O‘zbekiston | 11:00 / 08.10.2022
24575
6 daqiqa o‘qiladi

“2 ming nafarga yaqin bolam bor” – “g‘ayrioddiy kasb” egasi

Karmanalik G‘ulom Hasanov 16 yildirki bolalarni maktab oldida svetofordan o‘tkazib qo‘yish bilan shug‘ullanadi. U shu muddatda faqatgina yarim kun – avtohalokatga uchragan o‘z farzandi operatsiya qilinayotganida ishga kelmagan.   

Karmana tumanidagi axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan 2-sonli umumta’lim maktabi Navoiy shahri va Karmana tumani markazini bog‘lovchi yo‘l yoqasida joylashgan. Maktabda 1 800 nafardan ortiq o‘quvchi 2 smenada tahsil oladi. Shu tufayli ertalab, tushlik payti va kechga yaqin maktab oldida ko‘plab o‘quvchilar to‘planishadi, yo‘ldan o‘tib-qaytishadi.

G‘ulom Hasanov 16 yildan buyon ana shu maktab oldida o‘quvchilarni yo‘ldan o‘tkazib turadi. Bu savobli ishi tufayli uni ko‘pchilik – ota-onalar ham, taksi haydovchilari ham yaxshi tanib qolgan. Yo‘ldan o‘tgan borki, u bilan so‘rashib ketadi.

G‘ulom Hasanov ishi uchun davlatdan maosh olmaydi, rasman maktab xodimi hisoblanmaydi. Farzandlarining xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shayotgan bu insonga ota-onalar har oyda pul yig‘ib, maosh to‘plab berishadi. Bir nafar o‘quvchi uchun oyiga ixtiyoriy ravishda 5 ming so‘m olinadi. 1800 nafar o‘quvchining barchasi ham yo‘ldan o‘tmaydi. Oyiga o‘rtacha 4-5 mln so‘m mablag‘ yig‘iladi va bu pul G‘ulom Hasanov hamda uning sherigiga beriladi.

G‘ulom Hasanovning ma’lum qilishicha, u maktabdagi barcha o‘quvchini ismi bilan taniydi, ota-onasini ham biladi:

Bu ishda ishlay boshlaganimga 16 yil bo‘ldi. Shu paytgacha biror ko‘ngilsiz hodisa bo‘lmagan. 1800 nafar o‘quvchi bo‘lsa, barchasining ismini, qayerda yashashini bilaman, ota-onasini ham yaxshi taniyman. Beradigan pulidan ham ko‘ra, ota-onalarning duosi muhimroq men uchun. Ertalab soat 7:00da kelaman va 19:00da ketaman. Albatta, qiyinchiliklari ham bor. Masalan, svetofor o‘chib qolgan paytlari, qish kunlari, sovuq va yog‘inli kunlarda qiyin bo‘ladi. Issiq jonning isitmasi bo‘ladi deganlaridek, kasal bo‘lib qolganimda ham shu yerga kelib o‘tirgan paytlarim bo‘lgan. Chunki sherigimning bir o‘zi xavfsizlikni ta’minlashi qiyin. Bolalarni o‘zimning farzandimday ko‘raman: ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilib beraman, taksiga mindirib yuboraman, yo‘ldan o‘tkazib qo‘yaman.

2007 yilda kelgandim bu yerga ishga. Kelganimda 29 yoshli yigit edim. Hozir 45 yoshga kirdim. 16 yil davomida har kuni ishga kelganman. Faqatgina o‘g‘lim avtohalokatga uchrab, operatsiya qilinayotganda yarim kun  kelolmaganman”.

G‘ulom Hasanovning ishidan ota-onalar ham mamnun. Ular shu inson borligi uchun ko‘ngillari doim xotirjam ekanligini aytishadi.

Nabiram 1-sinfga qatnaydi. O‘zim kelib olib ketaman maktabdan. To‘g‘risi, ko‘nglim to‘q, xavotirga o‘rin yo‘q. Chunki kech qolgan kunlarim ham G‘ulom aka shu yerda olib o‘tiradi nabiramni. Faqatgina yosh bolalarni emas, kattalarni ham yo‘ldan o‘tkazib qo‘yadi. Men bunday insonni birinchi marta ko‘rishim – chin yurakdan, vijdonan ishlaydi. Mehnatlarini qadrlash kerak bunday insonlarning. Shuncha transport o‘tyapti, benzin hidi, chang deganday, oson emas ishlari. Borlariga shukur. Shu G‘ulom aka bor, men tinch to‘g‘risini aytsam”, — deydi fuqaro Shohista To‘rayeva.

Viloyatda yo‘l chetida joylashgan maktablar ko‘p. Ayniqsa, serqatnov yo‘llarda bolalarning maktabga o‘tib-qaytishi ancha xavotirli. O‘pkasini bosib ololmaydigan “uchar” haydovchilarning e’tiborsizligi yoki uquvsizligi oqibatida nogiron bo‘lib qolgan o‘quvchilar ham yo‘q emas. Shu sababli G‘ulom Hasanov svetoforni qattiq “qo‘riqlaydi”.     

Chin yurakdan xizmat qiladi xalqning bolasi uchun. Har bir bolaning qo‘lidan tutib, yo‘ldan o‘tkazib qo‘yadi. Shuning uchun ota-onalarning ko‘ngli to‘q, bexavotir ishga borib kelishadi. G‘ulom aka bir kun ishga kelmasa, biz yo‘lni nazorat qilolmay qolamiz. U kishi davlatdan hech qanday maosh olmaydi. Maktabimizda ota-onalardan iborat kuzatuv kengashi faoliyat yuritadi. Shu kuzatuv kengashimiz jamoatchilik asosida sharoiti bor ota-onalardan 5 ming so‘mdan mablag‘ yig‘ib, oylik maosh sifatida G‘ulom aka va uning sherigiga topshiradi.

Maktabda 1800 nafardan ortiq bola o‘qiydi. Ularning ismini maktab direktori sifatida men bilmasligim mumkin, ammo G‘ulom aka biladi. Sababi, ular bilan kunda muloqot qiladi”, — deydi maktab direktori Tursunoy Xalilova.

Navoiy viloyati IIB YHXB axborot xizmatiga ko‘ra, 2022 yilning yanvar-sentabr oylarida viloyatda bolalar ishtirokida 23 ta YTH sodir bo‘lgan. Oqibatda 4 nafar bola vafot etgan, 19 nafari jarohat olgan.

Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi – Boymirza Xalilov

Mavzuga oid