O‘zbekiston | 07:17 / 20.09.2022
9765
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ko‘p qavatli uylar tomiga qo‘shimcha qavat qurilayotgani aniqlandi

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Uy-joy fondi inspeksiyasi Toshkent shahar Olmazor tumani, Sag‘bon 30-berk ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylar tom qismiga qo‘shimcha qavat qurilayotgani aytilgan holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Foto: Uy-joy fondi inspeksiyasi

Ushbu ko‘p kvartirali turar joy binosi «Baurum Group» MChJ tomonidan 2017 yil qurilgan va foydalanishga topshirilgan bo‘lib, 2017 yil 6 iyunda «Qorasaroy elite kommunal» UJMSh bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, uylar tom va yerto‘la qismlari umumiy mulk sifatida topshirilmagan.

Qayta rejalashtirish ishlari Olmazor tumani Qurilish bo‘limining «Yakka tartibdagi uy-joy loyiha-smeta hujjatlari kelishilgani haqida» 2021 yil 24 iyundagi 25137-son xulosasiga asosan amalga oshirilmoqda. Bu esa Shaharsozlik normalari va qoidalari 1.04.05-06 talablari buzilganini ko‘rsatadi.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan xulosa beruvchi tashkilot o‘rganish ishlarini amalga oshirishi maqsadga muvofiq.

Uy-joy kodeksi 124-moddasiga ko‘ra, ko‘p kvartirali uydagi turar va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar mulkdorlariga shu uy umumiy joylarini, tayanch va to‘siq konstruksiyalar, kvartiralar oralig‘idagi ihotalangan (o‘ralma) pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, lift shaxtalari va boshqa shaxtalar, dahlizlar, texnik qavatlar, yerto‘lalar, cherdaklar va tomlar, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, joylar tashqarisida yoki ichida joylashgan va bittadan ortiq joyga xizmat ko‘rsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskunalar va qurilmalarni o‘z ichiga olgan umumiy mol-mulk ulushli mulk huquqi asosida tegishli bo‘ladi.

Mavzuga oid