Jahon | 11:43 / 21.09.2022
4078
2 daqiqa o‘qiladi

Bayden AQShning Rossiyadagi yangi elchisi lavozimiga Linn Treysi nomzodini ilgari surdi

AQShning Armanistondagi amaldagi elchisi Linn Treysi AQShning Moskvadagi diplomatik missiyasini boshqaradi, deya xabar berdi Oq uy. Ilgari u AQShning Rossiyadagi elchisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Linn Treysi / Foto: twitter.com/usembarmenia

AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyadagi favqulodda va muxtor elchi lavozimiga hozirda AQShning Armanistondagi diplomatik missiyasiga rahbarlik qilayotgan Linn Treysini nomzodini ilgari surdi. Bu haqda 21 sentabr, chorshanba kuni Oq uy saytida ma’lum qilindi. 

Bayonotda qayd etilishicha, Treysi rus tilini biladi va diplomatik xizmatning doimiy xodimi hisoblanadi. 2019 yilda Yerevanda elchi sifatida qasamyod qilishdan oldin u Davlat departamentining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo‘yicha byurosida Rossiya ishlariga doir katta maslahatchi lavozimida ishlagan. 2014 yildan 2017 yilgacha Treysi AQShning Moskvadagi elchixonasi rahbari o‘rinbosari bo‘lgan. U avval Markaziy va Janubiy Osiyoda turli diplomatik lavozimlarda ishlagan. 

AQShning Moskvadagi elchisi Jon Sallivan ikki davlat o‘rtasida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tufayli keskinlashgan vaziyatda o‘z vakolatini tugatdi va 4 sentabr kuni Moskvani tark etdi. Sallivanning o‘rniga yangi elchi kelguniga qadar Elizabet Rud AQShning Moskvadagi elchixonasida muvaqqat ishlar vakili vazifasini bajarib kelmoqda. Linn Treysi AQShning Moskvadagi elchixonasini boshqaradigan birinchi ayol bo‘ladi. Uning Moskvaga kelish vaqti haqida xabar berilmagan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid