navbatdagi dalillar 2007 yilda paydo bo‘lgan. Bu safar ular jiddiyroq edi.
«Arsenal» nihoyat yangi stadionni qurib bitkazdi – ochilish marosimi 2006 yilning oktyabriga belgilandi va klubning 120 yilligiga bag‘ishlandi. Tadbirga qirolicha ham taklif qilindi, biroq Yelizaveta xastaligi tufayli kelmadi. Uning o‘rniga «Emireyts»ni eri Filipp ochdi.
Bir necha oy o‘tgach, «Arsenal» Bukingem saroyiga taklif qilindi.
«Qirolicha belidagi muammolar tufayli «Arsenal»ning yangi stadionini rasman ocha olmaganidan hafsalasi pir bo‘ldi», dedi Yelizaveta vakillaridan biri. «Shuning uchun, Hazrati Oliyalari loyihaning barcha ishtirokchilariga mashaqqatli mehnat uchun minnatdorchilik bildirish, shuningdek, yangi odamlar bilan tanishish maqsadida ziyofat uyushtirishga qaror qildi».
Bu misli ko‘rilmagan holat edi: birinchi marta qirolicha qabuliga butun bir futbol klubi tashrif buyurdi. Arsen Venger, Terri Anri va butun jamoa qirolicha qarorgohida 40 daqiqa vaqt o‘tkazdi. U o‘yinchilar bilan xotirjam muloqot qildi, saroy haqida hikoya qildi va Anrining ko‘p qirrali iste’dodini maqtadi.
Qirolicha 19 yoshli Sesk Fabregasda katta taassurot qoldirdi: «U mening kimligimni aniq bilar ekan», dedi u Ispaniya radiosiga bergan intervyusida. – Biz biroz suhbatlashdik, Ispaniya qirolini muhokama qildik. Keyin u bizga uzoq vaqtdan beri «Arsenal»ga muxlislik qilishini va bizni ko‘rganidan juda xursand ekanini aytdi».
Bu so‘zlar Angliyada axborot bombasini portlatdi. Nashrlar yana saroy vakillaridan izoh so‘ray boshladilar. The Sun yana bir surishtiruv o‘tkazdi. Nashrga ko‘ra, qirolicha ellik yildan ko‘proq vaqt davomida «Arsenal»ga muxlislik qilib kelmoqda. Bu muxlislikni unga onasi singdirgan. U «Arsenal»ning qanot himoyachisi Denis Kompton iste’dodiga qoyil qolgan. Denis «Arsenal» safida atigi 54 ta o‘yin o‘tkazdi (urush va sog‘lig‘i xalaqit berdi), lekin 1948 yilda chempionlik va 1950 yilda Angliya Kubogida g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi.
«Emireyts»ning ochilish marosimiga taklif bilan bog‘liq dalillar ham topildi. 1936 yilda Yelizavetaning amakisi, Uels shahzodasi eski «Hayberi» stadionida g‘arbiy tribunani ochgan edi.
Qirolicha matbuotda tarqalgan bunday xabarlarga ham izoh bermadi.
Nahotki «Glazgo Reyndjers»?
Shotlandiyaning Glazgo shahri parlamenti a’zosi Ien Devidson Bukingem saroyiga uyushtirilgan ekskursiya chog‘ida «Glazgo Reyndjers» klubi fotosuratiga duch keldi. Rasm binoning yuqori qavatlaridan birida, odatda sayyohlar bormaydigan qismida osib qo‘yilgan.
«Bu rasm qaysi yil olinganini aniq bilmayman. Lekin bu, albatta, «Reyndjers» – men ularning libosi va surat tepasidagi yozuvdan tanidim», deb tushuntirdi Devidson.
Afsuski, u suratni aynan kim osib qo‘yganini so‘ramagan. Ehtimol, bu Filipp yoki qirolichaning farzandlaridan biri bo‘lishi mumkin. Ammo «Reyndjers» muxlislari bu g‘oyani darhol ilib ketishdi va o‘z jamoasini «Qirolicha yigitlari» deb atay boshlashdi.
Sevimli klub haqidagi ko‘plab savollarga Bukingem saroyi vakili har doimgidek qisqa va sirli tarzda javob qaytardi: «Qirolicha o‘z hukmronligi davrida mamlakat kubogi va jahon chempionati o‘yinlariga tashrif buyurgan. U, albatta, Angliya milliy jamoasini qo‘llab-quvvatlaydi. Qolganini esa bilishimiz shart emas».
Mavzuga oid
10:59 / 07.11.2024
Qirolicha Yelizaveta II va shahzoda Filippning to‘yidagi tort bo‘lagi kimoshdi savdosida sotildi
21:51 / 13.09.2024
Britaniyada Yelizaveta II ning yangi haykali paydo bo‘ldi. U ko‘plab bahslarga sabab bo‘lmoqda
18:36 / 01.01.2023
Nima uchun Britaniya qirolichasi kutilmaganda oddiy fuqaroning to‘yiga tashrif buyurgan?
20:14 / 20.09.2022