O‘zbekiston | 12:49 / 13.10.2022
7771
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston harbiylari Britaniyada o‘tkazilgan xalqaro musobaqada ikkinchi o‘rinni egalladi

O‘zbekiston harbiylari «Kembriya patruli» xalqaro musobaqasida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Foto: Mudofaa vazirligi

4-12 oktabr kunlari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida o‘tkazilgan razvedka va maxsus bo‘linmalar «Kembriya patruli» xalqaro musobaqasida dunyoning 24 davlatidan 144 jamoa ishtirok etdi.

Musobaqadagi yo‘nalish 90 km masofadagi turli darajadagi murakkab shartlardan iborat bo‘lib, har 8-10 kmda bir nechta jangovar topshiriqlar bajarildi.

Ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish vositalaridan foydalangan holda 3 km masofadagi zararlangan hududdan o‘tish, joyni razvedka qilish va tog‘ daryosini kesib o‘tish, yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, jarohatlanganlarni turli yo‘llar bilan evakuatsiya qilish, mina to‘sig‘idan yakka va guruh tarkibida o‘tish, dushman obektiga bosqin uyushtirish, garovga olinganlarni ozod qilish va harbiy asirlarni so‘roq qilish kabi shartlarda harbiy xizmatchilar o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.

Jamoalarga 8 ta kutilmagan «test syurpriz» topshiriqlari ham berildi. Unga ko‘ra, xorijiy davlatlar qurollari va harbiy texnikasi turlarini aniqlash, simulyatsiya va aloqa uskunalari yordamida artilleriya olovini yo‘naltirish, harbiy topografiya me’yorlarni bajarish, Jyeneva konvensiyasi bo‘yicha test topshirish, razvedka bo‘yicha hisobotlarni tayyorlash va tuzish, aloqa tayyorgarligi bo‘yicha me’yorlarni ado etish, bajarilgan tadbirlar bo‘yicha va keyingi topshiriqlar ijrosiga shaylik bo‘yicha bildiruv berish jarayonlari ham qizg‘in kechdi.

Musobaqa natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni mezbon davlat – Buyuk Britaniya jamoasi, ikkinchi o‘rinni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Pokiston jamoasiga nasib qildi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi mazkur nufuzli musobaqaning 2019 yilgi bahslarida 1-o‘rinni, 2020–2021 yillarda esa 2-o‘rinni egallagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid