O‘zbekiston | 12:54 / 14.10.2022
4056
3 daqiqa o‘qiladi

YuNICeF qizlar imkoniyatini kengaytirish loyihalariga investitsiyani ko‘paytirishga chaqirdi

Xalqaro qizlar kuni 10 yilligi munosabati bilan Birlashgan millatlar tashkiloti Bolalar jamg‘armasi (YuNICeF) ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali qizlar yetakchilik rollari va imkoniyatlarini kengaytirishga investitsiyalarni ko‘paytirish yuzasidan murojaat bilan chiqdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Markaziy Osiyoda avloddan avlodga o‘tib kelayotgan salbiy me’yorlar va gender stereotiplari tufayli qizlar STEM va axborot texnologiyalari (AT) sohalarida o‘qishda kam ishtirok etyapti.

- STEM sohasida gender tafovutini kamaytirish va qizlar yetakchiligi hamda imkoniyatlarini kengaytirishga sarmoya kiritish juda muhim, - dedi YuNICeF O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. - Raqamli texnologiyalar bilan qamrab olishdagi tafovutni qisqartirish qizlar uchun imkoniyatlarni kengaytiradi. Ular raqamli iqtisodiyotda ishtirok etish, moliyaviy savodxonlikni va o‘zini o‘zi ta’minlashni yaxshilash uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni o‘rganadilar. Bu kelajakda inson kapitalini oshiradi hamda O‘zbekiston rivojlanishiga hissa qo‘shadi.

O‘zbekistonda bandlik, ta’lim yoki professional o‘qitish bilan qamrab olinmagan (NEET) insonlar orasida qizlar va yosh ayollar ko‘pchilikni tashkil etib, bu ularni ijtimoiy chetlanishga ko‘proq moyil qiladi. Majburiy o‘rta ta’limni tugatgandan so‘ng, 19-24 yoshdagi aholi 56 foizi NEET hisoblanadi. Yosh ayollar uchun NEET darajasi ular 18 yoshga to‘lgandan keyin va majburiy o‘rta ta’limni tamomlaganlaridan keyin tez o‘sadi. 

Bundan tashqari, qizlar va o‘g‘il bolalar o‘rtasida kompyuter savodxonligi, internetga kirish va undan foydalanish bo‘yicha sezilarli farqlar saqlanib qolmoqda. Yoshlar o‘rtasida internetdan foydalanmaslik asosiy sabablari aloqa yomonligi, o‘z aloqa vositalariga ega bo‘lmaslik, internet narxi yuqoriligidir. Qizlar va yosh ayollar uchun ijtimoiy stigma tufayli internetga kirish ham qiyin. Ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika sohalarida yosh ayollar kam ekani ular ishga joylashish imkoniyatlarini kamaytiradi.

Nogironligi bo‘lgan qizlar ta’lim olmaslik xavfi ostida va raqamli platformalardan xavfsiz ravishda foydalanish uchun minimal raqamli savodxonlikka ega emas, kelajakda ta’lim olish va ishga joylashish imkoniyatlaridan cheklangan. Nogironligi bo‘lgan yoshlar orasida NEET darajasi 77 foizni, o‘ta og‘ir nogironlar orasida esa 91 foizni tashkil etadi.

Mavzuga oid