Jahon | 12:06 / 08.10.2022
23316
11 daqiqa o‘qiladi

Bolalarni qanday sevish kerak? - o‘quvchilari bilan o‘limga tik boqqan Yanush Korchak

Polshalik o‘qituvchi Yanush Korchak (1879–1942) Ikkinchi jahon urushi paytida yahudiy yetimlari bo‘lgan o‘z shogirdlarini tashlab ketishdan bosh tortadi va ular bilan birga gaz kamerasiga kiradi. Ular xavfni sezmasliklari uchun so‘nggi lahzagacha bolalarga ertak aytib beradi.

Asl ismi Henrik Goldshmit bo‘lgan yozuvchi 1878 yil iyul oyida Varshavada, ziyoli yahudiy oilasida tug‘ilgan. Yanush Korchak uning taxallusidir va u aynan shu nom bilan dunyoga tanildi.

Bolaligidan Henrik maktabni sevardi, deb aytib bo‘lmasdi. Hatto bir yili sinfdan sinfga ham qolib ketgan. Ammo u ko‘p vaqtini adabiyotga bag‘ishlardi. Bobosi shifokor, otasi esa tajribali yurist edi.

11 yoshida uning otasida og‘ir ruhiy kasallik — shizofreniya aniqlanadi. Otasining ruhiy azoblari bola ongida izsiz ketmadi. U ulg‘ayganda otasining kasali nasl surib, farzandlari shunday xastalikdan aziyat chekishidan qo‘rqdi va uylanmaslikka qaror qildi. Hayotini bolalarga bag‘ishladi.

Yanush Korchakning «tug‘ilishi»

Henrik 15 yoshida adabiyotdan qo‘shimcha dars o‘tib, onasi va singlisiga moddiy tomondan yordam bera boshlaydi. 1896 yilda Yanush Korchak taxallusi bilan haftalik «Tikanlar» (Kolce) nashrida «Gordian tugun» (Węzeł gordyjski) hajviyasini nashr etdi, bu uning adabiy debyuti va jurnalistikadagi karerasining boshlanishi bo‘ladi.

1898 yilda Varshava Imperator universitetining tibbiyot fakultetiga o‘qishga kiradi. Shu bilan birga, Korchak adabiy faoliyatini davom ettiradi: «Kemalar» haftalik jurnaliga maqola va sharhlar yozdi, boshqa jurnallar bilan hamkorlik qildi. Korchak ilk romanini universitetda o‘qib yurganida yozgan. «Ko‘cha bolalari» (Dziesi ulicy) deb nomlangan mazkur asari 1901 yilda nashr etilgan.

Shu bilan birga u 1900–1915 yillarda bolalar kutubxonasida ham ishlagan. Korchak yozgi lager jamiyatining faol a’zosi edi. O‘qishning yuqori kursida u yozgi lagerlarda ishlay boshladi: 1904 va 1907 yillarda u Mixalovka dam olish uyiga tarbiyachi bo‘lib ishga qabul qilindi.

Bu Korchakka tajriba va keyingi o‘qituvchilik faoliyati uchun asos berdi. Bolalar lagerlarida ishlagandan so‘ng ikkita kitob ham paydo bo‘ldi: Moski, Ioski i Sruli (Mośki, Joski, Srule, 1910 yilda nashr etilgan) va Yuzki, Yaski i Franki (Józki, Jaśki i Franki, 1911 yilda nashr etilgan).

1905 yil mart oyida Genrix Goldshmidt tibbiyot darajasini oldi va yahudiy bolalar kasalxonasida ishlay boshladi. 1905–1906 yillarda rus-yapon urushi davrida harbiy shifokor sifatida safarbar qilingan.

Korchak Berlinda bir yil (1907–1908) va yarim yil Parijda (1910) yashab, u yerda pedagogika va pediatriya bo‘yicha ma’ruzalarni tingladi. Fursatdan foydalanib, bolalar shifoxonalari, ta’lim muassasalari, bolalar uylarida bo‘ldi.

Talabalik chog‘ida u Pestalozsining pedagogik nazariyasi bilan yaqindan tanishish maqsadida Shveytsariyada bo‘lgan. O‘z mablag‘i hisobidan Angliya, Germaniyaga sayohat qilgan, u yerda ko‘p vaqtini yosh huquqbuzarlar va aqli zaif bolalar boshpanalarida o‘tkazgan.

Biroq u yozishni sira tark etmadi. Uning nomi ostida hikoyalar, maqolalar, nashr etilib, ularning aksariyati bolalar psixologiyasining og‘ir olamiga bag‘ishlangan. Hammasi bo‘lib u ta’lim bo‘yicha yigirmata kitob yozgan. Yanush Korchakning eng mashhur asarlaridan biri — «Bolani qanday sevish kerak?» 1914 yilda yozilgan.

Bolaga hurmat — asosiy shartlardan biri

Bir necha yil bolalar shifoxonasida ishlagandan so‘ng, u nihoyat shifokorlik kasbini tark etishga qaror qiladi va 1911 yilda mahalliy xayriyachilar ko‘magida Varshavada yahudiy oilalari bolalari uchun Mehribonlik uyi ochadi. Yanush Korchak butun umrini bolalarga bag‘ishladi.

Aytish joizki, u asos solgan Mehribonlik uyi boshqa bunday muassasalardan sezilarli darajada farq qilar edi. Aksariyat mehribonlik uylarining asosiy vazifasi tarbiyalanuvchilarni uy-joy va oziq-ovqat bilan ta’minlash edi. Tegishli ma’naviy-axloqiy tarbiyasiz bunday muassasalarning bitiruvchilari balog‘at dunyosiga qadam bosgach, ko‘pincha jinoyatning boshi berk ko‘chasiga kirib qolishardi.

Korchak o‘quvchilarini birinchi navbatda, bolalar uyini tark etgandan so‘ng jamiyat bilan uyg‘unlikda, uning qonunlari va qoidalariga muvofiq yashashga o‘rgatish uchun harakat qildi. Bundan tashqari, uning pedagogik iste’dodi bu og‘ir ishni bolalarga bosim o‘tkazmasdan, diktatura usullarini qo‘llamasdan amalga oshirishga imkon berdi. Yanush Korchak bolaga hurmatni ta’lim jarayonining asosiy shartlaridan biri, deb bilardi.

Oldinga qarab, shuni aytishimiz mumkinki, ushbu yondashuv jahon pedagogik hamjamiyatida eng samarali, deb tan olingan.

Yanush Korchakning bolalarni tarbiyalash bo‘yicha asosiy usullari quyidagilarga to‘g‘ri keladi. Avvalo, bolani sevish kerak; uni kuzata olish, lekin unga bosim o‘tkazmaslik; u bilan juda halol bo‘lish (buning uchun o‘qituvchi o‘zi bilan halol bo‘lishi kerak) va nihoyat, o‘qituvchi o‘zini bilishi kerak, shunda bolalarga nisbatan uning afzalliklaridan foydalanish vasvasasi bo‘lmaydi.

Bu juda oson va tushunarli bo‘lib tuyuladi — aslida esa amalga oshirish juda qiyin. Aynan Yanush Korchakning ilmiy va pedagogik asarlari dunyoda birinchi bo‘lib Jyenevadagi Bola huquqlari deklaratsiyasi (1924) uchun asos bo‘ldi.

1926 yilda Korchak bolalar va yoshlar uchun Varshavadagi «Nasz Prezgląd» («Bizning sharhimiz») gazetasining haftalik ilovasi bo‘lgan «Mały Prezgląd» («Kichik sharh») jurnalini nashr etadi. «Kichik sharh» haqiqiy global hodisa edi: gazeta bolalar tomonidan chop etilar va tahrir qilinardi.

Maqolalar asosan bolalarning o‘zlari tomonidan yozilgan. Yanush Korchak hamma narsaga mas’ul edi. 1930-yillarning o‘rtalarida Korchak muharrirlik vazifasini yosh muharrir Igor Neverliga topshiradi.

«Kichik sharh»ning dunyodagi boshqa barcha jurnallardan farqi bolalarning kundalik muammolari va atrofdagi haqiqat haqida yozishlari edi.

Eng qimmatli xatlar — kimdir ota-onasiga yoki maktabda ayta olmaydigan narsalarni yozadigan xatlar edi. Bolalar o‘z fikrlarini uyalmasdan va kulguga qolishdan qo‘rqmasdan ochiq aytish imkoniyatiga ega bo‘lishgan.

