Fan-texnika | 13:38 / 15.09.2022
258189
9 daqiqa o‘qiladi

Odamlar yana Oyga qaytmoqda. NASA so‘nggi 50 yildagi eng umidli loyihani ishga tushirdi

NASA yaqin 10 yillikning asosiy missiyasi – Artemis dasturi ishga tushirilganini e’lon qildi. U uchta bosqichdan iborat: uchuvchisiz parvoz, ekipajning Oy atrofidagi parvozi va astronavtlarning Oyga qo‘nishi. Uchuvchisiz parvoz 27 sentabr kuni start oladi.

Foto: NASA

Artemis dasturi nima va odamlar nega Oyga qaytmoqda?

AQSh sobiq vitse-prezidenti Mayk Pens yaqin yillarda odamlar Artemis missiyasi doirasida Oyga qo‘nishini rasman va’da qilgandi. Bunday loyiha nega kerak bo‘lib qolganini NASA shunday tushuntirdi: «Biz Oyga ilmiy kashfiyotlar, iqtisodiy manfaatlar va tadqiqotchilarning yangi avlodini ilhomlantirish uchun qaytyapmiz. Artemis missiyasi kelajakdagi parvozlar uchun asosdir».

Artemis missiyasi aniq belgilangan uchta bosqichdan iborat:

  • Artemis I (2022): ekipajsiz sinov parvozi;
  • Artemis II (2024): ekipajning Oy atrofidagi parvozi;
  • Artemis III (2025): ekipajning parvozi va Oyga qo‘nishi.

AQSh hukumati ushbu missiyani to‘liq qo‘llab-quvvatlayapti va kelgusi yillardagi barcha xarajatlar uchun mablag‘ ajratgan.

Artemis I missiyasi 42 kun davom etadi – u raketaning ekipaj bilan birga uchishga tayyorligini namoyish qilishi kerak. Buning uchun Boeing kompaniyasi Orion kosmik kemasini oyga yetkazadigan SLS raketa-tashuvchisini ishlab chiqqan.

Foto: NASA

SLS raketasi balandligi qariyb 100 metr, og‘irligi 2,5 ming tonna va tortish kuchi 4 ming tonnaga yetadi. Orion kapsulasi to‘rt nafar astronavtni olib yuradi va boshqa kosmik kemaga tutashmasdan 21 kun davomida parvoz qilishga qodir. Artemis I missiyasida uning Yerga qayta olishi sinovdan o‘tkaziladi va parvoz paytida astronavtlar duch keladigan ehtimoliy yuklamalar hisoblab chiqiladi.

Artemis dasturining asosiy maqsadi – kosmik tadqiqotlar uchun poydevor yaratish. Uning kichik maqsadlari ham bor: yonilg‘i va qurilish materiallari uchun muqobil resurslardan foydalanish, kosmik iqtisodiyotning poydevorini bosqichma-bosqich ishlab chiqish. Artemis tajribasi, boshqa narsalar qatori, o‘nlab yillardan keyin Oyga tijorat parvozlarini amalga oshirish uchun ham qo‘llanishi mumkin.

Jon Kennedi nomidagi kosmik markaz direktori Bob Kabana Oyning yangi tadqiqoti bilan bog‘liq global voqealarni bashorat qildi, ular insoniyat kelajagi bilan bog‘liq: «Biz o‘z sayyoramizdan tashqariga chiqib, Quyosh tizimi bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatini o‘rganishimiz kerak. Agar biz omon qolishni istasak, bu juda muhim bo‘ladi. Kim bilsin, bir kun kelib bu asqatishi mumkin».

Artemis I bu boradagi dastlabki qadam bo‘ladi. AQSh Harbiy-havo kuchlari aviatsiya va kosmik tadqiqotlar maktabi professori Vendi Uitman Kobbning so‘zlariga ko‘ra, bu juda muhim bosqich hisoblanadi. «Raketaning qanchalik to‘g‘ri ishlashini aniqlab olish zarur. Agar muvaffaqiyatli chiqsa, NASA keyingi ikki yil ichida amalga oshiriladigan barcha missiyalar uchun poydevorga ega bo‘ladi».

