O‘zbekiston | 15:07 / 14.10.2022
33060
5 daqiqa o‘qiladi

Nostandart va “tramplin” beton to‘siqlar: Ular qurilish me’yorlariga mosmi?

Yo‘llarni ajratib turuvchi to‘siqlar harakat xavfsizligini ta’minlash jarayonida muhim ahamiyatga ega. Biroq bugungi kunda ko‘chalarimizga o‘rnatilgan va o‘rnatilayotgan beton to‘siqlar haqida bunday deb bo‘lmaydi. Qiya shaklda quyilgan to‘siqlarga katta tezlikda kelib urilgan transport vositalari yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketayotgani, bu esa insonlar o‘limini orttirayotgani jamoatchilik o‘rtasida muhokamalarni keltirib chiqarmoqda.

Poytaxt ko‘chalaridagi yangilangan beton to‘siqlar qurilish me’yorlariga javob beradimi? Oldingilari hozirgilaridan ko‘ra xavfsizroqmidi? Yangilari internet foydalanuvchilari aytayotganidek qotil “bordyur”larmi? Kun.uz ijtimoiy tarmoqlarda shu mavzuni ko‘tarib chiqqan faollarning fikrlari bilan qiziqdi.

Shavkat Hasan, bloger. Foto: Kun.uz

“Har kuni Chirchiqdan Maxtumquli ko‘chasi orqali qatnayman, 9 oktyabrdagi “avariya”gacha shu ko‘chadan kelardim. Nimaga? Chunki o‘zi yo‘l uzun bo‘lmasa ham, “probka” kam bo‘lgani uchun ishxonaga tezroq yetib olardim.

Lekin mash’um avtohalokatdan keyin o‘sha ko‘chadan yurishga qo‘rqib qoldim. Yurganda ham o‘zim bilmagan holda, refleks holatida ikkinchi yoki uchinchi qatordan – uzoqroqdan yuraman. Baribir ham miyada qolib ketdi-da bu narsa. Hozir Chirchiq orqali kelyapman”, – deydi bloger Shavkat Hasan.

Bloger tirbandliklarga to‘la bo‘lsa-da, Chirchiq-Toshkent yo‘lidagi bordyurlar balandroq hamda nisbatan xavfsizroq deb hisoblagani uchun so‘nggi kunlarda shu yo‘nalishda ishdan uyga, uydan ishga qatnayotganini aytadi.

 “Agar bordyurlar insonlarning o‘limiga olib kelayotgan bo‘lsa, bu yerda nimadir noto‘g‘ri. Buning oldini olish kerak”, - deydi u.

Maxtumquli ko‘chasidagi avtohalokat “bordyur”lar bilan bog‘liq birinchi yo‘l-transport hodisasi emas. Ungacha ham beton to‘siqlar “tramplin” vazifasini bajarib, baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lgan. Bu shakldagi “bordyur”lar nafaqat Maxtumquli ko‘chasida, balki shaharning bir nechta ko‘chalarida ham bor. Demak, xavf-xatar poytaxtning boshqa hududlarida ham yo‘q emas.

Bloger Umid G‘afurov ham 9 oktyabrda yuz bergan, insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan avtohalokatdan ta’sirlanganini aytadi. O‘zi ham Maxtumquli ko‘chasida istiqomat qiluvchi bloger fojiadan so‘ng poytaxt ko‘chalaridagi beton to‘siqlarning xalqaro standartlar va tavsiyalarga qanchalik muvofiqligi bo‘yicha o‘rganish olib borgan.

Umid G‘afurov, bloger. Foto: Kun.uz

“YTH ro‘y bersa odatda haydovchilarni ayblaymiz. Kimdir “Mashinani o‘pkasini bosolmay haydagani uchun shu ish bo‘ldi” deb yozishlari mumkin izohlarda. Lekin yo‘lda har xil holat bo‘lishi mumkin. Haydovchi rulda ketayotib infarkt bo‘lishi, yuragi to‘xtab qolishi mumkin. Shunda mashinani boshqarolmay qoladi. Aynan shunday paytlarda yo‘llardagi “bordyur”larning vazifasi xavfsizlik nuqtayi nazaridan shu mashinani qarama-qarshi tarafga o‘tkazib yubormaslik”, deydi Umid G‘afurov.

Blogerga ko‘ra, poytaxt ko‘chalaridagi beton to‘siqlarning shakli 45 daraja qiyalikda bo‘lib, bunday beton to‘siqlarning aksariyati bir necha yillar oldin yo‘llarda qatnovni ajratib turish uchun o‘rnatilgan temir panjaralarning poydevori hisoblanadi. Keyinchalik panjaralar olib tashlandi, ammo “bordyur”lar yangilanmadi.

Poytaxtning ayrim ko‘chalarida panjarali bordyurlar saqlanib qolgan. Foto: Kun.uz

Umid G‘afurov soliqlar hisobidan o‘rnatilib, ma’lum vaqtdan keyin olib tashlangan panjaralar kimning tashabbusi bilan va nima maqsadda joriy etilgani, keyinchalik nega bekor bo‘lgani, agar bu tashabbus o‘zini oqlamagan bo‘lsa shu taklif bilan chiqqanlar javobgarlikka tortilgan yoki tortilmagani bo‘yicha jamoatchilikka hech qanday axborot berilmaganini ta’kidladi.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, poytaxt ko‘chalaridagi beton to‘siqlar shaklan bir-birini takrorlamaydi. Bir ko‘chadagi bordyurlarning hajmi, shakli boshqa ko‘chadagiga mos kelmaydi. Misol uchun, Toshkentning 5 km radiusdagi ko‘chalarida kezib, 5 xil geometrik shakl va o‘lchamga ega turli beton to‘siqlar o‘rnatilganiga guvoh bo‘ldik. Ularning qaysilari amaldagi me’yorlarga javob beradi, qaysilari esa nostandart, bunga mutasaddilar oydinlik kiritadi degan umiddamiz.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Mavzuga oid