Kremlda ertaga Ukrainaning anneksiya qilingan hududlarini Rossiyaga qo‘shib olish bo‘yicha kelishuvlar imzolanadi

Foto: AFP/GETTY
30 sentabr kuni Kremlda Rossiya tarkibiga yangi hududlarni qo‘shish bo‘yicha kelishuvlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda RF prezidenti matbuoti kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi. Rossiya parlamentining ikki palatasida ham Ukraina hududlarini anneksiya qilish bo‘yicha ovoz berish jarayoni faqat keyingi haftada o‘tkazilishi kutilmoqda. Shundan keyingina Putin bu qo‘shilishni Rossiya Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yishi mumkin.
«Ertaga Georgiyevskiy zalida soat 15:00 da Rossiya Federatsiyasiga yangi hududlarni qo‘shib olish bo‘yicha kelishuvlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tadi. Putin katta chiqish qiladi», degan Peskov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidentining bu nutqi Federal majlisga murojaat bo‘lmaydi, bu keyinroq o‘tkaziladi.
Peskov prezident «DXR» va «LXR» rahbarlari, shuningdek Xerson va Zaporijjya oblastlarining Rossiya tomonidan tayinlangan rahbarlari bilan «marosim maydonida» gaplashishini qo‘shimcha qilgan.
TASS xabariga ko‘ra, juma kuni Qizil maydonda «DXR», «LXR», Zaporijjya va Xerson oblastlarining Rossiya tarkibiga qo‘shib olinishi bo‘yicha referendum yakunlarini qo‘llab-quvvatlab» miting-konsert o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan. Unga Vladimir Putin tashrif buyurishi kutilmoqda.
27 sentabr kuni, Ukrainaning bosib olingan to‘rt hududida Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha besh kunlik «referendum»lar yakunlandi.
21 sentabr kuni Putin bunday «referendum»lar o‘tkazilishini ma’qullagan va «vatan himoyasi, uning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash» uchun «qisman» safarbarlik e’lon qilgandi.
Uyog‘iga nima kutish mumkin?
Chorshanba kuni kechqurun Ukrainaning bosib olingan hududlariga Rossiya tomonidan tayinlangan rahbarlar Moskvaga uchib kelgani ma’lum bo‘lgandi. Bundan oldinroq ular hududlarni Rossiya tarkibiga qo‘shib olishni so‘rab, rasman Vladimir Putinga murojaat qilishgandi.
Endilikda, «Kommersant»ning yozishicha, mazkur to‘rt region bilan xalqaro kelishuv imzolanishi va Rossiya prezidenti bu kelishuvlarni yangi sub’yektlarni qabul qilish to‘g‘risidagi qonun loyihalari bilan birga ratifikatsiya qilish uchun Federal majlisga taqdim etishi kerak.
Shu bilan birga, nazariy jihatdan bu jarayon doirasida Zaporijjya va Xerson oblastlari mustaqilligini tan olish to‘g‘risidagi farmonlar qabul qilinishi kerak, Rossiya Donbassdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «respublika»larni 2022 yil 21 fevralida tan olgandi.
Mavzuga oid

10:10 / 09.02.2025
Ukraina generali: «Zalujniy 2022 yildayoq Belgorodga hujumni taklif qilgandi»

10:15 / 23.01.2025
Rossiyaning Zaporijjyaga yangi raketa zarbasi: kamida 16 kishi yaralandi

11:57 / 10.01.2025
Rossiya qo‘shinlari Xersonga aviabombalar bilan zarba berdi

10:37 / 09.01.2025