O‘zbekiston | 18:01 / 04.10.2022
14656
2 daqiqa o‘qiladi

Yagona maktab formasi bo‘yicha talab kechiktirilganini tasdiqlovchi hujjat imzolandi

O‘zbekiston hukumati yagona maktab formasini joriy etishni kechiktirishga qaror qilgan edi. Bu qaror 3 oktyabr kuni imzolangan hujjat bilan rasmiylashtirib qo‘yildi.

O‘zbekistonda tasdiqlangan shakllardagi yagona maktab formasini joriy etish keyingi yillarga qoldirilishi rasman belgilab qo‘yildi. Bu haqda 3 oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasining 558-sonli qarori qabul qilingan.

Unga ko‘ra, yagona maktab formasini joriy etish 2022/23 o‘quv yilidan boshlab emas, keyingi 3 yil davomida bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu bosqichlar qandayligi hozircha ma’lum emas.

Eslatib o‘tamiz, yagona maktab formasiga oid hukumat qarori shu paytgacha bir necha marta o‘zgartirildi.

Bu borada 2018 yilda 666-sonli qarori qabul qilingan, unda yagona forma 2018/19 o‘quv yilidan ixtiyoriy, 2019/20 o‘quv yilidan boshlab majburiy bo‘lishi belgilangan edi. Lekin bu jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgach, xususan Saida Mirziyoyevaning aralashuvi bilan, muddat 2024/25 o‘quv yiligacha kechiktirilgandi.

Lekin hukumat 2024 yilgacha kutishni istamadi. 2022 yil may oyiga kelib, 666-sonli qaror o‘zgartirildi va yagona forma 2022/23 o‘quv yilidan boshlab majburiy bo‘lishi e’lon qilindi. Bu yana e’tirozli qarshi olingach, iyul oyida – konstitutsion islohotlar fonida yagona forma bu yil majburiy bo‘lmasligi aytildi.

Endilikda yagona forma talabi 2025 yilgacha bosqichma-bosqich joriy etilishi kutilmoqda. Yagona forma qaysi yildan boshlab qaysi sinf o‘quvchilariga majburiy bo‘lishi hozircha ma’lum emas.

Kun.uz avvalroq ayrim maktablar ma’muriyati ota-onalarni farzandlari uchun tasdiqlangan dizayndagi maktab formalarini sotib olishga undayotgani haqida xabar bergandi. XTV matbuot kotibi bizning so‘rovimizga javoban ma’lum qilishicha, maktablar tomonidan yagona forma targ‘ib qilinishi mumkin, lekin bu o‘quvchini maktabga kirgizmaslikka sabab bo‘la olmaydi.

Mavzuga oid