O‘zbekiston | 09:48 / 23.09.2022
5856
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda ikki nafar bank xodimi 111 mln so‘m pensiya pullarini zamonaviy qimorga tikib yubordi

Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi tijorat banklarining birida faoliyat yurituvchi xodimlar pensionerlarga berilishi kerak bo‘lgan pullarni talon-toroj qilib, zamonaviy qimor o‘yinlariga sarflab yuborgan. Bu haqda «Yoshlar» telekanalining «Yangi davr» ko‘rsatuvida xabar berildi.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, pensiya va nafaqa to‘lovlari bilan ishlash shu’basi, pensiya va nafaqa tarqatish bo‘yicha kassiri va filialning shu yo‘nalish bo‘yicha buxgalterlar nazoratchisi filial boshlig‘i tomonidan filialga qarashli bankomatlarga mas’ullik xizmati biriktirilganidan foydalanib bankomatlarga naqd pullarni joylashtirish vaqtida maxsus muhrlarni buzib, pullarni talon-toroj qilgan.

Dastlab filial binosidagi bankomatdan 4 million 200 ming so‘m pullarni olgan xodimlar ishini davom ettirib, olinayotgan pullar miqdorini oshirgan. Tumanning Neftchilar mahallasida joylashgan bankomatdan 41 million 800 ming so‘m, Shirmonbuloq mahallasidagi bankomatdan 65 million so‘m – jami 111 million so‘m naqd pullarni qo‘lga kiritgan.

Ma’lum bo‘lishicha, talon-toroj qilingan ushbu pullar tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida to‘liq qoplangan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Surxondaryoda bank xodimi odamlarning nafaqa pullarini onlayn qimorga tikib yuborgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid