O‘zbekiston | 11:21 / 04.10.2022
1432
3 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlik sub’yekti bo‘lmagan yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi belgilandi

Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik sub’yektlari bo‘lmagan ayrim yuridik shaxslarni tashkil etish va tugatishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston hududida faoliyat ko‘rsatadigan yuridik shaxslar birlashmalarini, advokatlik tuzilmalarini hamda uy-joy mulkdorlari shirkatlarini davlat ro‘yxatidan (qayta ro‘yxatdan) o‘tkazish davlat xizmatlari markazlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish avtomatlashtirilgan tizimi orqali amalga oshiriladi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • davlat organlari va muassasalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va davlat organlarini tugatish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish ma’muriy reglamenti;
  • yuridik shaxslar birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish ma’muriy reglamenti;
  • advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish ma’muriy reglamenti;
  • uy-joy mulkdorlari shirkatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish ma’muriy reglamenti.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yuridik shaxslar davlat xizmatlari markazlariga ariza bilan murojaat qiladi, so‘rovnomani to‘ldiradi. Arizaga ta’sis etish to‘g‘risidagi hujjatlarni (ustav, yig‘ilish bayonnomasi), davlat boji to‘langani to‘g‘risida kvitansiyani ilova qilish zarur.

Qarorda ariza shakllari, so‘rovnomalar, arizani ko‘rib chiqish sxemalari ko‘rib chiqish va ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtlari ko‘rsatilgan holda keltirilgan.

Hujjat bilan tadbirkorlik sub’yektlari bo‘lmagan ayrim yuridik shaxslarning davlat reyestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Davlat organlarini yuridik shaxs sifatida tugatish normativ-huquqiy hujjatlar yoki vakolatli davlat organlari hujjati (qaror, buyruq va hokazo) asosida amalga oshiriladi. Tadbirkorlik sub’yekti bo‘lmagan yuridik shaxslarni ixtiyoriy tugatish to‘g‘risida qaror ta’sis hujjatlarida bunga vakolat berilgan yuqori turuvchi organ tomonidan qabul qilinadi. 

Qarorda quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi: tugatilayotgan yuridik shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar; tugatuvchi haqidagi ma’lumotlar; yuridik shaxsni tugatish sababi va mo‘ljallanayotgan tugatish muddati.

Yuridik shaxslarni tugatish bo‘yicha soliq organlari, davlat statistika organlari, Majburiy ijro byurosi bo‘linmalari hamda tijorat banklari bilan o‘zaro ma’lumot almashinish tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish avtomatlashtirilgan tizimi vositasida amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid