O‘zbekiston | 16:45 / 17.09.2022
35151
9 daqiqa o‘qiladi

ShHT: Kelishuvlar, Putin va Si uchrashuvi, Lukashenko tilidan yangragan rus falsafasi - O‘zbekiston nimalarga erishdi?

Kecha ShHTga a’zo davlat rahbarlarining 22-yig‘ilishi yakuniga yetdi. Shu bilan O‘zbekistonning ShHTga raisligi davri ham tugadi va raislik navbati ilk bor Hindistonga o‘tdi.

Kun.uz muxbiri ShHTning Samarqand sammiti va uning yakunlari bo‘yicha bir nechta savol bilan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov va iqtisodchi Abdulla Abduqodirovga yuzlandi.

Kun.uz: –

Samarqand sammiti qanchalik samarali o‘tdi, qanday masalalar ko‘tarildi-yu, nimalarga erishildi?

Keling, sammitda ko‘rilgan va kelishilgan masalalarni rasmiy tildan oddiy tilga o‘girib, kuzatuvchilarimizga yetkazsak.

Kamoliddin Rabbimov: –

Oxirgi ikki-uch yilda butun dunyoda koronavirus pandemiyasi cheklovlari kuzatildi. Shu sababli, o‘tgan vaqt davomida ShHTning bir necha sammitlari onlayn tarzda o‘tkazildi. Mana, uch yil deganda a’zo davlat rahbarlari yuzma-yuz ko‘rishdi.

O‘zbekiston bu sammitga uzoq tayyorlandi. Milliardlab dollar mablag‘lar sarflandi. U yerda yangi bir infrastruktura shakllantirildi.

Ikkinchi sabab, koronavirus sababli Xitoy Xalq Respublikasi va kollektiv g‘arb o‘rtasida bir pog‘ona yuqori darajaga chiqdi. Chunki hali kollektiv g‘arb, xususan, AQSh koronavirus sabab Xitoyni jarimaga tortishi borasidagi sud jarayonlari bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas.

Uchinchi sabab, Sammit oldidan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush sabab dunyo hamjamiyatida bir nechta savollar bor edi. Ya’ni Putin va Si Jinping nimalarni gaplashishi va g‘arbga muqobil ko‘rilayotgan bu tashkilotning giosiyosiy ohangi qanday bo‘lishi qiziq edi. Mana shu savollarga javob izlandi. Tashkilot ichida ziddiyatlar juda ham ko‘p. Prezident va bosh vazirlarning chiqishiga e’tibor beradigan bo‘lsangiz, hammasi o‘zining dardi va aniq muammolari bilan kelgan.

Geosiyosiy masalada tashkilot ichidagi davlat rahbarlarining pozitsiyalarini yoki kollektiv g‘arb bilan tirashuv masalasida uchga bo‘lish mumkin. Bunda bitta fraksiyani o‘ng fraksiya deb olish mumkin, ular tashkilotni blokka aylantirish tarafdori. Belarus, Eron Islom Respublikasi. Bunda Rossiya ohangi ham kollektiv g‘arbga qarshi, ammo Putin ehtiyotkor chiqish qildi. Xitoy ham deyarli bir oyog‘i bilan mana shu stolda o‘tiribdi.

Ikkinchi tomoni bu tashkilotni to‘laqonli iqtisodiy va cheklangan miqdorda xavfsizlik nuqtai nazaridan ko‘radigan davlatlar bor. Qozog‘iston, O‘zbekiston, Mongoliya shular jumlasiga kiradi. Bu davlatlar tashkilotni blokka aylantirish tarafdori emas. Qozog‘iston prezidenti nutqida ham, O‘zbekiston prezidenti maqolasida ham shu narsa aytiladiki, ShHT bu harbiy yoki siyosiy blok emas. Bu tashkilot g‘arbga qarshi kurashishga qaratilgan emas. Chunki bu hamkorlik tashkiloti degan jumlalar ishlatildi.

O‘rtada turgan davlatlar ham bor. Ularning pozitsiyasi aralash. Har bir davlat o‘zining manfaatidan kelib chiqib, tashabbuslarni ilgari surdi.

Ko‘rilgan masalalarga kelsak, bular ichida eng muhimlaridan biri transport logistika masalasi bo‘ldi. Ya’ni Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi temiryo‘l ishga tushishi kerak va sammit buni tezlashtirishga harakat qilyapti. Xuddi shunday O‘zbekistondan Afg‘oniston va Pokiston orqali Fors ko‘rfaziga chiqish. Afg‘onistondan delegatsiya kelgani yo‘q, lekin Pokistonning bosh vaziri o‘sha yerda edi va u hamkorlik to‘g‘risida gapirdi. U so‘zida bugun Avg‘onistonda oziq-ovqat tanqisligi mavjudligi hamda O‘zbekistonning ularga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi. O‘zbekiston ham bir nechta tashabbuslarni ilgari surdi. Ulardan biri tashkilot doirasida shartli ravishda turizm ittifoqini tashkil etishdir. Tashkilotda keyingi yil turizm yili deb ham e’lon qilindi. Iqtisodiy sektorda turli formatdagi uchrashuvlar va loyihalar qilaylik degan tashabbus oldinga surildi.

