O‘zbekiston | 10:28 / 08.10.2022
2933
2 daqiqa o‘qiladi

30 yilda 14 ta davlat muzeyidan 5 mingdan ortiq madaniy qimmatga ega bo‘lgan boyliklar yo‘qotilgan

Foto: Kun.uz

“Madaniy boyliklar noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish choralari kuchaytirilishi munosabati bilan Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Respublika muzeylarida 2,5 mlndan ortiq moddiy madaniy meros obekti hisoblangan ashyolar va kolleksiyalar saqlanib, ular atigi 5 foizigina ekspozitsiyalarga qo‘yilgan.

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi 30 yil ichida 14 ta davlat muzeyidan 5 mingdan ortiq madaniy qimmatga ega bo‘lgan boyliklar yo‘qotilgan.

So‘nggi bir yil davomida muzeylarda muzey ashyolari va kolleksiyalari qalbakilashtirilishi, o‘g‘irlanishi va boshqa tarzda talon-toroj qilinishi bilan bog‘liq bir qator holatlar aniqlangan.

Shu bilan birga, alohida tarixiy, ilmiy, badiiy yoki madaniy qimmatga ega bo‘lgan ashyolar va hujjatlarni talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha jinoyat qonunchiligida alohida norma mavjud emasligi, bunday turdagi jinoyatlarni tahlil qilish, hisobini yuritish va ularga qarshi ta’sirchan choralar ko‘rishni istisno etmoqda.

Shu munosabat bilan, bu sohada huquqbuzarliklar oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida alohida qimmatga ega bo‘lgan ashyolarni talon-toroj qilganlik uchun alohida javobgarlik chorasini belgilash va ularni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.

Mavzuga oid