O‘zbekiston | 20:20 / 29.09.2022
17538
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentning asosiy ko‘chalarida tezlik pasaytirilishi mumkin

Kichik halqa yo‘li ichida joylashgan barcha ko‘chalarda tezlik 60 km/soatga tushirilishi taklif etilmoqda.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahrida Kichik halqa avtomobil yo‘li ichida joylashgan barcha ko‘chalarda transport vositalarining harakat tezligi soatiga 60 kilometrgacha cheklanadi. Shahar kengashi doimiy komissiyasi shunday xulosaga kelgan. 

Bundan tashqari, Alisher Navoiy, Maxtumquli, Amir Temur, Kichik halqa avtomobil yo‘li, Islom Karimov, Taras Shevchenko, Bobur va Furqat kabi markaziy ko‘chalarning bir qismi va Amir Temur xiyoboni aylanma yo‘lida tezlik 50 km/soat deb belgilanishi mumkin.

Bundan maqsad – harakat xavfsizligini to‘laqonli ta’minlash, o‘lim bilan bog‘liq YTHlarning oldini olish va kamaytirish, shuningdek, harakat ishtirokchilari uchun yetarli darajada qulay sharoitlar yaratish hisoblanishi qayd etilgan.

Doimiy komissiya kiritgan masala shahar kengashining navbatdagi sessiyasida ko‘rib chiqiladi.

Ma’lumot uchun, hozirda O‘zbekistondagi aholi yashash manzillarida ruxsat etilgan tezlik 70 km/soat hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 16 sentabr kungi yig‘ilishida Toshkent shahar IIBB YHXBning poytaxtning ayrim ko‘chalarida harakatlanish belgilangan tezlikni 70 km/soatdan 60 km/soat qilib belgilash taklifiga rozilik bildirilmagan va ayrim deputatlar bunga qat’iy e’tiroz bildirishgandi. Shu tufayli kengash bu masalani ko‘rib chiqishni keyinga qoldirgandi.

Mavzuga oid