Natijada, «Kichik sharh» sahifalarida bolalar o‘zlarining dolzarb muammolari haqida yozdilar, ular aslida dunyo muammolari edi. Jurnal faoliyatining dastlabki o‘n yilida tahririyatga yiliga o‘rtacha 4000 ta xat kelib tushgan. Jurnalning 3000 ga yaqin doimiy muxbirlari bo‘lgan.

Vagondan tushib qolishingiz mumkin

Ikkinchi jahon urushi davrida nemislar uchun yahudiylar inson sanalmagan. Ularga hayvondan ham beshafqat munosabatda bo‘lishgan. Bolalar uyida ishlagan polyak yozuvchisi, pedagog-tarbiyachi Yanush Korchak asirlikda ham har qanaqasiga tarbiyalanuvchilarga yordam berishga harakat qilgan. Uning tarbiyalanuvchilari o‘zlarini o‘zlari eplay olishgan, hatto kiyim-bosh tikishgan.

Varshava gettosi — yahudiylarning barcha huquqlari cheklangan holda saqlanadigan joy. Yanush Korchak shu yerda ham bolalarga ta’lim-tarbiya berish bilan shug‘ullanadi. O‘sha paytlari fashistlar gettoda yashayotgan yahudiylarni navbati bilan otishni boshlaydi. Bularning barchasi bolalar ko‘z o‘ngida sodir etilishi juda azobli hol bo‘lsa-da, Yanush Korchak ularga ta’lim-tarbiya berishda davom etaveradi.

1942 yilning yozida Korchakning yetimlarini deportatsiya qilishga qaror qilishadi. Shunda Yanush Korchak getto rahbarlariga uning «bolalari» nemislar uchun ishlashi, ya’ni kiyim tikib berishi mumkinligini aytadi va bolalarni olib qolishga erishadi.

Lekin baribir 1942 yilning 6 avgustida bolalar uyining 192 nafar tarbiyalanuvchisi Treblinkaga jo‘natiladi. Yanush Korchak mashhur, taniqli inson bo‘lgani uchun uni qutqarib qolishga ko‘pchilik harakat qiladi. Ammo u bolalar bilan birga bo‘lish uchun har qanday yordamni rad qiladi.

Bolalarni vagonga chiqarish tugagach, komendant shifokordan «Kichik Jyekning bankrotligi»ni siz yozganmisiz, deb so‘raydi.

— Ha, lekin bu qandaydir darajada eshelonni jo‘natish bilan bog‘liqmi?

— Yo‘q, kitobingizni bolaligimda o‘qiganman, yaxshi kitob, qolishingiz mumkin doktor...

— Bolalar-chi?

— Mumkin emas, bolalar ketadi.

— Adashyapsizlar, — deb baqiradi shifokor, — adashyapsizlar, bolalar — birinchi navbatda! Va u vagonga chiqib ketadi.

Polshalik tarixchi Emmanuel Ringelblyum bu haqda shunday esdaliklarini qoldiradi:

«Buni men hech qachon unuta olmayman. Bolalar nemis yovuzlariga qarshi isyonini boshlarini baland ko‘targancha, shaxdam qadamlar bilan bir qatorga to‘rt nafardan turib vagonga chiqib ketishda isbotlashdi. Korchak bo‘lsa, ularning oldida eng kichik ikki bolaning qo‘lidan ushlaganicha boshini baland ko‘tarib ketib borardi. Ularni ko‘rib bizdan so‘rashdi: «Bu odam kim?». Men ko‘z yoshlarimni yashirish uchun yuzlarimni berkitdim».

Yanush Korchak bolalar bilan Treblinka lageridagi gaz kamerasida vafot etdi. U gaz kamerasida hech narsadan xabari yo‘q ikki nafar bolakayning qo‘llaridan ushlaganicha, ularga ertak aytib o‘tirardi...

Foto: spb-ith.ru

Varshavada Yanush Korchakka bir necha yodgorliklar qo‘yilgan. Ulardan biri Korchak ochgan mehribonlik uyi o‘rnida joylashgan. 7 metr balandlikdagi granitdan yasalgan daraxt ostida bolalar qurshovida Yanush Korchak turibdi.

Charos Mannonova tayyorladi.

Mavzuga oid