O‘zbekiston | 11:54 / 28.09.2022
18984
10 daqiqa o‘qiladi

«Ko‘rmurid bo‘lib, ustozlaridek narigi tomonni haqorat qilyapti» – Muftiy internetda tortishayotgan domlalar va ularning muxlislarini insofga chaqirdi

Foto: KUN.UZ

Internetda bir-birini haqorat qilishi munozara emas, bu domla chiqib, narigisini umri davomida qilgan kamchiliklarini topib, josuslik qilishi – faqatgina fitna. Ikkita ulamo shunday qilib tursa, ularning muxlislari ham bir-birlari bilan shunday janjallashyapti, ustozlari qanday haqorat qilgan bo‘lsa, bir-birini shunday haqorat qilyapti. Men internetda munozara qilayotgan hammani insofga chaqiraman, deydi muftiy Nuriddin Xoliqnazarov ahli ilmlarga qilgan murojaatida.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov O‘zbekiston ahli ilmlariga murojaat qilib, ularni munozara odoblariga rioya qilishga chaqirdi va bu narsalar Alloh uchun bo‘lishi kerakligini aytdi.

«Hozir internetda munozara qilayotganlarga aytamizki, munozarangizni yakka tartibda ko‘rishib qiling. Internetda turib olib bir-birini haqorat qilishi munozara emas. Internetda bu domla chiqib, narigi domla butun umri davomida qilgan kamchiliklarni topib, josuslik qilib, qayerdandir surishtirib, «sen mana bunday ishlarni qilgansan» deb haqorat qilish yoki uning ba’zi so‘zlaridan kamchilik topib olib, «sen mana bu so‘zni xato aytding» deb aytishi yoki narigi domlaga bunga ham shunday javob berishi – munozara emas, faqatgina fitna!

Ikkita ulamo shunday qilib tursa, ularning muxlislari ham bir-birlari bilan shunday janjallashyapti. Ijtimoiy tarmoqlardagi izohlarni o‘qisangiz, biri buning tarafini olib, ikkinchisi uning tarafini olib, bir-birini ustozlari qanday haqorat qilgan bo‘lsa, shunday haqorat qilyapti. Ularga ko‘r-ko‘rona ergashib, ko‘rmurid bo‘lib, «buning gapi to‘g‘ri, [faqat] mening ustozim to‘g‘ri gapiryapti» degan o‘y bilan narigi tomonni haqorat qilyapti.

Qolaversa, bu munozara omilarning ishi emas, ulamolarning ishi edi. Avvallari qanday bo‘lgan? Avval ulamolar biror narsani munozara qilsa, odob-axloq bilan munozaraga chaqirilgan va ikkinchi taraf buni qabul qilgan. Namozga va boshqa xayrli ishlarga zarar yetkazmaydigan qulay bir fursatni topib, qo‘llarida hujjatlari va kitoblari bilan kelib, bir-birlarini haqlariga duo qilgan. Keyin bu siz aytgan gap – men o‘qigan kitobda mana bunday ekan, desa bunisi o‘zining kitobini ko‘rsatgan. Yoki ikkalalarining munozaralarini hal qilib berish uchun o‘zlaridan ham peshqadamroq bo‘lgan ustozni o‘rtaga hakam qilib qo‘yib hal qilishgan. Shundan keyin xato qilgan tomon tan olib, narigi tomonni g‘olib deb bilmasdan, balki bu munozara Alloh uchun bo‘lganidan ikkisi bir-biriga quchoq ochib, haqqiga duo qilib ketishgan.

Hozir qanday bo‘lyapti, faqat men to‘g‘riman, seniki noto‘g‘ri deyapti. Azizlar, bunday munozara bo‘lmaydi. Men internetda bir-biriga munozara qilib, bir-birini haqorat qilayotgan hamma domlarni insofga chaqiryapman. Talabami, ustozmi – kim bo‘lsangiz ham, internetda bir-biringizni haqorat qilmang, iltimos. Mard bo‘lsangiz, bir-biringiz bilan ko‘rishib, o‘tirib har qancha gapingiz bo‘lsa, gaplashib oling. Lekin xalqni chalg‘itmang, uni ikkiga bo‘lmang, bir-biriga dushman qilmang!

Ulamolar aytadi, munozarada ikki tomon amal qilishi lozim bo‘lgan qonun-qoidalar mavjud:

1.    Niyatni chiroyli qilish

Bahsga kirishishdan oldin har ikki tomon haqni – maqsad qilishi lozim. O‘zini ko‘rsatib qo‘yish, raqibni pastga urish yoki boshqa g‘arazlardan uzoq bo‘lish kerak. Zero hadisi sharifda: «Albatta, amallar niyatlarga bog‘liqdir. Va, albatta, har bir insonga niyat qilgan narsasi bo‘ladi», deyilgan.

Ka’b ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki olimlar ila tortishish yoki ahmoqlar ila bahslashish yoxud odamlarni o‘ziga qaratish uchun ilm olgan bo‘lsa, Alloh uni do‘zaxga kirgizadi», dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).

