Jahon | 18:14 / 16.09.2022
32792
6 daqiqa o‘qiladi

Qirolicha Yelizaveta II vafotidan so‘ng hindlar Ko‘hinur olmosini qaytarishni talab qilmoqda 

Britaniya monarxi qirolicha Yelizaveta II 8 sentabr kuni olamdan o‘tganidan keyin «Ko‘hinur» so‘zi hindistonliklar orasida ommalashib ketdi. 

Bu dunyodagi eng mashhur qimmatbaho toshlardan biriga ishora edi. Ko‘hinur olmosi ona-qirolicha nomi bilan tanilgan Yelizavetaning volidasi uchun yasalgan tojdagi 2800 ta qimmatbaho toshdan biridir. Uning o‘lchami 105 karatga teng bo‘lib, tojdagi boshqa toshlardan yaqqol ajralib turadi. 

Hindiston ahli Ko‘hinur britaniyaliklar tomonidan noqonuniy qo‘lga kiritilgan, shu sababli qaytarilishi lozim deb hisoblamoqda. 

Ona-qirolicha Yelizavetaning Ko‘hinur bilan bezatilgan toji
Foto: Getty Images

Ko‘hinur tarixi 

Ko‘hinur – (Ko‘hi nur – forscha, «Nur tog‘i») tarixdagi eng mashhur olmos va brilliant bo‘lib, Britaniya qirollik oilasi xazinasiga kiruvchi eng katta qimmatbaho toshlardan biridir.  

U Hindistonning hozirgi Andhra-Pradesh hududida, XII-XIV asrlar oralig‘ida, Kakatiyan sulolasi hukmronligi davrida qazib olingan. Uning sayqallanmagan og‘irligi 793 karat bo‘lgan deb hisoblanadi. 

Ko‘hinurning nusxasi Kalkuttadagi matbuot anjumanida namoyish etilmoqda (2002 yil) 
Foto: Getty Images

Ko‘hinur haqidagi dastlabki yozma ma’lumotlar XVI asrga borib taqaladi. 1526 yilda Hindistonga yurish qilgan Bobur va uning o‘g‘li Humoyun Panipat jangida roja Bikeramit askarlarini mag‘lub etishadi. Uning xotini esa barcha xazinalarini, shu jumladan Ko‘hinurni ham Humoyunga topshiradi.  

Keyinchalik qimmatbaho tosh forslar va afg‘onlar qo‘liga o‘tadi. XIX asrda sikhlar maharojasi Ranjit Singh uni afg‘on hukmdori Shuja Durroniydan tortib olib, Hindistonga qaytardi.  

XIX asr o‘rtasida Hindistonning Panjob viloyati Buyuk Britaniya tomonidan annexia qilinadi. «Ist Indiya» kompaniyasi esa 10 yoshli maharoja Danjip Singhni o‘z yerlari va mulklaridan voz kechishga majbur qilib, qimmatbaho toshni ham qo‘lga kiritadi. 

So‘ngra kompaniya Ko‘hinurni qirolicha Viktoriyaga sovg‘a qiladi. Uning turmush o‘rtog‘i, shahzoda Albert toshni qayta sayqallashni buyuradi. Shundan so‘ng olmos qirolicha Aleksandra va qirolicha Mariya tojini bezaydi. 1937 yilda esa ona-qirolicha tojiga o‘rnatiladi. 

Ko‘hinurning taxminiy «hayot yo‘li» 
Foto: Twitter

1953 yilda ona-qirolicha qizi Yelizavetaga toj kiydirish marosimida Ko‘hinurli tojni kiygan. Shundan beri Ko‘hinur Britaniya toji marvaridlaridan biri bo‘lib kelyapti. Ammo Eron, Afg‘oniston, Pokiston va Hindiston hukumatlari olmosning qaytarilishini talab qilmoqda. 

Qayd etish joizki, Ko‘hinurli toj 2,8 kg vaznga ega va shu sababli, Britaniya monarxlari uni har doim ham kiymaydi. 

Qirolicha Yelizaveta II Ko‘hinurli toj bilan 
Foto: Getty Images

Britaniyaning Ko‘hinurga qonuniy egalik qilishi shubha ostiga olinmoqda 

Qimmatbaho toshning kelajagi haqida hech qanday reja e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, Hindiston ahli uning Britaniyada qolishini istamayapti va qaytarilishini talab qilmoqda. 

«Agar qirol Ko‘hinurli tojni kiymaydigan bo‘lsa, uni qaytarib bering», deb yozdi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri. 

Yana bir hindistonlik britaniyaliklar olmosni «o‘g‘irlagani», ular «o‘lim», «ochlik» va «talonchilik» orqali «boylik orttirgani»ni aytgan. 

Bu olmosni qaytarishga bo‘lgan birinchi urinish emas. 1947 yilda Hindiston mustaqillikka erishgach, hukumat Ko‘hinurni qaytarishni talab qilgan edi. Yelizaveta II taxtga o‘tirishidan oldin ham yana bir marta bu talab ilgari suriladi. Bu talablar e’tiborsiz qoldirilgan, chunki Buyuk Britaniya Ko‘hinurni Hindistonga qaytarish uchun hech qanday huquqiy asos yo‘q deb hisoblaydi. 

Hindistonda tug‘ilib o‘sgan, hozirda Britaniyada yashovchi yozuvchi va siyosiy sharhlovchi Saurav Dattning so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyaning brilliantni qaytarishi ehtimoli juda past. 

To‘g‘ri, yaqinda inglizlar Nigeriya hukumatiga Benin bronzasidan yasalgan 72 ta artefaktni qaytargan edi. Bu tarixiy eksponatlar XIX asrda ingliz askarlari tomonidan o‘g‘irlab ketilgan va Britaniya muzeylarida saqlanayotgandi. 

Ammo Dattning fikricha, Britaniya jamiyatining hukmron doiralari hali ham «imperiyaning romantik kuchiga qattiq ishonishadi, garchi u allaqachon barham topgan va oldingi ta’sirini yo‘qotgan bo‘lsa-da». Ko‘hinur esa bu kuchning ramzi hisoblanadi. Uning qaytarilishi qirol oilasi uchun mohiyatan o‘z oyog‘iga bolta urish bilan barobar. 

«Juda bo‘lmaganda, oldin qirol Charlz III Ko‘hinur olmosining «qora tarixi»ni tan olishi kerak», deydi Datt. 

«Olmos ayyorlik va aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritilganini tan olish hozirgi bosqichda muhim qadam bo‘lar edi. Bu esa keyingi avlodning uni qaytarib olishiga zamin yaratar edi», deb qo‘shimcha qildi u. 

Ammo ko‘plab hindlarning sabri bunga yetmasligi mumkin. Ular Ko‘hinur zudlik bilan qaytarilishini talab qilmoqda.

Mavzuga oid