Odamlarning Oyga qo‘nishi kelajakda Marsga sayohat uyushtirish kontekstida ham muhimdir. Bunday parvozlarda odamlarning murakkab sharoitlarda yashashi va sog‘lig‘i bilan bog‘liq xatarlar o‘rganiladi. Marsga parvozlarni amalga oshirishni osonlashtirish uchun Oy resurslaridan texnologik sakrash uchun foydalanish rejalashtirilgan. Insoniyat barcha yangi texnologiyalarni Oyda sinab ko‘rmoqchi.

2022 yilda insonning Apollo missiyasi doirasida Oyga oxirgi parvoziga 50 yil to‘ldi. Artemis missiyasi odamlarni Oy yuzasiga qaytarishni maqsad qilgan yagona loyihadir. Uning yana bir maqsadi – Oy yuzasining yangi hududlarini global o‘rganish. Artemis missiyasini tayyorlash va amalga oshirish tafsilotlari qisman Apollo missiyalariga o‘xshaydi.

Nega odamlar uzoq vaqt davomida Oyga uchmagan – bunga to‘sqinlik qilgan sabablar

Insonlar Apollo dasturi doirasida Oyga 6 marta qo‘ngan. Oxirgisi 1972 yil dekabrda bo‘lgan. O‘sha paytda Yujin Cernan va Harrison Shmidt oy yuzasiga qadam qo‘yishgandi. Shundan so‘ng NASA kosmik guruhlarni Oyga yuborishni to‘xtatdi. SSSR ham o‘zining Oy dasturini bekor qildi.

Foto: NASA

NASA ma’muri Jim Braydenstaynning so‘zlariga ko‘ra, bunga siyosiy maqsadlar sabab bo‘lgan. «Agar siyosiy xavflar bo‘lmaganida, biz hozir Oyda turgan bo‘lardik. Ehtimol, allaqachon Marsga ham parvoz qilardik. Bularning barchasiga siyosat to‘sqinlik qildi».

Oy dasturlarining yuzaga kelishi va amalga oshirilishiga ham aynan siyosat sabab bo‘lgan. AQSh va SSSR sovuq urush doirasida kosmosda ham ustunlikka erishishga intilgan. Bunday maqsadlar uchun mablag‘ ayalmagan.

Braydenstayn Oy dasturlari juda katta mablag‘ talab qilganini tan oladi. Moliyaviy xarajatlar kattaligi zarur texnologiyalar yetishmasligi bilan bog‘liq edi. Masalan, o‘tgan asrda kosmik apparatni yaratish katta investitsiya talab qilgan va sinov paytida muammolarga olib kelgan. Tayyorgarlik paytida odamlar halok bo‘lgan, muvaffaqiyatli sinovlar esa investitsiya qilingan mablag‘larni va tayyorgarlik uchun sarflangan vaqtni oqlamagan.

Hozir esa texnologik amaliyot ancha tezlashdi. Biroq, parvoz narxi doimiy ravishda o‘zgaryapti. Bu xususiy investorlarni cho‘chityapti. Hatto Artemis missiyasi inspektori ham buni tan oladi: moliyalashtirish darajasi pastligi, reja-grafikning norealligi va jiddiy texnik xavflar. Ammo Artemis hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanyapti, boshqa shunga o‘xshash loyihalarda bunday qilinmagan edi.

2022 yilda Oy tomon har qanday parvoz hamon qimmatligicha qolyapti. Misol uchun, SLS/Orion raketasining bitta parvozi va unga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni 4,1 milliard dollarga tushadi. Shu sababli, ko‘plab mutaxassislar bu xarajatni budjet uchun juda og‘ir deb hisoblashadi. Artemis dasturining umumiy qiymati tayyorlash bosqichidayoq 20 milliard dollardan oshib ketdi.

Artemis dasturidan oldin NASA daromadli deb umid qilingan Constellation loyihasiga ega edi. Unga ko‘ra, Oydagi tuproqni yonilg‘iga aylantirish, shuningdek, sayyora sathida kislorod olish, shundan so‘ng, insonlarni Oyga yuborish maqsad qilingandi. Biroq, AQSh sobiq prezidenti Barak Obama moliyaviy xarajatlar chegaradan chiqib ketgani bois, loyihani keyinga qoldirdi. Chunki hammasi juda qimmat ekani oydinlashdi.

Parvozlar narxi qimmatligi tufayli boshqa davlatlar ham Oyga qo‘nish dasturlarini to‘xtatib qo‘ymoqda. Masalan, Xitoy texnologiya jihatidan insonni Oyga yuborishga juda yaqinlashgandi. 2020 yilda «Chan’e-5» moduli Xitoy bayrog‘ini Oy yuzasiga o‘rnatdi. Ammo hozir mamlakat kosmik dasturi kun tartibida insonni Oyga yuborish bo‘yicha aniq reja yo‘q. Bu faqat kelajak uchun rejalashtirilgan, xolos.

Space.com sayti sobiq astronavtlar va tadqiqotchilar bilan muloqot qilib, Apollo missiyalarida Oyni o‘rganish maqsadi umuman yo‘qligini aniqladi. Bu shunchaki SSSR bilan sovuq urush davridagi ustunlikni namoyish etishga intilish bo‘lgan, xolos. Shu sababli, NASA uchun misli ko‘rilmagan resurlar ajratilgan. Ustunlikka erishilganidan so‘ng, bunday missiyalarga qiziqish yo‘qolgan.

So‘nggi yillarda NASA yangi, sayohatni nisbatan arzon qilish imkonini beruvchi kosmik kemalar ustida ishlamoqda. U 2020 yildayoq odamlarni Oyga qaytarishni rejalashtirgan edi – juda dadil muddat. Ammo grafik surilib boraverdi. Bunga NASA moliyaviy muammolari va xarajatlar maqsadlarga mos kelmasligi to‘sqinlik qildi.

Yangi missiya Oyda bazalarini yaratish va o‘rnatish bo‘yicha qat’iy loyihaga ega, bu bilan oldingi yillarda bekor qilingan dasturlardan farq qiladi.

«Endi shunchaki Oyga parvoz qilmaymiz, biz u yerda qolamiz. Biz shuni maqsad qilganmiz. Yaqin kelajak uchun belgilangan vazifalar: Oyda mustahkam o‘rnashib olish va kelajakda Marsga parvoz qilish uchun sharoit yaratish», deydi Braydenstayn.

Artemis III bosqichida odamlar Oyga qo‘nadimi – hozir buning imkoni bordek tuyulyapti. 2022 yil avgust oyida NASA vakillari Oy xaritasini namoyish etishdi va unda 13 ta ehtimoliy qo‘nish nuqtasi belgilangandi. Hozircha odamlarning parvozi 2025 yilga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, muddat keyinga surilishi mumkin.

NyaSA ma’lumotiga ko‘ra, Artemis missiyasi doirasida birinchi ayol Oyga parvoz qiladi va qo‘nadi. Nomzodlar hali saralash bosqichida. Artemis I bosqichida kosmik kema ichida manekenlar, shuningdek, Snoopy kuchukchasining yumshoq nusxasi bo‘ladi.

Kelajakda odamlarning Oyga parvoz qilishi va qo‘nishi ko‘p jihatdan 2022 yildagi sinov parvozi muvaffaqiyatiga bog‘liq. Artemis I doirasidagi ilk parvoz 27 sentabrga rejalashtirilgan.

Mavzuga oid