O‘zbekiston | 13:25 / 08.10.2022
28692
6 daqiqa o‘qiladi

«Germaniya va Fransiya bunga qarshi» - NATO davlatlari Ukrainani qabul qilish masalasida nega hamfikr emas?

Putin Ukrainaning to‘rtta viloyatini Rossiya tarkibiga qo‘shib olishiga javoban Zelenskiy NATOga tezlashtirilgan tarzda a’zo bo‘lish uchun ariza berishini ma’lum qildi. Xo‘sh, NATO davlatlari Rossiyaga qarshi jang qilayotgan davlatning tashkilotga qo‘shilishiga rozi bo‘ladimi? Kollektiv g‘arb Ukrainaga berayotgan yordam qachongacha davom etishi mumkin? Kun.uz muxbiri shu mavzuda siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan suhbatlashdi.

Putinning farmonidan keyin Zelenskiy Ukrainaning NATOga tezlashtirilgan tartibda a’zoligi bo‘yicha ariza berishini ma’lum qildi. Nima deb o‘ylaysiz, NATO davlatlari Rossiya bilan urishayotgan Ukrainani o‘zlariga qo‘sha oladimi?

– O‘ylaymanki, bugun NATOga a’zo davlatlar o‘rtasida qizg‘in bahs ketmoqda. Chunki bu ikki davlat o‘rtasidagi urush ularni xavotirga soladi. Bu yerda davlatlar ikkiga bo‘linishi kutiladi. Ular orasida Ukrainani tezroq blokka qo‘shish tarafdori bo‘lgan davlatlar bor. Bular AQSh, Buyuk Britaniya, Boltiqbo‘yi davlatlari hamda Polsha. Lekin shunday davlatlar ham borki, urush bo‘layotgan davlatni NATOga a’zo qilsak, biz ham bevosita urush ishtirokchisi bo‘lib qolamiz, deb hisoblashadi. Bu davlatlar Fransiya va Germaniya. Polshaning yuqori mansabdagi mulozimi Yevropa Ittifoqida keyingi yigirma yilda ma’lum bir kurs shakllanganini aytdi. Ya’ni Yevropa Ittifoqidan AQShni siqib chiqarish yoki uning ishtirokini pasaytirish uchun Rossiya, Fransiya va Germaniya yashirin ittifoq tuzganligini bildirdi. Uning fikriga ko‘ra, urushning boshlanishi natijasida bu loyiha majruhlandi.

Oxirgi bir necha oyni inobatga oladigan bo‘lsak, Rossiyaning bu ikki davlat bilan munosabatlari o‘ta chigallashdi. Ular dastlab bu urushni tezroq tugatish borasida takliflar bera boshladi. Ikki davlatni bunga chaqirdi. Keyinchalik bu tashabbusni Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an oldi. Kimki Rossiya bilan muloqotni taklif qilar ekan, ular odatda Rossiya tomon bo‘lgan. Chunki bosib olingan yerlarni Rossiya qaytarib bermaydi. Qaytarib bersa-da, Ukrainaga qabul qila olmaydigan shartlarni qo‘yadi. Muloqot qilayotgan davlatlar Ukrainaning yengilishi yoki Rossiyaning vaziyatdan yengil chiqishi tarafdorlari bo‘lishadi. Lekin so‘nggi oyda bu ikki davlat ham Ukrainaga ko‘proq yordam berish va Rossiyaning agressiyasiga qarshi turish tarafiga o‘tishdi.

Hattoki, Germaniya gaz va energetika masalasida Rossiya bilan aloqalarni to‘liq uzish tarafdori ekanligini ham ko‘rsatyapti. Yaqinda dengiz ostidagi gaz portlashini Yevropa Ittifoqidagi shakllangan pozitsiyaga ko‘ra, buni Rossiyaning o‘zi qildi, degan fikr juda ham kuchli. Buni chuqur tahlillar orqali taxmin qilishyapti. Demak, bugun kollektiv g‘arbda Rossiyaning xatti-harakatidan xavotir juda ham kuchli. Rossiya muammolarni oshirib borish (eskalatsiya) tizimini tanlagan. Bu yo‘lni tanlagan davlatlar o‘ta agressiv va hattoki, yadro urushiga ham tayyorman degan signalni berayotgan bo‘ladi. Rossiyada Stalindan keyin siyosiy byuro tashkil etilgan va bu yerda yagona hukmron bo‘lmagan. Ular davlatni kollektiv boshqargan. Ularda qarorlarni kollektiv tarzda qabul qilish mexanizmi mavjud edi. Bugun bunday mexanizm mavjud emas. Bugun Putin yakka hokim va shuning uchun sovet ittifoqi yadro quroli bilan hech kimga tahdid qilmas edi.

Yevropa tomonidan Ukrainaga berilayotgan yordam qanchagacha davom etishi mumkin?

– Yevropadagi holatga resurslar taqchilligi emas, balki siyosiy maqbullik orqali qarash kerak. Ular Ukrainaga yordam berish barobarida yadro urushi boshlangudek bo‘lsa, AQSh emas, balki o‘zlari asosiy nishon bo‘lib qolishdan xavotirlanishadi. Ular Putinning jahlini chiqarmaslikka va ehtiyotkorlikka ko‘ra ish tutishmoqda. Bundan tashqari Yevropadagi ultra o‘nglarning aksariyati Putinga xayrixoh hisoblanadi. Ular AQSh va Yevropa Ittifoqi munosabatlarining pasayish tarafdori. Ular Putinni o‘ziga ittifoqdosh deb bilishadi. Siyosatshunoslar ularni Putinning yashirin yoki oshkora «agentlari» deb atashadi.

Yevropa Ittifoqidagi keyingi paytda paydo bo‘lgan muammo bu – energetika yetishmasligiga bo‘lgan inqiroz. Natijada Yevropadagi demokratiyalar jamoatchilikning fikriga quloq tutishadi. G‘arb davlatlarida jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilish imkoni mavjud. Bilamizki, 10-15 yil ichida Putin g‘arb davlatlari fikrini manipulyatsiya qila oladigan ommaviy axborot vositalarini shakllantirdi. Birgina «Russian today»ning o‘zida 10 dan ortiq tildagi servislar mavjud. O‘sha servislar mazkur davlatlarni erta-yu kech Rossiya manfaatlaridan kelib chiqib ma’lumot bilan ta’minlab turadi. Bu ijtimoiy tafakkurga qumga sepilgan suvdek singib ketadi.

Bugungi kunda Rossiyaning propagandasi faqat Markaziy Osiyoning muammosi emas, bu Kollektiv g‘arbning ham muammosi deyish mumkin. Bularning barchasi g‘arbdagi parokandalikka sabab bo‘ldi.

To‘liq intervyu bilan yuqoridagi videoda tanishishingiz mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi: Muhiddin Nido.

Mavzuga oid