O‘zbekiston | 07:24 / 05.10.2022
11445
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida qo‘shma bayonot va 15 ta hujjat imzolandi

Imzolangan hujjatlar O‘zbekiston-Vengriya strategik sherikligini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Budapesht shahrida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va bosh vazir Viktor Orban O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladi.

Hujjatda muzokaralar do‘stona, ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgani qayd etilgan, har tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni faollashtirish ko‘zda tutilgan, diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘lgani ta’kidlangan.

Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida O‘zbekiston-Vengriya strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan 15 ta hujjat imzolandi. Bular:

  • 2023-2024 yillarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dastur;
  • fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha harakatlar rejasi;
  • qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha harakatlar rejasi;
  • jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • fanni rivojlantirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim.

Bojxona, adliya, atrof-muhitni muhofaza qilish, bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi, uzumchilik, investitsiya sohalarida, O‘zbekiston Davlat boshqaruvi akademiyasi va Vengriya Davlat xizmati universiteti, Samarqand viloyati va Xaydu-Bixar okrugi, Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi va Tashqi ishlar va savdo instituti, Toshkent davlat agrar universiteti va Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlar universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga ikki kunlik rasmiy tashrifi tadbirlarga boy va sermahsul bo‘ldi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbari Vengriyada prezident Katalin Novak bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari bilan O‘zbekistonda aniq investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi.

Bosh vazir Viktor Orban bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi, ular yakunida salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi.

Tashrif dasturidagi tadbirlar yakunlangach, Ferens List nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmonni Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi. Birinchi bort Toshkentga uchib ketdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriyaga ikki kunlik rasmiy tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Mavzuga oid