O‘zbekiston | 07:22 / 12.09.2022
40797
2 daqiqa o‘qiladi

IIBB 142-maktabda o‘quvchilar tekshirilgani bo‘yicha izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 142-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida ichki ishlar organlari xodimlari, maktab ma’muriyati hamda o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan profilaktik suhbat jarayoni aks etgan video va fotosurat tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Foto: Facebook / «Potrebitel.uz»

Toshkent shahar IIBB ma’lum qilishicha, 10 sentabr kuni soat 08:30 larda maktab rahbariyati va voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor psixologlar ishtirokida o‘quvchilar o‘rtasida “Davomat” va “Tig‘” tadbirlari bo‘yicha profilaktik suhbat o‘tkazilgan. 

Profilaktik tadbir jarayonida 11-sinf o‘quvchisi B.M. yonida g‘ilofsiz holda kanselyariya qaychisini olib yurgani aniqlangan. Maktab o‘quvchilariga sovuq qurol, jumladan o‘tkir tig‘li buyumlarni olib yurish taqiqlangani, kanselyariya qaychisini darsda foydalanish uchun g‘ilofda sumkada olib yurish mumkinligi tushuntirilgani aks etgan foto ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan. 

Shuningdek, profilaktik suhbat jarayonida maktab direktori tomonidan o‘quvchilarga maktabda kiyim kiyish qoidalari, tashqi ko‘rinishga ahamiyat berish kerakligi tushuntirilgan.

10 sentabr kuni «Potrebitel.uz» Facebook-guruhida Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 142-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida ichki ishlar xodimlari ishtirokida katta sinf o‘quvchilariga sochi uzunligi uchun tanbeh berilayotgani aytilgan video paydo bo‘ldi. Postda keltirilgan fotosuratda IIV xodimi qo‘lida qaychi ushlab turgani aks etgan, shu tufayli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘quvchilarning sochini maktabdayoq kaltalashmoqchiligi haqida taxminlar bildirishgandi.

Mavzuga oid