Jahon | 09:38 / 13.09.2022
4838
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Armaniston va Ozarboyjonni o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi

AQSh Davlat departamenti Yerevan va Boku o‘rtasidagi mojaroni harbiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmasligini yana bir bor ta’kidladi.

Foto: Getty Images

AQSh Davlat departamenti Armaniston-Ozarboyjon chegarasida harbiy keskinlik haqidagi xabarlar nuqtayi nazaridan «chuqur xavotir» bildirdi va tomonlarni harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda 13 sentabr, seshanba kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ma’lum qildi.

«Biz avval aniq aytganimizdek, mojaroni harbiy yo‘l bilan hal etib bo‘lmaydi. Biz har qanday jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiramiz», deb ta’kidladi Davlat departamenti rahbari.

Armaniston bosh vaziri matbuot xizmati Blinken va Nikol Pashinyan o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lganini ta’kidladi. «Entoni Blinken Amerika tomonining vaziyatdan chuqur xavotirda ekanligini bildirdi va vaziyatni yanada keskinlashtirishni nomaqbul deb hisobladi. U AQShning vaziyatni barqarorlashtirish uchun sa’y-harakatlarga tayyorligini bildirdi», - deya xabar qilgan rasmiy Yerevan.

Armaniston hukumati rahbari saytida xabar berilishicha, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham vaziyatni yumshatishga chaqirgan, Pashinyan u bilan ham telefon orqali muloqot qilgan. «Prezident Makron keskinlikning yanada kuchayishini qabul qilib bo‘lmas deb hisobladi va vaziyatni yumshatish zarurligini ta’kidladi», — dedi Pashinyan matbuot xizmati. Shu bilan birga, Yelisey saroyi ikki yetakchi o‘rtasida suhbat o‘tkazilganini tasdiqlamadi.

Armaniston Xavfsizlik kengashi Ozarboyjon bilan chegaradagi vaziyat keskinlashgani tufayli Rossiyaga rasman yordam so‘rab murojaat qilishga qaror qildi, deb xabar qildi mamlakat hukumati. Rasmiy Yerevan Moskvadan Do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi shartnoma qoidalaridan foydalanishni so‘rash, shuningdek, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) va BMT Xavfsizlik kengashiga murojaat qilish niyatida.

Bundan tashqari, Pashinyan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbat chog‘ida Ozarboyjonning harakatlarini «qabul qilib bo‘lmaydigan» deb atadi», — deyiladi bosh vazir matbuot xizmati xabarida. «Rahbarlar tezkor aloqani davom ettirishga kelishib oldilar», — deya qo‘shimcha qildi Yerevan. Kreml muzokaralar haqida hozircha izoh bermadi. 

Shu bilan birga, Armaniston politsiyasi chegaradagi vaziyat munosabati bilan kuchaytirilgan xizmat rejimiga o‘tdi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari jamoat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rmoqda, shuningdek, respublika aholisini vahima qo‘zg‘atmaslikka chaqirmoqda. 

13 sentabrga o‘tar kechasi Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarboyjon qurolli kuchlari chegaradagi armanlarning Goris, Sotk va Jyermuk aholi punktlari yo‘nalishini artilleriya va yirik kalibrli o‘qotar qurollardan intensiv o‘qqa tuta boshlaganini ma’lum qildi. «Ozarboyjonning keng ko‘lamli provokatsiyasi natijasida boshlangan shiddatli to‘qnashuv davom etmoqda. Armaniston qurolli kuchlari mutanosib ravishda javob qaytarmoqda», — deya ma’lum qildi mamlakat Mudofaa vazirligi. 

Boku, o‘z navbatida, Yerevanni chegaraning Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlaridagi «keng ko‘lamli diversiya»da aybladi. «Bo‘linmalarimiz tomonidan ushbu xatti-harakatlarning zudlik bilan oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan tezkor choralar natijasida jang sodir bo‘ldi», — deyiladi Ozarboyjon Mudofaa vazirligi xabarida. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar «Armaniston qurolli kuchlarining o‘t ochish nuqtalarini o‘chirish va harbiy mojaro ko‘lami kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik» maqsadida «zaruriy choralar» ko‘rmoqda. 

Ikkala tomon ham tafsilotlarni keltirmagan holda qurbonlar haqida xabar berishdi. 

Mavzuga oid