"Hujjatul islom" Abu Homid G‘azzoliy rahmatullohi alayhga bir-birini yomonlab, obro‘yini to‘kadigan o‘zlarini ilmga nisbat beradigan ikki kishining xabari yetib keldi. Imom bu ikki kishini huzuriga chaqirdi va ularga savol bilan yuzlandi: «Siz ikkingizning maqsadingiz nima? Odamlarga dinni o‘rgatishmi?» Ular: «Ha» deyishdi. «Bo‘lmasa, odamlar dinni sizning qo‘lingizda o‘rgandi nima-yu, buning qo‘lida o‘rgandi nima?. Bu go‘zal nasihat ikkisiga ham qattiq ta’sir qildi va qilgan ishlaridan pushaymon bo‘lishdi.

2.    Haqni ro‘yobga chiqarish

Bu borada Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning o‘g‘liga qilgan nasihatini keltirish bilan kifoyalanamiz. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh o‘g‘li Hammod munozara qilayotganini ko‘rdi va uni munozara qilishdan qaytardi. Shunda u ey otajon, o‘zingiz mashg‘ul bo‘lgan ishdan meni qaytarasizmi, dedi. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh o‘g‘li Hammodga shunday nasihat qildi. Bu nasihat har bir munozara qiladigan kishilar uchun ham nasihat hisoblanadi.

«Biz munozara qilganimizda xuddi boshimizda qush turganidek (ehtiyot bo‘lib), sherigimizning toyilishidan qo‘rqar edik. Siz esa munozara qilayotganingizda sherigingiz toyilishini xohlaysiz. Gohida sherigingizning kufriga ham rozi bo‘lasiz. Bu esa o‘ta xatarli ishdir. Chunki kufrga rozi bo‘lish ham kufrdir. Mana shu narsani maqsad qilgan kishi sherigi kofir bo‘lishidan avval o‘zi kofir bo‘ladi!»

3.    Munozara imkon qadar xilvatda bo‘lishi

Zehn va fikr musaffo bo‘lishi, haqiqat topilishi va fahm-xotirani jamlash uchun xilvat eng munosib o‘rin hisoblanadi. Ko‘pchilik orasida munozara qilish esa riyoning damlarini junbishga keltiradi va o‘zi haq yoki nohaq bo‘lsa ham, ikkala tomon bir-biri ustidan g‘olib kelishga intiladi.

4.    Yetarli bilimga ega bo‘lish

Munozara qiluvchi kishi bilimli bo‘lmog‘i lozim. Ilmsiz bahsga kirishish salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Buning gunohi ham og‘ir bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni karimda:

«Allohga nisbatan yolg‘on to‘qish uchun tillaringiz vasf qilgan yolg‘onni gapirib: «Bu halol, bu harom», deyavermanglar. Albatta, Allohga nisbatan yolg‘on to‘quvchilar najot topmaslar» (Nahl surasi, 116-oyat), deyilgan.

5.    Sabrli bo‘lish

Munozarada shoshmashosharlik foyda bermaydi. Aksincha zarar qiladi. Bahsga kirishuvchi inson mulohazali, har bir narsani bosiqlik bilan atroflicha o‘rganib, xulosa qiluvchi bo‘lishi darkor.

6.    Hidoyat yo‘li – inson qiladigan ish emas

Hidoyat Alloh taoloning ishi. Unga banda aralasha olmaydi. Biz faqatgina bir vosita bo‘lishimiz mumkin. Shunday ekan, bizning vazifamiz – haqiqatni yetkazish xolos. Natija esa Alloh taolodan.

«Albatta, sen o‘zing sevgan kishingni hidoyat qila olmassan. Lekin Alloh kimni xohlasa, o‘shani hidoyat qilur. U hidoyatga yuruvchilarni yaxshi bilguvchi Zotdir» (Qasos surasi, 56-oyat).

Munozara qiluvchi kishi o‘z xulqi bilan boshqalarni dindan uzoqlashtirib qo‘ymasligi kerak. Bahsda quyidagilardan chetda bo‘lishi kerak:

-        Qo‘pollik qilish;

-        hamsuhbatini yerga urish;

-        jinsi, yoshi, kasbi yoki millatini shama qilib, shaxsiyatiga o‘tish.

Munozarada jiddiy e’tibor beradigan yana bir tomoni bor: bu – maqsadga erishish yo‘lida har qanday vositalarni qo‘llash mumkin deb hisoblash. Ba’zilar maqsadiga erishish yo‘lida nima qilsam ham, to‘g‘ri bo‘laveradi deb o‘ylashadi. Natijada aldov, yolg‘on gapirish, yolg‘on guvohlik berish, dalillarni noto‘g‘ri ishlatish kabi dinimiz harom qilgan ishlarga qo‘l uradi. Bu juda katta xato", - deydi muftiy.

Mavzuga oid