Jamiyat | 23:58 / 02.10.2022
69696
4 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda qizlarining raqsi tufayli ota-onalarga qo‘llangan jarima bekor qilindi

Karmana tumanida o‘quvchi qizlarning bema’no raqsi videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi ortidan ularning ota-onalari intervyu berish yuzasidan bosim ostida qolgan. Voyaga yetmagan bolalar esa o‘z tengdoshlari, maktab ma’muriyati, ota-onalari va keng jamoatchilik oldida sazoyi qilingan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Karmana kasb-hunar maktabida ikki nafar o‘quvchi qiz tomonidan ijro etilgan bema’ni raqs ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan Navoiy viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi rasmiy munosabat bildirib, qizlarning ota-onalari jarimaga tortilganini ma’lum qildi.

Boshqarmaga ko‘ra, 21 sentabr kuni Karmana tumani kasb-hunar maktabining ikki nafar o‘quvchisi tadbirga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida o‘zbek millatiga munosib bo‘lmagan, o‘zbekona urf-odatlarimizga to‘g‘ri kelmaydigan raqsga tushib, ushbu harakatlarni tasvirga olishgan hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborishgan.

“Ushbu holatlar mutasaddi rahbarlar hamda voyaga yetmagan o‘quvchi qizlarning ota-onalari ishtirokida muhokama qilinib, ularning ta’lim-tarbiyasiga oid qat’iy chora-tadbirlar belgilab olindi. Voyaga yetmagan o‘quvchi qizlarning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-modda 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik sodir etilganligi aniqlanib, belgilangan tartibda jarimaga tortildi”, — deyiladi boshqarma rasmiy munosabatida.

Navoiy viloyati adliya boshqarmasi ota-onalarga qo‘llangan mazkur jarimani noqonuniy deb topdi va uni bekor qildi. Adliya boshqarmasining ta’kidlashicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasida ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi belgilangan tartibda jarima solishga sabab bo‘lishi nazarda tutilgan.

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodagi xatti-harakatlar, xususan, alohida bir holatda qizlar davrasida raqs tushilishi “ota-onalarning bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmasligi”, deb noto‘g‘ri huquqiy kvalifikatsiya qilingan. Ya’ni mazkur holatda ma’muriy huquqbuzarlik tarkibi mavjud emas.

Voyaga yetmagan o‘quvchi qizlarning raqs uslublari O‘zbekiston jamiyatidagi umumtarqalgan ma’naviy qadriyatlarga to‘la mos kelmasligi mumkin. Lekin insonlarning axloqiy o‘lchamlari va qarashlari qonunlar bilan belgilangan normalardan noto‘g‘ri foydalanishga, ayniqsa javobgarlikka tortishga olib kelmasligi lozim.

Bundan tashqari, ota-onalarning bayon etishiga ko‘ra, lavha rasmiy manbalar va markaziy telekanallar orqali yoritilish jarayonida maktab o‘quvchilari hamda ota-onalar intervyu berish yuzasidan bosim ostida qolgan. Natijada, voyaga yetmagan bolalar o‘z tengdoshlari, maktab ma’muriyati, ota-onalari va keng jamoatchilik oldida sazoyi qilingan. Ushbu nomaqbul harakatlar voyaga yetmaganlarning sog‘ligi va salomatligiga, ruhiy barqarorligiga o‘ta jiddiy ta’sir qilgan va ularning sha’ni va qadr-qimmati tahqirlanishiga olib kelgan.

Shuningdek, mazkur masalada ba’zi bir ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar hamda televideniye orqali berilgan intervyularda maktab ma’muriyati rahbari va ayrim o‘qituvchilariga nisbatan “hayfsan” va “jarima” intizomiy jazo chorasi qo‘llanganligi va ular egallab turgan lavozimidan ozod qilinganligi bayon etilgan. Ushbu holat ham adliya organlari tomonidan o‘rganilganda maktabning hech bir xodimi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinmaganligi ma’lum bo‘ldi”, — deyiladi adliya boshqarmasi izohida.

Mavzuga oid