O‘zbekiston | 08:27 / 05.10.2022
3331
3 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chmas mulk huquqiga oid shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi e’lon qilindi

Foto: Shutterstock

“Fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlari ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasidagi arizalari va shikoyatlarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e’lon qilindi.

Nizom jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasidagi arizalari va shikoyatlarini ko‘rib chiqish tartibini belgilaydi. Nizom talablari yer qa’riga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Manfaatdor shaxs ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilmagan holatlar yuzasidan, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi o‘z harakatlari (harakatsizligi) bilan manfaatdor shaxsning fuqarolik huquqlarini buzgan deb hisoblasa, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi harakatlari (harakatsizligi) ustidan komissiyaga shikoyat qilishi mumkin.

Manfaatdor shaxs komissiya qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda apellyatsiya komissiyasiga shikoyat qilishi mumkin. Komissiya tomonidan manfaatdor shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish bepul amalga oshiriladi. Manfaatdor shaxs komissiya va apellyatsiya komissiyasi qarorlaridan norozi bo‘lgan taqdirda sudga murojaat qilishga haqli. Sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan yoki ko‘rib chiqilayotgan ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq nizolar komissiya tomonidan ko‘rib chiqilmaydi.

Quyidagilar komissiya asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • jismoniy va yuridik shaxslar ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasidagi arizalari va shikoyatlarini nizom va qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq ko‘rib chiqish;
  • ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda yuzaga keladigan nizolarni sudgacha hal qilish choralarini ko‘rish.

Quyidagilar apellyatsiya komissiyasi asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • komissiya qaroridan norozi bo‘lgan manfaatdor shaxs yoki ro‘yxatdan o‘tkazuvchi tomonidan berilgan shikoyatlarni ushbu nizom va qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq ko‘rib chiqish;
  • ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda yuzaga keladigan nizolarni sudgacha hal qilish choralarini ko‘rish.

Komissiya va apellyatsiya komissiyasi ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqishda:

  • teng huquqlilik, xolislik, qonuniylik, kollegiallik va huquqni qo‘llash amaliyoti birxilligini ta’minlash;
  • murojaat etuvchilar huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish prinsiplariga asoslanadi.

Mavzuga oid