Jahon | 14:03 / 28.09.2022
7181
2 daqiqa o‘qiladi

NASA Artemis missiyasining boshlanishini noyabrgacha kechiktirdi

NASA Artemis Oy missiyasini uch marta kechiktirdi, keyingi uchirish noyabr oyiga rejalashtirilgan bo‘lishi mumkin.

Foto: NASA

AQShning Aeronavtika va kosmik tadqiqotlar milliy boshqarmasi (NASA) Artemis 1 Oy missiyasini ishga tushirishni kamida noyabrgacha kechiktirishi mumkin. Bu haqda 27 sentabr, seshanba kuni agentlik vakili ma’lum qildi.

Bungacha NASA Artemis 1 missiyasining uchirilishini uch marta bekor qilgan. Birinchi ikki marta texnik nosozliklar va yonilg‘i sizib chiqishi sabab bo‘lgan. 27 sentabrga rejalashtirilgan uchinchi urinish Florida shtatiga yaqinlashib kelayotgan «Ien» tropik bo‘roni tufayli bekor qilindi. 

Boeing’ning SLS raketa tashuvchisi bo‘rondan himoyalash uchun yana angarga qaytarildi. Yer va Oyning holatiga bog‘liq bo‘lgan navbatdagi ehtimoliy uchirish imkoni 17 oktyabrdan 31 oktyabrgacha, keyin esa 12 noyabrdan 27 noyabrgacha paydo bo‘ladi. «Biz bilamizki, eng erta uchirish oktabr oyi oxirida sodir bo‘lishi mumkin, lekin katta ehtimol bilan noyabr oyining o‘rtalarida amalga oshiriladi», dedi NASA direktori Bill Nelson CNN telekanaliga. 
 
Artemis dasturi 2020 yil sentabr oyida ommaga e’lon qilindi. Uning maqsadi so‘nggi missiyadan yarim asr o‘tib kosmonavtlarning Oyga qaytishi, shuningdek, Oyga yaqin stansiya qurish va kelajakda Oyni egallash uchun shart-sharoitlarni tayyorlashdan iborat. 

2024 yilda NASA Artemis 2 missiyasida Oyga to‘rtta astronavt yuborishni rejalashtirmoqda. Boshqariladigan kema Yer sun’iy yo‘ldoshi atrofida uchishi kerak bo‘ladi, shundan so‘ng u Tinch okeaniga tushadi. 2025 yilga mo‘ljallangan Artemis 3 missiyasi doirasida amerikalik astronavtlar Oy yuzasiga qo‘nishlari kerak bo‘ladi. 

Mavzuga oid