Abdulla aka, keyingi savol sizga bo‘ladi. Iqtisodchi sifatida sammitni qanchalik kuzatib bordingiz va tadbirda ilgari surilgan eng muhim masalalar qaysilar bo‘ldi? Ulardan O‘zbekiston uchun ahamiyatlisi qaysi?

Abdulla Abduqodirov: –

Avvalo Xitoy rahbarining bu tadbirga kelishi rasmiy doirada ekani e’lon qilingan edi. Keyin Eron rahbariniki ham rasmiy tashrif deb e’lon qilindi. Aynan shuning uchun bo‘lsa kerak, shu ikki davlat bilan bir nechta shartnomalar imzolandi. Ayniqsa, Eron davlati bilan ko‘proq memorandumlar imzolandi. Bundan tashqari, Xitoy bilan 15 milliardlik shartnomalarga qo‘l qo‘yildi. Bir tomondan Xitoyning rasmiy tashrifiga O‘zbekiston tomondan tayyorgarlik yuqoriroq bo‘lgani sezildi. Muhokama qilinishi kerak bo‘lgan masalalarning aniqligi va ularning kelishilganligi yuqori bo‘lgani uchun shartnoma qilish darajasiga erishilgan. Bu mablag‘ kichik summa emas. O‘zbekiston uchun katta yutuq. Birinchi masala, boya aytilgani kabi temiryo‘l masalasi bo‘ldi. Buni juda katta tog‘ning ag‘darilishiga o‘xshatish mumkin. Bu yerda asosiy muammo Qirg‘izistonda edi. Sababi u temiryo‘lni o‘zining shimoliy hududlari orqali o‘tkazmoqchi va shu orqali o‘sha hududlarni rivojlantirmoqchi edi. Lekin endi Xitoyning juda qisqa yo‘l – O‘sh orqali O‘zbekistonga kirib kelib, so‘ngra Afg‘onistonga chiqib ketishi loyihalashtirilyapti.

Afg‘onistonda bo‘ladigan loyihalashtirish ham hozir bizning zimmamizda. Chunki u yog‘i tugashini, bu yog‘ni boshlashni kutib o‘tirmaymiz. Ishlar parallel olib borilyapti. Nihoyat shu kelishuvga erishildi va uni moliyalashtirish yo‘llaridan bittasi o‘ylab topildi.

Ikkinchi muhim masala, sir emaski, Xitoyga bo‘lgan logistikaga ehtiyojimiz bor. Bu borada ham kelishuvlarga erishildi. O‘zbekistonning dengizga chiqish loyihasida aniq bir to‘xtamga kelingani yo‘q. Bu bizning zimmamizdagi loyiha hisoblanadi. Chunki bu yo‘l Mozori Sharifga bo‘lganidan so‘ng va undan u yog‘iga bir yo‘li Eronga, bir yo‘li Pokistonga ketishi hozirgi kunda ham muhokama bo‘lib turgan masala. Aynan shuning uchun ham Raisiyning O‘zbekistonga kelishi muhim edi. Albatta, bu masala ham u yerda ko‘tarilgan. Shuning uchun ham Eronning ShHTga kirib kelishi O‘zbekiston uchun muhim.

Bundan tashqari, mintaqaviy savdo masalalariga ham e’tibor berildi. Bu yerda ikki narsaga e’tibor qaratgan bo‘lar edim. Yig‘ilishdan oldin O‘zbekiston prezidentining maqolasi e’lon qilindi. Unda ShHT qanday tashkilot ekanligi, undan nimalar kutish mumkinligi va uni bloklarga aylantirmaslik masalalariga urg‘u berildi va Samarqand ruhi degan yangi bir termin ishlatildi. Bu tinchlikka va o‘zaro hamkorlikka qaratilgan bo‘ldi. Oldindan maqola e’lon qilinishining ijobiy tarafi ko‘p bo‘ldi. Bizga kun tartibini belgilab berishmasin biz o‘zimiz belgilaymiz qabilida ish bo‘ldi. Bundan juda ham xursandman. E’tibor bergan bo‘lsangiz, bunga Turkiya va Ozarboyjon ham kelib qo‘shildi. Ular ham o‘zlarining ba’zi fikrlarini aytib o‘tishdi.

Umuman olganda bu yerda ShHTni g‘arbga qarshi qaratilgan blok deb o‘ylashga hech kimga yo‘l berilmadi.

Ikkinchi tomondan biz bu platformadan foydalanib, iqtisodiy rivojlanishga harakat qilyapmiz. Katta davlatlar bilan shartnomalar imzolashga erishyapmiz. E’tibor bergan bo‘lsangiz, Rossiya va O‘zbekiston savdo aylanishining umumiy hajmi o‘sgan. Bizning eksportmiz nisbatan tezroq ham o‘syapti. Shu yerda ko‘rinib turibdiki, Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish juda ham preoritet masala.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali ko‘rishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid