O‘zbekiston | 10:55 / 22.09.2022
4485
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ayollar erkaklarga nisbatan yuqoriroq ball to‘plagan holda talabalikka tavsiya etildi

Talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar 46 foizdan ortig‘ini ayollar tashkil qildi.

Foto: Kun.uz

Joriy yilda oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun 1 146 744 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tdi.

Davlat test markazi xabariga ko‘ra, bunda erkaklar — 542 858 nafar (47,34 foiz)ni, ayollar — 603 886 nafar (52,66 foiz)ni tashkil etdi. Test sinovi natijalariga ko‘ra 190 375 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etilgan bo‘lib, ular 102 441 nafari (53,8 foiz) — erkaklar, 87 934 nafari (46,2 foiz) — ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Abituriyentlar test sinovida to‘plagan ballariga e’tibor qaratilsa, ayollar erkaklarga nisbatan yuqoriroq ball to‘plagan holda talabalikka tavsiya etilganini ko‘rish mumkin. Talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar o‘rtacha o‘tish balli davlat granti asosida erkaklarda — 114,98 ballni, ayollarda — 127,21 ballni, to‘lov-kontrakt asosida erkaklarda — 90,92 ballni, ayollarda — 101,94 ballni tashkil etgan.

Erkaklar va ayollarda o‘rtacha o‘tish ballari bunday farq qilishi ular ro‘yxatdan o‘tishda tanlagan ta’lim yo‘nalishlari va ulardagi o‘tish ballari bilan bog‘liq. Ta’lim sohalari bo‘yicha foiz hisobida olinganda «Tillar» (85,11 foiz) va «Ta’lim» (74,49 foiz) sohalariga ayollar, «Transport xizmatlari» (94,53 foiz) hamda «Arxitektura va qurilish» (87,1 foiz) sohalariga erkaklar ko‘proq talabalikka tavsiya etilgan.

Mavzuga oid