O‘zbekiston | 07:44 / 12.09.2022
9763
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: afg‘on xalqi qo‘shni va xayrixoh davlatlar ko‘magiga har qachongidan ham muhtoj

Davlat rahbari o‘z maqolasida Afg‘onistonga yordam qo‘lini cho‘zish, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, mintaqaviy va global taraqqiyot jarayonlariga integratsiyalashuviga ko‘maklashish va shu orqali ushbu davlatning ko‘p yillik inqirozdan chiqishi uchun qulay sharoit yaratib berish kerakligini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“ShHTga a’zo barcha davlatlar – eng yaqin qo‘shnilarimiz, do‘stlarimiz va strategik hamkorlarimizdir. Tashkilotga raislik bizga ular bilan ko‘p tomonlama kooperatsiyani yanada mustahkamlash barobarida har bir davlat bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda yanada keng qamrovli sheriklik uchun yangi yo‘nalishlarni belgilab olish uchun yaxshi imkoniyatlar berdi”, deyiladi maqolada.

Qayd etilishicha, bugun ShHT doirasida shakllangan mana shunday ijobiy va muvaffaqiyatli tajribadan Afg‘onistonni rivojlantirish masalasida ham foydalanish o‘ta muhim va dolzarbdir. 

“Shak-shubhasiz, Afg‘oniston ShHT makonining ajralmas qismi sanaladi. Bugun afg‘on xalqi qo‘shni va xayrixoh davlatlar ko‘magiga har qachongidan ham muhtoj. Afg‘onistonga birgalikda yordam qo‘lini cho‘zishimiz, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, mintaqaviy va global taraqqiyot jarayonlariga integratsiyalashuviga ko‘maklashishimiz va shu orqali ushbu davlatning ko‘p yillik inqirozdan chiqishi uchun qulay sharoit yaratib berish bizning ma’naviy burchimizdir.

Asrlar davomida global miqyosdagi davlatlar va mintaqaviy kuch markazlari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarda bufer rolini o‘tab kelgan Afg‘oniston endilikda Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajarishdek yangi tinchlik missiyasida o‘zini namoyon etmog‘i lozim”, deb yozadi Shavkat Mirziyoyev.

Ta’kidlanishicha, bunday o‘zaro manfaatli mintaqalararo hamkorlikning namunaviy ramzi sifatida Transafg‘on koridorining qurilishi loyihasini aytish mumkin. “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temiryo‘li kabi qo‘shma infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish orqali, ijtimoiy-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya vazifalarini hal etibgina qolmasdan, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga ham salmoqli hissa qo‘shish mumkin.

“O‘zaro pozitsiyalarimizni yaqinlashtirib, tinch, barqaror va farovon Afg‘oniston uchun ShHTning yangi kun tartibini birgalikda ishlab chiqa olishimizga aminman. Shundagina tom ma’noda barqaror va izchil rivojlanayotgan, yaxlit xavfsizlikka ega bo‘lgan ShHT makonini barpo eta olamiz”, deyiladi maqolada.

Mavzuga oid