Fan-texnika | 18:49 / 08.10.2022
58868
7 daqiqa o‘qiladi

WhatsApp hakerlar uchun kuzatuv vositasimi? «Elektron shifokor» va robot «bog‘bon» - hafta texnodayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.

WhatsApp hakerlar uchun kuzatuv vositasimi?

Foto: Getty Images

Telegram asoschisi Pavel Durovning ta’kidlashicha, WhatsApp messenjeridagi xavfsizlik muammosi tufayli hakerlar foydalanuvchi telefonidagi shaxsiy ma’lumotlariga to‘liq kirishi mumkin.

«Hakerlar smartfondagi ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun, telefonga «zararli» video yuborishi yoki WhatsApp orqali ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga videoqo‘ng‘iroq qilishlari kerak bo‘ladi. Messenjyer xavfsizlik tizimidagi muammolar 2017, 2018, 2019 va 2020 yillarda ham kuzatilgan, 2016 yilgacha esa WhatsApp’da ma’lumotlarni shifrlash umuman bo‘lmagan», dedi u.

Durov WhatsApp’ning yangilangan so‘nggi versiyasi ham to‘liq xavfsiz emasligiga ishora qilib, 2020 yilda milliarder Jyeff Bezosning smartfoniga messenjer orqali qilingan hakerlik hujumlarini eslatib o‘tdi. 

Yevropa Ittifoqi uchun yagona standart

Foto: Depositphotos

Yevropa parlamenti 2024 yilgacha barcha mobil telefon, planshet, kameralar uchun yagona quvvatlash porti joriy etish uchun ovoz berdi.

Qayd etilishicha, Android qurilmalari tomonidan ishlatiladigan USB Type–C YeI standartiga aylantiriladi.

Yevropalik mijozlarga yirik elektronika yetkazib beruvchilar orasida Apple eng og‘ir zarbaga duchor bo‘lishi kutilmoqda. Kompaniya ilgari ham bu taklif innovatsiyalarga zarar yetkazishi va isrofgarchilik keltirib chiqarishi haqida ogohlantirish bilan chiqqandi.

CCS Insight bosh tahlilchisi Ben Vudning ta’kidlashicha, mazkur qaror 2023 yil chiqadigan iPhone 15 smartfoni USB-C portiga ega bo‘lishini muqarrar qilib qo‘ydi.

Avvalroq, Apple kelajakdagi iPhone modellarini USB-C tirqish bilan jihozlashni rejalashtirayotgani haqidagi xabarlar tarqalgandi.

Yevropa parlamentida yagona quvvatlagichga o‘tish haqidagi qaror 602 kishi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va atigi 13 kishi qarshi ovoz bergan.

Yevrokomissiya hisob-kitobiga ko‘ra, bu iste’molchilarga yiliga 250 million yevro tejash imkonini beradi.

Toyota’ning Rossiyadagi zavodi Qozog‘istonga ko‘chishi mumkin

Foto: Toyota

Qozog‘istondagi avtomobil ishlab chiqaruvchilar mamlakatda Toyota kompaniyasining yig‘uv zavodini ochish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Qozog‘iston sanoat va infratuzilmaviy rivojlanish vaziri Kairbek Uskenbayev ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, 23 sentabrdan Toyota korporatsiyasi Sankt-Peterburgdagi zavodida avtomobil ishlab chiqarishni to‘xtatganini rasman e’lon qilgandi. Bundan tashqari, Mazda kompaniyasi ham Rossiyada avtomobil ishlab chiqarishni butunlay to‘xtatish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini bildirgan.

«Elektron shifokor»

Foto: WHO

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Qatar davlatida bo‘lib o‘tgan xalqaro sammitda sun’iy intellekt asosida ishlovchi ko‘p funksiyali tibbiy platforma taqdimotini o‘tkazdi.

«Florans 2.0» deb nomlangan ushbu innovatsion tizim elektron shifokor vazifasini o‘tab, odamlarga stressdan chiqish, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik, tamaki va elektron sigareta chekishni tashlash, COVID-19’ga qarshi kurash va vaksinalardan samarali foydalanish kabi masalalar yuzasidan yetti tilda tibbiy maslahatlar bera oladi.

Xalqaro mutaxassislar fikricha, kelgusida bu kabi elektron platformalarning yanada takomillashgan versiyalari ishlab chiqilishi va ulardan elektron tibbiyotda keng foydalanilishi ko‘plab xavfli kasalliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Robot «bog‘bon»

Foto: east-fruit.com

Agro Food Robotics’ning Next Fruit 4.0 loyihasi amalga oshirilishi tufayli bog‘bonlar bir vaqtning o‘zida ham yig‘im-terim, ham begona o‘tlarni tozalash va ham ko‘chatlarni butashga qodir robotga ega bo‘lishlari mumkin. Bir vaqtda bir nechta operatsiyalarni bajarish uchun novdalarni ushlash va ularni kesishga moslangan qaychi ishlab chiqilgan. Kompyuterlashtirilgan ko‘rish texnologiyasi yordamida robot kerakli meva va shoxlarni tanlash uchun videokamera tasvirlarini tahlil qiladi.  

Yig‘im-terim mahali robot mustaqil ravishda pishgan mevalarni topish, ularni shoxlardan olish va idishlarga solish imkoniyatiga ega.

Fruit 4.0 loyihasini amalga oshirish 2024 yilga qadar yakunlanishi kerak. Bu vaqtga borib ishlanma mualliflari mevalarni uza oladigan va daraxt butashni uddalaydigan ko‘p funksiyali «qo‘l» yaratish muammosini hal etishga muvaffaq bo‘lishi kutilmoqda.

Twitter’dagi yangi funksiya

Foto: Getty Images

Twitter Android va iOS’da matn, fotosuratlar, videolar va GIF’larni bitta tvitda birlashtirish imkonini beruvchi yangi funksiyani taqdim etdi.

«Ushbu funksiya butun dunyo bo‘ylab Android va iOS telefonlari uchun amal qiladi va aralash media tvitlarini ko‘rish imkoniyati paydo bo‘ladi», — deyiladi kompaniya xabarida.

Avvalroq, Twitter Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyadagi Blue obunachilariga o‘z tvitlarini tahrirlash imkoniyatini berishni boshlagani va tvitlarga ctatus nishonlarini biriktirish imkoniyatini sinab ko‘rayotgani xabar qilingandi. 

Xiaomi'ning  200 megapikselli smartfoni

Foto: gizmochina.com

Xiaomi kompaniyasi 12T va 12T Pro smartfonlari taqdimotini o‘tkazdi.

Har ikki qurilma 6,67 dyuymli OLED-displeylar bilan jihozlangan, shuningdek, ekranosti barmoq izlari skaneriga ega.

Xiaomi 12T 108 megapikselli asosiy kamera, 8 megapikselli keng burchakli modul hamda 2 megapikselli makrokamera bilan jihozlangan. O‘z navbatida, 12T Pro’ning asosiy kamerasi 200 megapikselga teng. Smartfonlarning old kamerasi 20 megapikselni tashkil etadi.

Xiaomi 12T’ga MediaTek Dimensity 8100 Ultra, Xiaomi 12T Pro’ga esa Snapdragon 8 Plus Gen1 protsessori o‘rnatilgan. Qurilmalarning akkumulyator sig‘imi 5000 mAs. 

Modellar Android 12 operatsion tizimida, MIUI 13 qobig‘ida ishlaydi.

Xiaomi 12T’ning 8/128 GB xotirali modeli narxi 600 yevrodan boshlanadi. Xuddi shunday xotiraga ega Xiaomi 12T Pro narxi 750 dollarga teng.

Mavzuga oid